361
"Sergeyevni nimalarga qodirligini yaxshi bilaman, Ristich rosa maqtagan, "So‘g‘diyona" menga yoqdi" - makedoniyalik murabbiy
Turkiyaning Antaliya shahrida jamoalarning davom etayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari davomida Makedoniyaning “Sileks” klubi kuni kecha Jizzaxning “So‘g‘diyona”siga qarshi maydonga tushdi. Unda 1:1 hisobi qayd etildi.
“Sileks” klubida o‘zbek muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan makedoniyalik sobiq hujumchi Stevitsa Ristich to‘p surmoqda. U bilan mehmonxonada oldingi davrni eslab gaplashib o‘tirdik. Albatta, u bilan suhbat ham uyushtirdik. Ammo undan avval e’tiboringizga “Sileks” bosh murabbiyi Gorazd Mixaylov bilan interyuni havola qilmoqchimiz.
“So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yindan keyin Ristich bizga bosh murabbiy bilan suhbatlashishimizda ko‘mak berdi. Mixaylovda o‘zbek futboli borasida yaxshi tushunchalar bor ekan.
- “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvni qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Jamoamning o‘yinidan juda qoniqdim. Biz o‘tgan yili OFK Kubogi yarim finaligacha yetib kelgan raqibga qarshi o‘ynayotganimizni bilardik. Bu yaxshi jamoa. Biz o‘z o‘yinimizni namoyish etdik. 10-15 daqiqa o‘yinimiz o‘xshamadi. Shundan keyin o‘yinimizni nazorat qila oldik. Menga “So‘g‘diyona”ning o‘yini yoqdi. Stevitsa Ristich bilan gaplashganimda bu jamoani u rosa maqtagan. Juda texnikaviy futbol o‘ynashadi va ko‘p yugurishini aytgan. O‘yinchilari ham tezkor, texnikasi yuqori va taktikaga ko‘p e’tibor qaratib to‘p surishadi. Keyingi yarim soatda o‘z o‘yinimizni topdik va gol urdik. Keyin yana 2-3 ta golli imkoniyatlarimiz ham bo‘ldi. Yana qaytaraman: “So‘g‘diyona”da texnikasi yuqori futbolchilar ko‘p. Yaxshi jamoa ekan. To‘g‘ri futbol o‘ynashni biladi. 10-12 ta futbolchilari yuqori saviyali. O‘rta chizig‘i va hujum chizig‘i yaxshi taassurot qoldirdi.
- Umuman olganda, futbolimiz haqidagi tasavvurlaringiz qanaqa?
- O‘zbekiston futboli men uchun yoqimli syurpriz bo‘ldi. Futbolchilaringiz juda tezkor va to‘p bilan yaxshi muomala qiladigan futbol o‘ynaydilar. Tajovuzkor o‘yin ham namoyish qilishadi. Shuningdek, pas o‘yin orqali harakat qilishadi. Qisqa pas o‘ynashni yoqtirishadi. Jismonan ham tayyorgarligi yaxshi ekan. Maydonda ko‘p harakat qilishadi. O‘yindan keyin o‘z futbolchilarim bilan gaplashganimda ular aytdiki, uchrashuv boshida 20-25 daqiqa qiynaldik deyishdi. Chunki bu jamoa pressingni yaxshi qo‘llaydi. Qanotlardan tezkor hujumlar uyushtira oladi. Men O‘zbekiston ishtirokidagi o‘yinlarini kuzatib borganman.
Masalan, o‘tgan yili “Yevrosport” telekanali orqali U-23 Osiyo chempionatini ko‘rganman. O‘shanda O‘zbekiston finalda Saudiya Arabistoniga yutqazib qo‘ygandi. Bundan tashqari, “Paxtakor” va “Nasaf”ning ham Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinlarini kuzatganman. Jamoalaringiz juda tezkor va aqlli futbol namoyish etadilar va menga juda yoqadi. Mening falsafamga to‘g‘ri keladigan futbol ko‘rsatishadi, menga bu futbol yoqadi.
- Jamoangizda biror-bir o‘zbek futbolchisi to‘p surishini istarmidingiz?
- Albatta, nima uchun yo‘q? O‘yinlarini ko‘rganman va futbolchilarni kuzatib turibman. Bemalol o‘zbek futbolchilari Makedoniyada o‘ynay oladilar.
- Murabbiylik faoliyatingiz davomida BAAning “Al-Dafra” klubida ham ishlagan ekansiz. Hamyurtimiz Igor Sergeyev o‘sha klubda to‘p surgan.
- Ha, Igor Sergeyevni yaxshi bilaman. Ajoyib hujumchi. Texnikasi yuqori va baquvvat. Qolaversa, u tezkor futbolchi. Professional o‘yinchi. Xarakteri ham juda yaxshi. Men uni yaxshi o‘rganib chiqqanman. 8-9 oy birga ishlaganmiz. Shu bois Sergeyevni nimalarga qodirligini yaxshi bilaman.
- Ayni paytda uning qayerda to‘p suryotganini bilasizmi?
- Ha, hozir u “Tobol”da o‘ynayapti. Yangi yilda bir-birimizni tabriklab turamiz. Bir yilda 2-3 marta hol-ahvol so‘rab, yozishib turamiz.
- Tushunarli, ammo Sergeyevning “Al-Dafra”dagi ishlari unchalik yurishmagandi. O‘shanda nima bo‘lgan?
- Sergeyevning o‘yin uslubi “Dafra”ga to‘g‘ri kelmagan. Chunki klub boshqacha o‘ynardi. Igor boshqacha toifadagi hujumchi. Unga qanotlardan ko‘proq pas oshirilishi kerak. Sergeyev bosh bilan yaxshi o‘ynaydigan va jarima maydonchasi ichida hukmron qiladigan hujumchi edi. Bizda esa bunday uslub bo‘lmagan. Boshqacha futbol edi. Men u paytda yordamchi murabbiy edim. Bosh murabbiyning taktikasi boshqacha edi.
- Yana qaysi futbolchilarimizni yaxshi bilasiz?
- Otabek Shukurovni bilaman. U “Al-Shabab”da to‘p surgan. “Al-Nasr”dagi Jaloliddin Masharipovni ham taniyman. Men professional futbolchilik faoliyatimda Gretsiyaning “Kalamari” jamoasida o‘ynaganman. O‘shanda bizning jamoada o‘zbekistonlik futbolchi bo‘lgan, bo‘yi pastroq. Ismi aniq esimda yo‘q. Uning otasi SSSR terma jamoasida o‘ynagan. Keyin O‘zbekiston terma jamoasida ishlagan.
- Bahodir Abduraimov emasmi? Dadasi Birodar Abduraimov...
- Ha, ha, o‘sha.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi