10:33 / 02.01.2023
1 309

Abduvohid Ne’matov : “Nasaf”da “dux” yo‘q deb bizni ko‘ra olmaydiganlar aytadi” (intervyu)

Abduvohid Ne’matov : “Nasaf”da “dux” yo‘q deb bizni ko‘ra olmaydiganlar aytadi” (intervyu)
Ayni damda Abduvohid Ne’matovning “Nasaf”dan “Bunyodkor”ga ko‘chib o‘tishi haqidagi mish-mishlar urchib ketgani bor gap. Shu bois, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “ajdarlar” posboni bilan suhbatlashdik. U kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashibgina qolmay, ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javob berib o‘tdi.

Hozir, sizni “qaldirg‘ochlar” safiga o‘tishingiz haqida gap-so‘zlar yuribdi. Jamoa siz bilan anchadan beri qiziqib qolgani rost. Hozir bu transfer amalga oshishi mumkinmi?
- Bundan xabarim bor. Uzoqlardan eshitib turibman. Shunga qaramay, oldimizdagi OCHL o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rish haqida o‘ylayapman. Hozir klub bilan ikki yillik shartnomam bor. Shu bois, boshqa jamoaga o‘tish haqida o‘ylaganim yo‘q.

Kelajakdagi rejalar qanday? Sizdan yaqin 5 yil ichida terma jamoa darvozaboni darajasiga ko‘tarilishingizni kutishmoqda?!
- Nasib qilsa, o‘zimni legioner sifatida sinab ko‘rmoqchiman. Bilasiz, O‘zbekistonda legioner maqomida zo‘r karera qilgan darvozabon yo‘q. Asosiy maqsadim hozirda shu. Yaqin yillar ichida top darajaga chiqish uchun mehnat qilaman. Termada asosiy darvozabon bo‘lish yoki bo‘lmaslik yaratganing menga atagani. Asosiysi, harakatdan to‘xtamaslik.

O‘tgan mavsumda “Nasaf”ga chempionlik poygasida nima yetishmadi deb o‘ylaysiz?
- To‘g‘risi, chempionlikni juda istagan edik. Oxirgi o‘yinlarda masalani hal etishimiz kerak edi. Afsus, buni uddalay olmadik. Ko‘plab uydagi bahslarda qimmatli ochkolarni yo‘qotdik. Natijada, eng muhim pallada peshqadamlikni topshirib qo‘ydik.

“Nasaf”da chempionlik ruhi yo‘qligi haqida ko‘pchilik takrorlab kelmoqda. Bunga fikringiz qanday?
- Bu gaplarni “Nasaf”ni ko‘ra olmaydigan insonlargina aytishi mumkin. Bizda “dux” yetarlicha bor. Buni OCHLda ko‘rsatdik. Osiyo maydonlarida oddiy jamoaning o‘zi yo‘q. O‘zbekiston kubogida ham buni isbotladik. Bizni asl darajamizni barcha yaxshi biladi, ammo tan olishni istashmaydi. Shu bois, ko‘ra olmaslikdan deb o‘ylayman.

Ko‘plab futbolchilar Poytaxtda bo‘lish, terma jamoa bosh murabbiyining e’tibor markazida bo‘lish uchun yaxshi tanlov deb hisoblaydi. Bu haqiqatdan ham qulaylik yaratadimi?
- Ha, “Bunyodkor” o‘z tarixiga ega klub. Shunga qaramay, bu haqida hozir fikr bildirmoqchi emasman. Yuqorida aytganimdek, jamoam bilan 2 yillik shartnomam bor.

“Nasaf”ning OCHLdagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Biz qo‘limizdan kelgan barchasini qilamiz. O‘z vaqtida, bizni “Al Sadd”ga yengilib, turnirni tark etadi deyishgan edi. Aslida, yutib bo‘lmaydigan jamoa yo‘q. Murabbiylarimiz bu bahsni yengib chiqish uchun rejalar tuzmoqda. Biz esa, ularning ko‘rsatmasi uchun maydonda “jang” qilishga tayyormiz. Borimizni berishga tayyormiz!

Timur Kapadze olimpiyachilarimiz darvozasini sizga ishonib topshirgan. E’tiborlisi bu sizni ikkinchi urinishingiz bo‘ladi. Aytingchi, solishtirsak qaysi jamoa kuchliroq edi? Kapadzeniki yoki Drulovich jamoasi?
- Darhaqiqat, bu menga berilgan ikkinchi imkoniyat. Endi, uni qo‘ldan chiqarishni istamayman. Timur Kapadze kuchli mutaxassis. Avvalgi jamoadan farqli o‘laroq, bu yerda yigitlar bir musht bo‘lib jipslashishni uddaladi. Barcha futbolchi bir-biriga ishonadi. Parij yo‘llanmasi osonlik bilan qo‘lga kiritilmasligi aniq, biroq bizda imkoniyat yaxshigina bor. Asosiysi, kuchli jamoa bo‘lib shakllandik.

Agar rahbariyat sizni “Bunyodkor”ga o‘tishingiz kerakligini aytsa, buni qanday qabul qilasiz?
- To‘g‘risi, agar voqealar rivoji bunday tus olsa, birinchi navbatda Ro‘ziqul Berdiyev bilan maslahatlashaman. Sababi, bu darajaga kelishimda u insonning xizmati ulkan. Agar murabbiylar shtabi va klub rahbariyati bu transferni ma’qullasa, unda bilmadim. Nima bo‘lishini Vaqt ko‘rsatadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduvohid Ne’matov : “Nasaf”da “dux” yo‘q deb bizni ko‘ra olmaydiganlar aytadi” (intervyu)