17:17 / 21.01.2023
419

“Torino”ga o‘tish Eldor uchun to‘g‘ri qarormi? Uni Turinda nimalar kutmoqda?

“Torino”ga o‘tish Eldor uchun to‘g‘ri qarormi? Uni Turinda nimalar kutmoqda?
Eldorning "Roma"dagi ishlari yurishmayapti. Shu bois, qishki transfer oynasi yopilguniga qadar, boshqa bir klub bilan shartnoma imzolashining ehtimoli yuqori. Biz, "Shoma" bilan qiziqayotgan jamoalarni to‘liq o‘rganib chiqdik. Unga ko‘ra, hamyurtimiz uchun "Roma"dan keyingi klub bo‘lishga har tomondan eng munosibi deb "Torino"ni topdik. Nega deysizmi? Bugun, analitik tahlil orqali buni isbotlab beramiz.

“Torino”ning o‘yin uslubi qanday? Yurich nega aynan Eldorni tanladi?

Ivan Yurich qo‘l ostidagi “buqalar” klassik qarshi hujumga tayanadigan autsayderlardan keskin farq qiladi. Jamoa asosiy vaqtini pozitsion hujumlarga sarflaydigan, to‘p nazoratini yaxshi ko‘ruvchi favoritlar qatorida ham yo‘q. Yurichning “fishka"si ham aslida shu. U o‘yinning kerakli pallasida tempni oshirib, boshqa payt ishonchli himoyalana oladigan jamoa qurishga intilmoqda.

O‘yin sxemasi 3-4-2-1. 3 ta markaziy himoyachi bir chiziqda o‘ynaydi. Qanotdagi loterallar kerakli pallada hujumlarga qo‘shilsa, raqib tempni oshirgan paytda sxemaning 5-2-2-1ga aylanishini ta’minlaydi. Bu sxema yaxshi foyda berishi uchun oldindagi sof hujumchi pressingda ishtirok etish vazifasidan ozod etiladi. U istalgan paytda amalga oshishi mumkin bo‘lgan qarshi hujumga tayyor turishi kerak.

Demak, bu o‘z-o‘zidan hujumchi katta tezlikka ega bo‘lishi shartligini anglatadi. Shuningdek, bu sxema kerakli pallada o‘yinda dominantlik qilish imkonini ham beradi. Ya’ni, bemalol pozitsion hujum uyushtirish mumkin. Markaziy hujumchi ortidagi ikkita yarim himoyachi jarima maydonchasi atrofida joylashgancha, bosh hudud izlashni boshlaydi. Qanot himoyachilari esa, vingerga aylanishi, raqibni yanada chuqurroq himoyalanishga majbur etadi.

Demak, o‘z-o‘zidan qanotdan uzatilgan to‘plar soni keskin ortadi. Bunday vaziyatda “Torino”ga baland bo‘yli, ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynay oladigan hujumchi kerak. Bejizga Ivan Yurichning shaxsan o‘zi Eldor Shomurodov transferini amalga oshirishlarini klub rahbarlaridan talab qilmayapti. Hamyurtimiz bu ikki aspektda ham A Seriyaning istalgan forvardi bilan bahslasha oladi.

"Torino"ning qanotdan uzatmasi golga aylangan vaziyat

Ayni damda “Torino”ning asosiy hujumchisi bo‘lib turgan Sanabriya esa, tezlik bobida maqtanolmaydi. Bo‘yining balandligi ham 180 sm. Bu yurtdoshimizdan 10 sm pastroq degani.

Paragvaylik hujumchi “Barselona” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgani bois, asosan tezkor uzatmalarga ixtisoslashgan o‘yinda o‘zini yaxshi his qiladi. Tezkorlik va jismoniy holat uning ustunlik tomonlari emas. Yurich targ‘ib etayotgan o‘yin uslubi unga mos tushmayotganini kiritilgan gollar soni bilan ham baholash mumkin: 12 o‘yin 3 ta gol. 798 daqiqada atigi uch bor raqib darvozasini ishg‘ol qilish - past ko‘rsatkich, bu har 266 daqiqada bitta gol degani. Ayni damda, jamoaning eng sermahsul futbolchilari Radonovich, Vlashich va Miranchuk bo‘lib turgani ham Yurich qo‘llayotgan uslubning so‘nggi zarbasida muammolar borligini ko‘rsatadi. Umuman olganda, “Torino” Eldorga o‘zining bor potensialini ko‘rsatish uchun eng qulay variant. Shoma kuchli jihatlarini bemalol ishga solishi mumkin.

Eldorning yangi jamoasidagi imkoniyatlari qanday?

Katta ehtimol bilan, legionerimiz yangi jamoaga kelishi bilan avtomatik ravishda birinchi raqamli forvardga aylanadi. Unga raqobat tug‘dirishi mumkin bo‘lgan Sanabriya Yurich istayotgan sxemaga mos kelmagan bo‘lsa, Petro Pellegri hali yosh. Shunga qaramay, murabbiy uni A Seriya doirasidagi 11 o‘yinda sinab ko‘rdi. Natijada bitta gol, ammo Pellegrining maydonda o‘tkazgan umumiy vaqti atigi 367 daqiqa ekanligini ham unutmaslik lozim. “Roma”dan farqli o‘laroq, “Torino”da markaziy hujumchi o‘zi uchun o‘zi vaziyat yaratishi, to‘psiz qolganda markazga qaytib, pressingda ishlashi shart emas. Shuningdek, oldingi chiziqda hujum tashkil etishga bir emas, ikkita sof pleymeyker yo‘naltirilgan.

Miranchuk va Vlashich tandemi A Seriyadagi eng kreativ yarim himoya chizig‘ini tashkil etmoqda. To‘g‘ri, “Torino” o‘yin sifati borasida “Roma”dan biroz ortda qolishi mumkin, ammo bu farqni “buqalar” kuchli o‘yin mexanizmi bilan yo‘qqa chiqarishga urinadi. Rimliklarda juda ko‘p narsa ayrim ijrochilarning (Abraxam, Pellegrini, Smolling) mahoratiga bog‘liq bo‘lsa, “Jenoa” ko‘proq yaxlit mexanizm sifatida harakat qilishga urinardi.

Yodingizda bo‘lsa, genuyaliklar ikkinchi davrada yangi murabbiy qo‘l ostida shunday tempda harakat qilgan va Eldor gol kiritishni boshlab yuborgandi. Hech kim berilgan vazifadan ortig‘ini bajarmaydigan jamoalarda ko‘pincha hujumlar so‘nggi zarbaga qadar yetib borishi tabiiy. Aslida, oldingi chiziqdagi barcha ishni bir necha yillardan beri o‘z zimmasiga olib kelayotgan Andrea Belottining ketishi “buqalar”ni anchagina qiynab qo‘ydi.

Yurichning ikkita hujumkor yarim himoyachiga tayangan sxemasi raqib himoyachilari markaziy hujumchini to‘liq berkitib tashlaganda o‘yinga qo‘shiladi. Bejizga, Miranchuk va Vlashich hisobida 6 ta gol mavjud emas. E’tiborlisi, Eldor nafaqat yaxshi yakunlovchi, balki vinger sifatida ham o‘ynay oladi. Ya’ni, kerakli pallada bo‘sh zonaga chiqib borayotgan ortidagi ikki futbolchini yaxshiroq vaziyatga ham chiqarib yuborishi mumkin.

Statistika nima demoqda?

E’tiborlisi shundaki, A Seriya doirasidagi o‘yinlarda Yurich jamoasi uydan ko‘ra, mehmonda ko‘proq ochko jamg‘armoqda. "xG"ni ko‘rib chiqar ekanmiz jamoaning har bir bellashuvda o‘rtacha ishlayotgan ochkosi 1,35ni tashkil etmoqda. Endi, yaratilayotgan imkoniyatlarga e’tibor qarating! Bir bahs davomida o‘rtacha 2,1 gol urish imkoni paydo bo‘lyapti. Bu 85 daqiqada bir bor raqib darvozasi ishg‘ol qilinmoqda degani. Uydagi o‘yinlarda 112 daqiqa sarflanayotgan bo‘lsa, mehmonda o‘rtacha har bahsda bir gol kiritishga 74 minut yetarli bo‘lyapti.

Ichki birinchilik doirasida bir bellashuvda o‘rtacha urilayotgan gollar 1,06 ta bo‘lsa, o‘tkazib yuborilayotgani 1,12 taga teng. Bundan ko‘rinib turibdiki, bugungi “Torino”ga yarimta imkoniyatni golga aylantira oladigan galeador suv va havodek zarur. Jamoa o‘yin falsafasi minimallik va ikkinchi raqam bilan harakatlanish ustiga qurilgan.

Demak, bunday jamoalarda har bir to‘qnashuvda uzog‘i bilan 2 yoki 3 ta golli vaziyatdan ko‘prog‘i kutilmaydi. Bu esa, jamoaning o‘rtamiyona forvard bilan 10 kishining mehnatini havoga uchirib yuborish ehtimolini oshiradi. Abraxami bor Mourinodan farqli o‘laroq, Yurich Eldorni qadrlashiga shubha yo‘q. U qurgan jamoa o‘yinida eng so‘nggi element – yakunlovchi yo‘qligi ko‘rinib turibdi. Shoma o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olsa, yana avvalgi formaga tezda qaytishi mumkin.

“Torino”ga o‘tish ortga tashlangan qadammi?

Bir qarashda ha, ammo bugungi “Roma”ning A Seriyadagi kuchli to‘rt jamoadan biri emasligini inobatga olsak, vaziyat ko‘ringanidek qo‘rqinchli emas. Ha to‘g‘ri, “Torino” yevrokuboklarga rimliklar singari yaqin emas, ammo hozirgi vaziyatga real ko‘z bilan boqish lozim. “Roma” Eldorning karerasidagi so‘nggi manzil emas, u bundan ham kuchli jamoalarda o‘ynay oladi. Buning uchun to‘liq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish lozim. A Seriya doim e’tibor markzida bo‘ladi.

Hozir Shoma uchun ortga bir, oldinga ikki qadam tashlaydigan payt. Gollar urishni boshlasa, unga bo‘lgan e’tibor yana qaytadi. Boz ustiga, Eldor bilan professional agentlar ishlayotganini ham unutmaslik lozim. Ular birinchi imkon bo‘lishi bilan hamyurtimizning yana grand klubga o‘tishiga zamin yaratadi. Endi barchasi, Eldorning o‘ziga bog‘liq. Bu Italiyani zabt etish uchun uning 3-yurishi bo‘ladi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Torino”ga o‘tish Eldor uchun to‘g‘ri qarormi? Uni Turinda nimalar kutmoqda?