O‘zbekiston U-20 terma jamoasi ham Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘inini boshladi. Ravshan Haydarov ustozligidagi jamoa a’zolari “Asteria Kremlin Palace” mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda. Bugungi mashg‘ulotdan keyin bosh murabbiyni suhbatga tortdik.
- Ravshan Akmalovich, Turkiyaning Antaliya shahridagi yig‘in terma jamoamizning Osiyo chempionati uchun tayyorgarligining bir qismi. Murabbiy sifatida hozirda siz uchun asosiy maqsad nima?
- Albatta, bizni o‘zimizga yarasha tayyorgarlik rejalarimiz bor. Dekabr oyida o‘yinchilarni jalb qilib ularni ko‘zdan kechirgan bo‘lsak, yanvar oyida ular o‘z klublarida bo‘lishdi va tayyorgarlik ishlarini olib borishgan. Bugungi kunga kelib yigitlarni o‘yin va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha holatini me’yoriga yetkazish kerak edi. Turkiyadagi yig‘inimizda esa jismoniy tayyorgarligimizni yuqori darajaga olib chiqish hamda o‘yin amaliyotimizni yanada shakllantirish bo‘yicha ishlash. Ayni paytda eng katta asosiy maqsadimiz shu.
- Futbolchilarning funksional holati ko‘nglingizdagidekmi yoki nimadandir qoniqmayapsizmi?
- Reja bo‘yicha yig‘inimizni bosqichma-bosqich olib boryapmiz va shunga yarasha yigitlarning jismoniy tayyorgarligi ham ko‘tarilib boryapti. O‘yin amaliyotini boshlaganmiz. Saudiya Arabistonida ikkita o‘yin o‘tkazib keldik. Hozir yana davom ettiramiz. Bu pallada hammasini ideal bo‘lishi vaqtli. Lekin o‘yin taraflama futbolchilarning o‘sish jarayoni davom etyapti. Bunday ishlardan so‘ng futbolchilarning o‘yin amaliyoti hamda jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha albatta o‘sish bo‘ladi.
1 mart sanasiga optimal holatda yetib borishimiz kerak. Bunga xalaqit berayotgan narsalar – bu jarohatlar. Ba’zida sovuqda mashg‘ulotlar o‘tkazishimizga to‘g‘ri keldi. Kimdadir tomog‘i og‘rib isitmasi chiqqanlar ham bo‘ldi. Bunday paytda kimnidir bir necha kunlab tayyorgarlikdan chetda qolishi bu albatta jamoaning zarariga ishlaydi. Xavotirli tomoni shu. To‘g‘ri, jarohatlardan hech kim 100 foiz kafolatlanmagan. Jarohatlari jiddiy bo‘lmasa yigitlarni tezroq tuzatib safga qaytaryapmiz. O‘ylaymanki, muhim musobaqaga optimal formada yetib kelamiz.
- Antaliyada uchta o‘rtoqlik uchrashuvi rejalashtirilibdi. Bu siz uchun yetarlimi?
- Yetarli. Hali Toshkentda ham Ummon terma jamoasiga qarshi o‘yinimiz bor. Chempionat boshlanishi uchun yetarli o‘yinlar mavjud. Tarkibimizning asosi shakllangan. Ular uchun oldimizda turgan uchrashuvlarning o‘zi yetarli bo‘ladi.
- Osiyo chempionati musobaqasi boshlanishiga oz fursat qolyapti. Mart oyida boshlanadigan birinchilikka har jihatdan to‘liq tayyor holatda ulguramiz, deb o‘ylaysizmi?
- Albatta, ulguramiz.
- Umarali Rahmonaliyev hozir “Rubin” bilan Antaliyadagi yig‘inda ishtirok etyapti. Shundan foydalanib uni ham terma jamoa yig‘iniga jalb qilish mumkinmi?
- Ha, legionerlar bo‘yicha biroz muammolar bor. Rahmonaliyev hozir yangi jamoasiga moslashish jarayonida. Kuni kecha ularni o‘yiniga borib “Rubin” bosh murabbiyi Yuriy Utkulbayev bilan gaplashib keldim. Asosiy tarkibda o‘z o‘rnini topishi muhimligini aytib, Umaralini Turkiya yig‘iniga jalb qilmasligimizni iltimos qildi. Chunki sizlar bu futbolchini yaxshi bilasizlar, men endi ko‘ryapman, deb aytdi. Lekin Toshkentdagi oxirgi nazorat o‘yinimizga qo‘yib yuboradi. Biz shunga kelishdik. Yig‘inlarimiz FIFA kunlarida bo‘lmaganligi uchun legionerlarni jalb qilish qiyin.
Chunki bunday paytda klublarning haqqi ko‘proq. Albatta, o‘zimizni jamoalar bilan kelishish mumkin, ular bizni tushunib sharoit yaratib berishyapti va futbolchilarni ixtiyorimizga qo‘yib yuborishyapti. Klublarimiz bu borada yaxshi moyillik ko‘rsatishyapti. Legionerlar masalasi boya aytganimdek qiyinroq. Belarusning “Energetik” klubida to‘p surayotgan Abduqodir Xusanov ham hozircha o‘z jamoasida. Toshkentda Ummonga qarshi oxirgi nazorat uchrashuvimizda ularni ham qo‘shilishiga umid qilamiz. Harqalay rahbariyat shunga kelishishgan.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi