Bugun Superligada 25-tur bahslari o‘tkaziladi. Bu safar barcha – 7 ta juftlik bir vaqtda bo‘lmasa-da, shu bugunning o‘zida o‘z o‘yinlarini o‘tkazadilar. Uchrashuvlarning boshlanishi soat 14:00 dan 18:30 ga qadar. Chempionat deyarli poyoniga yetib qoldi. Faqat hammani qiziqtirayotgan masala bu joriy yilgi O‘zbekiston chempionligi kimga nasib qilishidir.
Shuning uchun ko‘pchilik mutaxassislar bu yilgi birinchiligimizni oldingilariga qaraganda ancha boshqacha, intrigaga boy o‘tayotgani xususida gapirishmoqda. Yodimizda, avvallari bir necha tur oldin chempion jamoa nomi aniq bo‘lib ulgurardi. Bu esa o‘z-o‘zidan chempionatga bo‘lgan qiziqishni haminqadar pasaytirib yuborardi. Bu safar hammasi boshqacha. Hali chempion nomi noma’lum. Bu yo‘lda uchta klub jon-jahdi bilan kurashyapti. Da’vogarlarni bilasiz: “Nasaf”, “Paxtakor” va “Navbahor”. Ochkolari 49, 48 va 47 ta.
Yaqinda “Nasaf” klubi O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi. Ammo o‘yindan keyingi matbuot anjumanida g‘olib bo‘lgan bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev Superligadagi chempionlik asosiysi ekanini aytib, bor e’tibori shunga qaratilganini ham qo‘shimcha qilib o‘tgandi. Har yili sovrinli o‘rinlar uchun kurashib keladigan “Ajdarlar” bu yil har qachongidan ko‘ra chempionlikka juda yaqin kelib qoldilar. Ular O‘zbekiston chempionatida yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
Faqatgina oltin medal – chempionlik yetishmay kelmoqda. Lekin endi hammasi boshqacha. Chunki chempionlik taqdiri “Nasaf”ning o‘z qo‘lida qolgan. Oldinda esa ikkita o‘yin turibdi. Bugun Qarshida “Neftchi” bilan o‘ynasa, 12 noyabr kuni Toshkentda “Olimpik” mehmoni bo‘ladi. Ko‘pchilik “Nasaf” uchun chempionat so‘nggi turida “Olimpik”ka qarshi bahs juda murakkab kechishini va ta’bir joiz bo‘lsa, raqobatchilari ham ularning o‘sha yerda qoqilishini kutmoqdalar.
Lekin “Nasaf” bugun chempionlik masalasini hal qilib qo‘yishi mumkin! Chunki futbolda hamma narsa bo‘lishi tabiiy. Oltin medallar uchun boshqa da’vogarlar – “Paxtakor” o‘z uyida “Qizilqum”ni qabul qiladi, “Navbahor” Bekobodda “Metallurg”ga qarshi maydonga tushadi. Agar bugun “Paxtakor” bilan “Navbahor” durang qayd etib, “Nasaf” yutadigan bo‘lsa ham qarshiliklarni chempionlik bilan tabriklasak bo‘laveradi. Chunki oxirgi turda ochkolar tenglashgan taqdirda ham “Nasaf”ning “Paxtakor” bilan o‘zaro uchrashuvlardagi natijasi ijobiy.
Qarshiliklarning turnir jadvalidagi ko‘rsatkichlari ham yaxshi holatda. Jamoa faqat bir marta yutqazgan. Yodingizda bo‘lsa, 14-turda “Nasaf” o‘z maydonida “Navbahor”ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Lekin o‘sha mag‘lubiyat ham qarshiliklarni chempionlik yo‘lidagi kurashda aslo to‘xtata olmayapti.
Albatta, hozirgi hayajonli paytlar yaqinlashayotgani sayin “Nasaf” bosim ostida qolyapti. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Garchi buni jamoa a’zolari tan olgisi kelmasa-da, baribir azaliy orzusi – chempionlik yo‘lida bosim bo‘lishi tabiiy. Boz ustiga raqobatchilari izma-iz ta’qib etib kelmoqda. Oxirgi natijalarga qarasak, “Nasaf” raqiblarini asosan bitta to‘p farqi bilan yutib kelmoqda. 1:0 yoki 2:1, bo‘lmasa durang! Oxirgi marta 10 sentyabr kuni “Surxon” darvozasiga javobsiz 2 ta gol urgan. Biz nima demoqchimiz? Hozir shunday paytki, “Nasaf”ga endi chiroyli o‘yinning u qadar ahamiyati qolmadi.
Hamma gap natijada. Chunki chempionlikka yaqin kelgani sari natijaning qiymati juda qadrli bo‘lib boraveradi. Agar ming chiroyli o‘ynasangiz-u, biroq natija bo‘lmasa bu “Nasaf” uchun qanday foyda? Shu sababli Berdiyev va uning jamoasi uchun natija eng ustivor vazifaga aylangan. Buni o‘tgan turda Qarshida “Dinamo” bilan bahsda ham ko‘rdik. Superligani tark etib ulgurgan jamoa darvozasiga “Nasaf” ko‘proq gollar ursa kerak, yirik hisob kuzatiladi, deganlar ko‘p bo‘lgandi.
Biroq shu kuni “Ajdarlar” minimal hisob – 1:0 bilan cheklandi. Bu ham yuqoridagi fikrimizga misol bo‘ladi. Chunki ularni to‘g‘ri tushunish mumkin. Hozir xato qilishga haqqi yo‘q. Agar qoqiladigan bo‘lsa, og‘zidagi oshni oldirib qo‘yishi mumkin. Lekin ko‘pchilik bunga ishonmayapti va “Nasaf”ning birinchi chempionligiga erishishiga ishonishyapti.
Qiziq, aynan bugun chempionlikni tantana qilishlari ham mumkin yoki uzog‘i bilan 12 noyabr kuni! Oxirgi turgacha biror-bir kutilmagan natijalar qayd etilmasa, “Nasaf” bayramga tayyorlanaversin...
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi