13:00 / 15.11.2022
1 118

O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi kim yoxud kuchlilar haqida gap ketganda...

O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi kim yoxud kuchlilar haqida gap ketganda...
2022 yilgi chempionat tugab, jamoalar tanaffusga chiqib ketdilar. Bunday paytda sarhisob qilish odatiy holga aylanadi. Kimning qanday ishtirok etgani, nima karomat ko‘rsatgani e’tiborga olinadi.

Shu jumladan, natija uchun asosiy javobgar bo‘lgan bosh murabbiylar borasida ham yakuniy xulosalar yuzaga chiqadi. Ayniqsa, o‘zini ko‘rsata olgan eng yaxshi murabbiylar doimo e’tiborda va muhokamada bo‘ladilar. Joriy yilgisi ham bundan mustasno emas.

Maksim Shatskix – “Paxtakor” bosh murabbiyi

Maks “Paxtakor” klubida mavsum boshidan ishlagani yo‘q. Asosan chempionat o‘rtalarida keldi. Avvaliga sport direktori bo‘lib qisqa fursat ko‘rinish berdi. Keyin kutilganidek bosh murabbiy lavozimini egalladi. Rosti, Shatskix ish boshlaganidan so‘ng ham “Paxtakor”ning chempionligiga ishonmaganlar ko‘proq edi. Negaki, “Sherlar” o‘ta kuchli sifatida ko‘zga tashlanmayotganini e’tirof etayotganlar anchagina edi. Ustiga-ustak Maksim Aleksandrovichning jamoadagi murabbiylik faoliyati silliq boshlanmadi. Orada qoqilishlar bo‘ldi,

O‘zbekiston Kubogi chorak finalida kurashni to‘xtatdi. Natijada bor e’tiborni chempionlikka qaratdi. Bu kurashda ham “Paxtakor”ning imkoniyati o‘rtacha baholanayotgandi. Lekin “Nasaf”ning kutilmagan qoqilishidan Shatskix unumli foydalanib qoldi. Muhim pallalarda kerakli g‘alabalarni qo‘lga kirita oldilar. Shunday qilib, Maksim klubdagi debyut mavsumidayoq chempionlikka erishib, murabbiy sifatida oldinga katta qadam tashlay oldi. Bu uning bosh murabbiylik faoliyatida ham dastlabki sovriniga aylandi.

Samvel Babayan – “Navbahor” bosh murabbiyi

Tan olish kerak, Babayan va “Navbahor” chempionatdagi intrigani ancha qizdirib berdi. U tarkibni ham zo‘r tuzdi. Maqsad ham katta edi. Albatta, mana shunday kuchli tarkib bilan nimadir yutishi ham shart edi, aslida. Buni Samvel Vyacheslavovich yaxshi bilib turgandi. O‘zbekiston Kubogi finaligacha yetaklay oldi. Biroq Buxorodagi hal qiluvchi o‘yinda uning jamoasidan omad yuz o‘girdi. Chempionatda ham oltin medal uchun oxirigacha kurash olib bordi. Buning uchun “Navbahor”da imkoniyat saqlanib turdi. Yakunda Babayan ilk bor “Navbahor”ga kumush medalni taqdim eta oldi. Hali klub tarixida bunaqasi bo‘lgan emas.

Qolaversa, bir necha tur oldin 4-o‘rindan tushib ketmasligi oydinlashgach, Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasi ham qo‘lga kiritildi. Babayan bu yil “Navbahor”da mustaqil ravishda bosh murabbiy sifatida ishlab, “Navbahor”ni Kubok finaliga olib chiqdi, chempionatda 2-o‘rinni egalladi va Osiyo Chempionlar ligasiga “chipta”ni qo‘lga kiritdi. E’tibor bersak, namanganlik muxlislarning uzoq yillardan beri xohlayotgan maqsadlari amalga oshdi. Babayanning natijalari ijobiy baholanmoqda. Darvoqe, u ikki marta O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi bo‘lgan.

Ro‘ziqul Berdiyev – “Nasaf” bosh murabbiyi

Berdiyevda hali bu yildagichalik ajoyib imkoniyat bo‘lmagan bo‘lsa kerak-a? Avvaliga jamoasini Osiyo Chempionlar ligasida guruh bosqichidan olib chiqdi. Keyin O‘zbekiston Kubogini yana bir bor qo‘lga kiritdi. Keyingi, asosiy vazifa chempionlik edi. Bu borada ham “Nasaf”da hammasi yaxshi edi, imkoniyat klubning o‘z qo‘lida turgandi. Ikkita tur qolganida qarshiliklar qandaydir tushunarsiz ravishda qoqilishdi. O‘z uyida “Neftchi”ga, keyin safarda “Olimpik”ka mag‘lub bo‘lib, chempionlikni qo‘ldan chiqarib yubordi.

Oxiri ikkinchi o‘rindan ham quruq qolib, uchinchi pog‘onaga joylashdi. Agar ilk bor chempionlikni qo‘lga kiritganida bormi, Berdiyev so‘zsiz O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi murabbiyi bo‘lishiga shubha qolmasdi. Hozir ham bu masalada unda imkoniyat bor. Bungacha bir necha bor O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi bo‘lib kelmoqda. Baribir umumiy ma’noda olib qaralganda, “Nasaf” Kubokni yutdi va bronzaga sazovor bo‘ldi, chakki emas. Shu bilan birga bosh murabbiy yangi yoshlarni kashf qilishda davom etyapti.

Timur Kapadze – “Olimpik” klubi bosh murabbiyi

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi negizida tashkil qilingan “Olimpik” klubining Superligadagi debyut ishtiroki juda yaxshi chiqdi. Kapadze yosh futbolchilar bilan ilk urinishda 6-o‘rinni band qila oldi. Rosti, undan va uning jamoasidan bunday natijani ko‘pchilik kutmagandi. “Olimpik” raqiblariga shunchalik bosh og‘rig‘i bo‘lishdiki, qisqa fursat ichida o‘z o‘rniga va o‘yin uslubiga ega bo‘ldi. Shuningdek, Kapadze O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida finalgacha yetib borganini ham bilasiz. Bularning barchasi bejiz emas. Timur Kapadzeda murabbiylik borasida katta salohiyat borligi ayon.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi kim yoxud kuchlilar haqida gap ketganda...