
Bu yil yurtimizda ilk bor murabbiylik qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan ispaniyalik Anxel Lopesni muxlislar eslab qolishdi, deb o‘ylaymiz. Birinchi marta shu yilning fevral oyida “Surxon” klubiga kelgan va bosh murabbiy sifatida ishga kirishgan mutaxassis chempionat yarmidan keyin o‘zi istamagan holda iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi.
To‘g‘ri, ispaniyalik murabbiyning jamoadagi natijalari unchalik o‘xshamadi. Xohlaysizmi-yo‘qmi, har qanday murabbiyning ishi natija orqali ko‘rinadi. Biroq Lopes o‘zi tuzmagan jamoa bilan ishga kirishib, ayniqsa taktik uslublarining o‘zgachaligi bilan murabbiy sifatida nimadir borligini ko‘rsatib keta oldi.
Agar hammasini boshidan o‘ziga bajarish imkoniyati yaratib berilsa, uning jamoasi qanday ko‘rinishga kelishini tasavvur qilish qiyin emas. Unga ham yurtimizda ishlash yoqib qolganini murabbiy bir necha bor o‘z intervyularida ham ta’kidlagani yodimizda turibdi. “Surxon”dan ketganidan keyin Lopes hozircha biror klubni qabul qilib olgani yo‘q. Sports.uz jurnalisti ispaniyalik mutaxassis bilan bog‘landi.
- Janob Lopes, ayni paytda vaqtingizni qanday o‘tkazyapsiz?
- Hozirda dunyo bo‘ylab sayohat qilyapman. Yangi uslublarni ko‘zdan kechiryapman, futbol mashg‘ulotlaridagi yangi metodlarni ko‘ryapman. Hozircha, Italiya, Ispaniya, Angliya va Gretsiyada bo‘ldim va top-klublarning o‘yin uslublarini tahlil qilib chiqyapman.
- O‘zbekistonga qaytib ishlash niyatingiz bormi?
- Albatta, menga yana O‘zbekistonda ishlash imkoniyati berilsa juda yoqqan bo‘lardi. Bu yerdagi futbol darajasi juda ham yuqori. To‘laqonli aminmanki, ushbu davlat futboli uchun nimadir ko‘rsata olaman, qandaydir yangilik olib kira olaman.
- Sir bo‘lmasa, yurtimizdan xizmatingizga takliflar bo‘lyaptimi?
- Hozirgacha O‘zbekistondan birorta jiddiy taklif olmadim.
- Jahon chempionatini kuzatib borayotgandirsiz. Siz uchun favorit kim va qaysi jamoalarning o‘yini sizga manzur kelyapti?
- Mening eng sevimli jamoam, albatta ma’lumki, bu Ispaniya. Lekin Osiyo va Afrika termalarining juda yaxshi o‘yin ko‘rsatayotganliklari yaxshi jihatdan syurpriz bo‘lyapti. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rib kelgani ko‘rinyapti. Dunyoning boshqa jamoalariga qarshi o‘zlarini ajoyib ko‘rsata olishyapti. Shu paytgacha 7 ta davlat jamoalarini boshqarishga muvaffaq bo‘lganman. Yevropadan tashqarida ham futbol rivojlanayotganini ko‘rishdan xalqaro murabbiy sifatida juda xursandman.
- Yurtimizdan ketgach, sobiq klubingiz – “Surxon”ni kuzatdingizmi?
- “Surxon”ga eng yaxshi tilaklarimni tilab qolaman. Umid qilamanki, ular 2023 yil uchun kuchli loyiha tuza olishadi. Ushbu klubda ishlash men uchun juda yaxshi tajriba bo‘ldi. “Surxon” oilasiga o‘zimning katta minnatdorchiligimni bildirib qolaman.
Shuhratbek Jo‘rayev.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar