17:10 / 27.01.2023
1 213

Ro‘ziqul Berdiyev: “O‘tgan yili yaxshiyam chempion bo‘lmadim, aks xolda…”

Ro‘ziqul Berdiyev: “O‘tgan yili yaxshiyam chempion bo‘lmadim, aks xolda…”
Qarshining “Nasaf” jamoasi bosh murabbiyi – Ro‘ziqul Berdiyev saytimiz uchun kattagina intervyu berdi. Qizg‘in o‘tgan suhbat chog‘ida “ajdarlar” ustozi klubning transferlari, OCHLdagi imkoniyati va shogirdlarining kelajagi borasidagi ko‘plab masalalarga oydinlik kiritildi.

Klubning transfer siyosatidan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Imkon qadar jamoani kuchaytirishga harakat qildik. Biz tarkibda ko‘rishni istagan mahalliy futbolchilarning talabi juda baland bo‘lib ketgan. Oddiy misol, Temurxo‘ja Abduxoliqov bilan bu safar ham bog‘lanib, shartnoma tuza olmadik. Biz uni juda uzoq kutdik, ammo hujumchi yakunda Namangan klubi bilan kelishuvga erishdi.

Temurxo‘jani bu safar ham tarkibga qo‘shib olishning imkoni bo‘lmadi? Bu nima bilan bog‘liq deb o‘ylaysiz?
- Biz qancha taklif berganimiz bilan, futbolchilar bir-biri bilan aloqada bo‘lib turadi. Klubning futbolchilardan qarzlari bor. Shu bois, bu ham Abduxoliqovni safimiga qo‘shib olishimizga to‘sqinlik qilgani aniq. Hozir, OCHL oldidan o‘zimizga katta vazifalar qo‘yganmiz, biroq tarkib biz istagandek qudratli emas. Shunga qaramay, asosiy ishni uddalay oldik. Ya’ni, tarkibning o‘zagini saqlab qolishni uddaladik.

O‘tgan mavsumda chempionlikni qo‘lga kiritganingizda, bu yil transferlar uchun ajratiladigan summa kattalashgan bo‘larmidi?
- O‘tgan yili yaxshiyam chempion bo‘lmadim, aks holda yigitlarning barchasi boshqa jamoalarga ketib qolgan bo‘lar edi (kuladi). Futbolchilarim chempionlikni keyingi mavsumga qoldirdi deb o‘ylayman. Hozir imkoniyatimizdan kelib chiqib tarkibni kuchaytiryapmiz. To‘g‘risi, hali biz uchun ajratilgan smeta qancha ekanligidan xabarimiz yo‘q. Klub rahbarlari ham hali qancha miqdorda pulimiz bo‘lishini bilmay turib, qandaydir katta transferga qo‘l urmayapti, ularni tushunaman. Hozir olib kelib, keyin butun jamoa qiynalib qolishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Stanisavlovich transferi nima uchun amalga oshmadi? Bu Mashovich bilan kelishuv bekor qilinmagani bilan bog‘liqmi?
- Aleksandr bilan shaxsan o‘zim telefon orqali suhbatlashdim va jamoaga taklif etdim. Keyin u qo‘ygan talablar sababli transfer barbod bo‘ldi. U juda katta maosh so‘radi. Bilasizmi, Stanisavlevich talab qilgan summani biz Husniddin Aliqulov, Oybek Bozorov, Sherzod Nasrullayev va Husayn Norchayevga bo‘lib beramiz. Alen Mashovichning bunga umuman aloqasi yo‘q. U bilan kelishib oldik, ammo agenti unga hali-beri yangi jamoa topishni uddalay olmadi. Shu bois, hozircha biz bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

Norboy Muallim “Nasaf”ga Janubiy Amerikadan futbolchi kelishi mumkinligi haqida yozgan edi. Bu masala borasida biror yangilik bormi?
- Ha, agentlar janubiy amerikaliklik futbolchilarni taklif etishdi. Bir emas, bir nechta variantni ko‘rdik. Afsuski, bizga to‘g‘ri keladiganiga imkoniyatimiz kaltalik qildi. Cho‘ntagimiz ko‘taradigan variantlar murabbiylar shtabiga yoqmadi. Ko‘plari avvalgi mavsumlarda o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan, yoshi biroz o‘tib qolgani sababli jiddiy muzokara o‘tkazilgani yo‘q. Bilasizmi, baribir hammasi klubning imkoniyatlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi. Muxlislar o‘ylaganidek, jamoada transferlar uchun pul ko‘p emas. Biz qo‘limizdan kelganicha tarkibni kuchaytirish haqida o‘ylayapmiz.

Javohir Sidiqov transferi borasida fikringiz qanday? Bu ijrochi taktik o‘zgarishlar uchun olib kelindimi?
- O‘ylashimcha, Javohir har jabhada bizning uslubimizga mos keladi. U aql bilan to‘p suradi. Shuningdek, jamoaviy o‘yinda ham juda aktiv. O‘ylashimcha, yaxshi transferni amalga oshirdik. Uni bizga OCHLda ko‘p yordami tegadi deb hisoblayman. Ayniqsa, Marko Stanoyevichning jarohatidan so‘ng u biz uchun markazdagi o‘yinimizda juda muhim. Ha, Marko operatsiya qilindi. U kamida 2 oyga safdan chiqqan. Shu bois, Javohir OCHLda asosiy futbolchilarimizdan biri bo‘ladi. Agar boshqa sxemada o‘ynasak ham, u tarkibdan tushib qolmasligiga ishonaman.

Tojikistonlik legioner – Muhammadjon Rahimovni o‘zingiz tanladingizmi?
- Bu biz uchun moliyaviy tomondan juda qulay transfer bo‘ldi. Erkin agent maqomida jamoa bazasiga ko‘rikka chaqirilgan yarim himoyachi 20 kun davomida mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Menga uning harakatlari manzur keldi. To‘g‘ri, u bizni futbol ishqibozlarimiz uchun notanish bo‘lishi mumkin, ammo Muhammadjon Tojikiston terma jamoasi a’zosi. Shuningdek, “Istiqlol” bilan birgalikda OCHLda to‘p surgan. Tajribasi yetarli. Shu bois, uning xizmatidan foydalanishga qaror qildik.

Husniddin Aliqulov jamoada olib qolish masalasi hali ochiqmi?
- Darhaqiqat, u bilan Gretsiya klubi qiziqib qoldi. Biz agar klubni qanoatlantiradigan taklif bo‘lsa, futbolchini qo‘yib yuborishga tayyor ekanligimizni ma’lum qildik. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, AYEKda legionerlar borasida limit to‘lib qolgan ekan. Ular bu limitdagi bir futbolchi bilan xayrlashmay turib, transferni amalga oshira olmasligini ma’lum qildi.

Uning transferi uchun “Nasaf” 1-2 million dollar atrofida so‘ragani rosmti?
- Yo‘q. Gap summada emas. Husniddin borasida kelib tushgan taklifda keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olish bandi kiritilgan. Biz bu variantni ham ko‘rib chiqishga tayyor ekanligimizni ma’lum qildik, ammo keyinchalik bu masala ko‘tarilgani yo‘q. Agar klubimizga manzur keladigan shartnoma bo‘lsa, biz ularni ko‘rib chiqishga tayyormiz.

Tez orada OCHL boshlanadi. “Ash-Shabob”ni o‘rganishni boshladingizmi?
- Raqibimizning bir nechta o‘yinlarini tomosha qildim. Darhaqiqat, kuchli jamoa. Tarkibida 7-8 ta o‘ta sifatli legioneri bor. Osiyolik futbolchi limiti uchun Janubiy Koreya termasi a’zosi sanalgan darvozabon tanlab olingan. Mahalliy futbolchilari ham kuchli ekanligini bilib turibmiz. Shunga qaramay, biz ham ishlanmalar bilan Qatarga boramiz. Raqibni tahlil qilib, kerakli xulosalarni chiqaryapmiz. “Nasaf”ning imijini o‘zimiz ko‘tardik. Endi shu darajaga mos o‘yin ko‘rsatishga majburmiz.

O‘tgan mavsumdagi chempionlik poygasidan so‘ng yigitlarning ruhiy xolati qanday? Ular barchasini yangidan boshlashga tayyormi?
- To‘g‘risi, biz kubokdagi g‘alabadan so‘ng biroz bo‘shashdik. Yigitlar motivatsiyani biroz yo‘qotib qo‘ygandek bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, kubokdan keyin “Dinamo” bilan o‘yinda g‘alabaga loyiq bo‘lmasakda, 3 ochko olgan edik. Keyin, “Neftchi”ga imkoniyat boy berildi. Bularning barchasi o‘tmishda qoldi. Hozir, hammasini qaytadan boshlaymiz. Ruhiy holat borasida muammo yo‘q, yigitlarim professional. Bizga o‘tgan yili biroz sovuqqonlik yetishmadi. Kubokdagi g‘alabadan biroz bo‘shashdik, chog‘i. Shunga qaramay, yangi mavsumda hech narsa bo‘lmagandek faqat chempionlik uchun to‘p suramiz.

Kelasi mavsumda “Nasaf”da yangi nomlarni ko‘ramizmi? Yosh futbolchilarni nazarda tutyapman.
- Albatta. Hozir Ravshan Haydarov qo‘l ostidagi termaga 5 futbolchimiz ketgani bois, ularning hammasini yig‘inga olib ketishning imkoni bo‘lmadi. Shunga qaramay, kuni kecha o‘rinbosarlar, U19 va U16 jamoasi murabbiylari bilan yig‘ilish o‘tkazdik. Kelajak rejalari borasida fikr almashdik. Ko‘z ostimizga olib qo‘ygan futbolchilarimiz bor. Biz kuchli bo‘lish bilan birgalikda, yoshlarni asosiy planga chiqarishni ham unutmasligimiz lozim. Akademiyamizda iqtidorli futbolchilar yetishib chiqishda davom etmoqda. Demak, kelasi mavsumda ham yosh futbolchilarga suyangan holda, kuchliroq bo‘lishga intilamiz.

“Nasaf”ning 4 futbolchisini “Bunyodkor” so‘ragani rostmi?
- Ha rost, biroq bizga hech qanday bosim bo‘lgani yo‘q. Shunchaki, taklif berishdi xolos. Keyin, ro‘yxatda 4 ta emas, ikki futbolchining nomi bor edi. Bular G‘olib G‘aybullayev va Zafarmurod Abdirahmatov. Hozircha, bu borada yangilik yo‘q. Ular biz bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

Mavsumga tayyorgarlik borasida qanday rejalar bor?
- 27 yanvar kuni Turkiyaga yo‘l olamiz. Birinchi navbatda jamoamizning jismoniy holatini yaxshilashimiz lozim. Shu bois, ikkita tarkibimiz uchun 8 ta nazorat o‘yinini tashkil etamiz. Ya’ni, har 4 kunda bittadan bahsda maydonga tushamiz. Nafaqat asosiy, balki zaxira futbolchilarini ham optimal formada Qatarga olib borishni rejalashtirganmiz. Biz doim o‘zimiz ishtirok etgan turnirlarda oliy maqsadni oldimizga qo‘yamiz. OCHLda ham bor kuchimizni ishga solamiz.

O‘tgan mavsumdan so‘ng sizning ishdan ketishingiz borasidagi mish-mishlar paydo bo‘ldi. Bunga munosabatingiz qanday?
- To‘g‘risi, hali bu haqda o‘ylaganim yo‘q. Bir nechta moliyaviy yaxshi takliflar kelib tushganiga qaramay, “Nasaf”da qoldim. Jamoa bilan o‘rtada yana bir yillik kontraktim bor. Hozir ketish haqida o‘ylamayapman, ammo mavsum so‘ngida hamma narsa bo‘lishi mumkin. Oldindan biror narsa deyish qiyin. O‘zimga qolsa, shu yerdan hech qayerga ketgim yo‘q. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

O‘zbek futboli ishqibozlariga yangi mavsum oldidan aytadigan so‘zlaringiz bo‘lsa, marhamat!
- Birinchi navbatda, o‘tgan mavsumdagi aktivlik uchun minnatdorchilik bildiraman. Nafaqat “Nasaf”, balki boshqa jamoa muxlislariga ham. Aynan ularning stadionni to‘ldirib o‘tirishi Superliga atmosferasini tashkil etadi. Barcha o‘zi sevgan jamoasini qo‘llab-quvvatlashda davom etsin. Biz esa, futbolimiz rivoji uchun mehnat qilishdan to‘xtamaymiz!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: “O‘tgan yili yaxshiyam chempion bo‘lmadim, aks xolda…”