09:10 / 17.12.2022
1 263

«Daraja borasida Nurmagomedovdan ustunman». Saidyoqub Qahramonov UFC'dagi 3-jangi oldidan intervyu berdi

«Daraja borasida Nurmagomedovdan ustunman». Saidyoqub Qahramonov UFC'dagi 3-jangi oldidan intervyu berdi
O‘ta yengil toifasida UFC jangchisi Saidyoqub Qahramonov (10-2) O‘zbekiston vaqti bilan 18 dekabr tongi bo‘lib o‘tadigan jang oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbekistonlik yakkakurashchi UFC Vegas 66 musobaqasida rossiyalik Said Nurmagomedovga (16-2) qarshi jang qiladi.

UFC'ga kirib kelishi haqida
Sportchilar oilasidan chiqqanman, Samarqandda men uchun faqat sport bor edi. Birinchi navbatda maktab, keyin sport edi. Sambodan boshlaganman. 2010 yilda, 13 yoshimda AQSHga kelganman va bu yerda ham sportni davom ettirdim.

Men uchun haqiqiy sport Amerikada boshlangan, chunki bu yerda imkoniyatlar ko‘p edi. Undan uyog‘i katta hikoya, faqat sport. Sportni deb ko‘p narsadan voz kechganman: tug‘ilgan kun, bayram, to‘y, oilaviy marosimlar. Yig‘inlarda bo‘lganim bois oilam bilan ko‘p vaqt birga bo‘lolmasdim. Yilda 2-3 oy oilam bilan birga bo‘lsam, qolgan 7-8 oy faqat yig‘inda bo‘lganman.

Maqsad UFC'ga kelish bo‘lgan. Xudoga shukr, shu darajaga yetib keldim. Bundan keyin yuqori marralar sari intilaman.

UFC shartnomasi borasida
Ayni vaqtdagi shartnomam 4 ta jangga mo‘ljallangan, bunisi uchinchi jang bo‘ladi.

Said Nurmagomedov haqida
Menda unga nisbatan hech qanday agressiya yo‘q. Noto‘g‘ri tushunmang, ular bizni xalqni mehmondo‘st, yuvosh, kamtar deb hisoblaydi. Ammo sportda yuvoshlik ketmaydi. Agar unga biror gapim yoqmagan bo‘lsa, unda shanba kuni alamini olishga yaxshi imkoniyat bor.

Ularga bunday gap qiladigan bo‘lsam, hayron qolishadi, ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketadi. 'Vau, biz o‘zbeklardan bunaqasini kutmagandik', deydi. Men ularga raqib, dushman sifatida qarayman. Chunki unga qarshi jang qilaman, agar u meni urib qo‘ysa, uyga faqat bitta chek bilan qaytaman. U meni nonimni yarimta qiladi. Biroq bunga yo‘l qo‘ymayman.

Raqibga dushman sifatida qarayman va unga nisbatan hech qachon yuvosh bo‘lmayman. Gaplarim unga ta’sir qilgan bo‘lsa, bu uning muammosi. Uni intervyusini ko‘rdim, biroq u meni mutlaqo qiziqtirmaydi. Agar qiziqtirganda, balki unga o‘xshab jahl qilardim.

Jangda tezroq finishga intilishi haqida
Imkon qadar jangni tez tugatishga harakat qilaman. So‘nggi raqib bilan jangni to‘liq davom etganiga keladigan bo‘lsak, u kuchli jangchi edi. Har bir sportchi oktagonda jangni tezroq yakunlashga harakat qiladi. Jangni atayin cho‘zishini aytganlarning gapi esa safsata.

Saidning 'stoyka'siga kelsak, u bir raundlik 'stoyka'. 2–3-raundda u charchab qoladi. So‘nggi jangini olsak, raqibi 37 yoshli qariya edi, 1-raunddan keyin undan battar charchab qoldi. Uning uslubi shunday, oyoqda tepish, aylanib tepish juda katta kuchni olib qo‘yadi.


Bosim yo‘qligi borasida
Birinchi jangimda hayajon kuchli edi, hatto ikkinchisida ham. Birinchi jangni olti kun avval bildim, vazn tashlashga ham ulgurmagandim. Ikkinchi jangda esa qay darajada ekanimni UFC'dagilarga isbotlashim kerak edi. Shu bois ko‘proq teykdaunlarga e’tibor qaratdim. Turib jang qilishda imkoniyatlar 50/50. Kim birinchi qattiq zarbani yo‘llasa, o‘sha yutib ketadi. Shu bois tavakkal qilolmasdim.

Bunisida esa hech qanday bosimni his qilmayapman. Balki bu yaxshidir, balki yomon. O‘zimga shu qadar ishonyapman-ki, bu yigitning darajasi menikidek emas, deya olaman. Maqtanish emas, bu sportcha ishonch deyiladi. Uning 'stoyka'si ham yaxshi deb o‘ylamayman. Chunki uning raqiblariga qarasangiz, yaxshi saviyadagisi bitta va Said unga yutqazgan. Nurmagomedov 30 yoshda va faoliyatining cho‘qqisidan o‘tdi.

Said Nurmagomedov bilan farqi borasida
O‘zini kamtarman deydi, hayotda hammamiz kamtarmiz. Biroq bu sportda kamtarlik ketmaydi. Odamlar bizning 15 daqiqalik jangni ko‘rganda, hayot tashvishlarini esdan chiqarishi kerak, men shunga intilaman.

U 7 ta jang qilgan va hamon prelim kardda yuribdi, chunki UFC uni hurmat qilmaydi. «Agar men 'hech kim' bo‘lsam, nega men bilan jangni qabul qilding? O‘zingdan yuqori turganlar bilan jang qil». Lekin unga reytingi yuqori jangchilarni berishmaydi, buni o‘zi ham biladi. Chunki u tashkilotchilarga qiziq emas, ular muxlislarga bu mahsulotni sotolmaydi. Men esa ikkita jangdan keyin top-15 dagi yakkakurashchi bilan jang qilyapman.

Top-15 likka kirgandan keyingi rejalari haqida
Men 27 yoshga kirdim va 30—32 yoshgacha bu yerda yurishni istamayman. Misol uchun, Shon O‘Melli, Peddi Pimblett — ular yutqazsa ham tashkilotchilar va muxlislar uchun 'yoqimtoy' bo‘lib qolaveradi. Saiddaqalarning esa yutishi va yutqazishi ham ularga qiziq emas. Men ham shunday bo‘lib qolishni xohlamayman. Buning uchun nima kerak, albatta, muxlislar e’tibori.

Sportda ko‘p qolmoqchi emasman, undan keyingi rejalarim bor. Keyingi 2-3 yilda kamarga yetib borsam, yetib boraman ham. Shundan so‘ng bo‘ldi, to‘xtataman.


O‘zbekistonlik MMA vakillari haqida
Men barchasini kuzatib boraman, ular axir hamkasblarim. Biroq so‘nggi vaqtlarda o‘zbek MMA'sida firibgarlik, soxta piar ko‘payib ketgan. Haqiqiy sportchilar kam. Chinakam sportchi natija ko‘rsatishi kerak.

Biznikilarga hozir Instagram'da ko‘proq layk olish, obunachi yig‘ish va reklama sotish qiziq bo‘lib qoldi. Reklamachi jangchilar ko‘payib ketdi. Haqiqiy jangchilar esa kamtariligi tufayli qolib ketyapti. Zo‘r bolalar bor, yaqin 2-3 yilda ko‘payib qolamiz. Buning uchun yaxshi murabbiy bilan ishlash va jangchi mentalitetiga ega bo‘lish kerak. Yuvosh va mehmondo‘st mentalitet bilan bu sportda yutib bo‘lmaydi», — deydi Qahramonov.

Qahramonov va Nurmagomedov o‘rtasidagi jang UFC Vegas 66 prelim kardidan o‘rin olgan. Musobaqa O‘zbekiston vaqti bilan 18 dekabr tongida bo‘lib o‘tadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Daraja borasida Nurmagomedovdan ustunman». Saidyoqub Qahramonov UFC'dagi 3-jangi oldidan intervyu berdi