Rossiyalik taniqli murabbiy Sergey Yuran atrofida tarqalayotgan xabarlar ko‘pchilikka qiziq tuyulayotgani shubhasiz. Shuning uchun bu vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganlar talaygina. Unga O‘zbekiston klublaridan taklif bo‘lgani hech kimni bee’tibor qoldirmagan bo‘lsa kerak-a?
Bu masalada Sports.uz jurnalisti Yuran bilan bog‘lanib alohida intervyu ham tashkil etdi. Biroq murabbiy klublar nomini oshkor qilgisi kelmayapti. O‘z navbatida rossiyalik jurnalistlarning ham bu mavzuga qiziqishlari kuchli bo‘lib turibdi. Taniqli nashr – “Sport-Ekspress” ham Yuranning O‘zbekistonda ishlashi borasida xabarlar chop etyapti. Bungacha, uning “Andijon”da ish boshlashi mumkinligi xususida mish-mishlar chiqqan, ushbu nashr jurnalisti “Andijon” matbuot xizmati bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritgandi va bu xabar rad etilgan.
Aftidan, “Sport-Ekspress” bu bilan yengil tin olmoqchi emasga o‘xshaydi. Yuranga aynan qaysi o‘zbek jamoalari qiziqish bildirayotganini va qaysi klubda ish boshlashi mumkinligi ularni juda qiziqtirib qo‘ygan, chog‘i. Negaki, rus hamkasblarimizning mazkur masala bo‘yicha surishtiruvlari davom etayotganga o‘xshaydi.
“Sport-Ekspress” jurnalisti bilan kuni kecha suhbatlashganimizda ular Sergey Yuran bilan bog‘liq tafsilotlarning yangi jarayonini aytdi. Aniqrog‘i, murabbiy Sports.uz'ga ham, “Sport-Ekspress”ga ham bergan intervyusida O‘zbekiston klublaridan taklif borligini, biroq nomlarni ayta olmasligini bildirgandi. Bu esa yuqorida aytganimizdek, rossiyalik hamkasblarimizda ham qiziqishni yanada uyg‘otgan. Shu sababli nashr jurnalistidan yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
Gap shundaki, u "Ximki" klubining sobiq ustozi - Yuranga qiziqayotgan O‘zbekistonning ikkita klubi – “So‘g‘diyona” bilan “Qizilqum” klublari bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bizdan aynan shu xususida so‘raganida “So‘g‘diyona” jamoasida mahalliy bosh murabbiy ishlayotganini aytdik. Lekin “Qizilqum”da hozircha bosh murabbiy yo‘qligini ma’lum qildik.
Yaxshi bilasiz, “Qizilqum” jamoasini serbiyalik Nikola Lazarevich boshqardi va mavsum yakunlangach, navoiyliklar bilan xayrlashdi. Hozircha chindan ham “Qizilqum”da rasman bosh murabbiy yo‘q. Bungacha Asror Aliqulov nomzodi borligi haqida eshitdik. Ammo hozircha klub tomonidan biror-bir mutaxassis rasman bosh murabbiy sifatida tanishtirilgani yo‘q.
“So‘g‘diyona”dagi vaziyatni bilasiz, chempionat tugashiga ikki tur qolganida Yorqin Nazarov bosh murabbiy sifatida ish boshladi va uning shartnomasi 2023 yilning oxirigacha mo‘ljallangan. U yangi mavsum rejasi bilan mashg‘ul, hozirda. Shu bois bu variant haqiqatdan yiroq, bizningcha (yana kim biladi, deysiz!). Lekin “Qizilqum” masalasida bir nima deyish mushkul. Balki rahbariyat chindan ham Yuran bilan bog‘langandir, bunisi bizga qorong‘u. Ammo rossiyalik hamkasblarimiz shu ma’lumotni qayerdandir olishibdi. Qolaversa, Yuranga yurtimizda ishlash nasib qiladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Balki Sergey Nikolayevichga qiziqayotgan klub boshqadir?! Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev.
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi