26 fevral, yakshanba oqshomida Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha «Kichik jahon chempionati» deya e’tirof etiladigan «Stranja-2023» turniri yakunlaniga yetdi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi 74-bor tashkil etilgan ushbu musobaqada 7ta oltin, 5ta kumush va 6ta bronza, jami 18ta medal jamg‘arishga erishdi. Bu natija esa O‘zbekistonga umumjamoa hisobida 1-o‘rinni taqdim etdi.
Qayd etish joiz, og‘ir vazn toifasidagi Bahodir Jalolov va Shohjahon Abdullayev final yakunida muddatidan oldin chempion bo‘ldi. Bokschilarning raqiblari final jangiga chiqishdan bosh tortgan. Shu bois Bahodir Jalolov finaldagi raqibi armanistonlik Davit Chaloyan bilan ringga ko‘tarilmay, g‘olib bo‘ldi.
E’tiborlisi, Jalolov finalgacha ham jang qilmay yetib kelgandi. Chorakfinalda qozog‘istonlik Kamshibek Konkabayev, yarimfinalda esa ozarbayjonlik Muhammad Abdullayev Bahodir bilan jang oldidan mag‘lubiyatni tan olib, ringga ko‘tarilishni istamagandi. Jalolov turnirda faqat amerikalik Joshua Edvardsni ringda mag‘lub etdi - 5:0.
Yengil vazn toifasidagi Hasanboy Do‘smatov esa argentinalik raqibini 5:0 hisobida mag‘lub etdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik barcha g‘olib va sovrindor bokschilar bilan tanishing:
Oltin medal: -48 kg: Shodiyorjon Meliqo‘ziyev; -51 kg: Hasanboy Do‘smatov; -63.5 kg: Mujbillo Tursunov; -67 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev; -71 kg: Saidjamshid Ja’farov; -86 kg: Shohjahon Abdullayev; +92 kg: Bahodir Jalolov.
Kumush medal: -54 kg: Mirazizbek Mirzahalilov; -60 kg: Adhamjon Muhiddinov; -63.5 kg: Ruslan Abdullayev; -67 kg: Begzod Hamidov; -48 kg: Saidaxon Rahmonova
Bronza medal:-60 kg: Shunqor Abdurasulov; -60 kg: Dilshod Abdumurodov; -63 kg: Xadichabonu Abdullayeva; -71 kg: Nurislom Ismoilov; -75 kg: Havasbek Asadullayev; -80 kg: Jasurbek Yo‘ldoshev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston boks milliy jamoasi 2022 yilgi Stranja turnirida ham 6ta oltin medal va bitta bronza bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagandi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring