16:46 / 01.03.2023
231

"34 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa nima qilibdi?". Otabek Holmatovning jiddiy raqibga qarshi bahs oldidan fikrlari

"34 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa nima qilibdi?". Otabek Holmatovning jiddiy raqibga qarshi bahs oldidan fikrlari

Professional boksda debyut jangini 2021 yil 13 avgust kuni yarim yengil vazn toifasida (57,1 kg) o‘tkazib, raqibini muddatidan oldin mag‘lub etgan Otabek Holmatov (10-0, 9KO) qisqa fursatda katta o‘sishga erishdi. U 5 oyda ketma-ket 9 ta jang o‘tkazib, barcha raqiblarini nokautga uchratgach, WBA reytingida kuchli 10 talikka kirib olgan edi.

 2022 yilning 26 mart kuni u hali mag‘lubiyatga uchramagan va o‘zidan reytingi yuqori bo‘lgan Andrianik Grigoryanga (o‘sha vaqtda 14-0) qarshi ringga ko‘tarildi. To‘liq 12 raund davom etgan bahsda hamyurtimizning qo‘li baland keldi. Bu g‘alaba uni o‘z vazn toifasi WBA reytingida 2-o‘ringa ko‘tarilib olishini ta’minladi. Endi esa Otabekning qarshisida yana bir kuchli raqib, reyting peshqadami, britaniyalik Tomas Patrik Uord (33-0-1, 5KO) turibdi.

 4 mart kuni Britaniyaning Nyukasl shahrida joylashgan "Nyukasl" arenasida o‘tkazilagan boks oqshomida Holmatov mezbon bokschi Tomas Patrik Uord to‘sig‘idan o‘tishga harakat qiladi. Ushbu bahs yarim o‘rta vaznda WBA jahon chempionlik kamari uchun eliminator jangi sifatida belgilangan. Ya’ni g‘olib bokschi chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

 

- Assalomu alaykum! Ohirgi jangingizda ham hali mag‘lub bo‘lmagan bokschi ustidan g‘alabaga erishgan edingiz. Shundan so‘ng deyarli 1 yil tanaffus bo‘ldi. Bu nima bilan bog‘liq?

 - Assalomu alaykum! Ha, deyarli bir yildan beri jang o‘tkazmadim. Qaysidir ma’noda bu men uchun yaxshi bo‘ldi. Ushbu davrda bir qancha kuchli bokschilar bilan sparring qildim. Kelasi jangda hali buni foydasi bo‘ladi, deb o‘ylayman.

 - Tomas Patrik Uordga qarshi bahs aslida oldinroq bo‘lishi belgilangan edi, keyin yana vaqti ko‘chirildi. Bu sizning tayyorgarlik jarayoninggizga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadimi? 

 - U bilan jangim 2 marta qoldirilib, boshqa sanaga ko‘chirildi. Bu tayyorgarlik ko‘rishimga ta’sir ko‘rsatmadi. Xudo xohlasa 4 mart kuniga jang bo‘ladi. Shu kunga nasib qilgan ekan. Nimaiki bo‘lsa, hammasi yaxshilikka albatta.

 

- Hozirda vazn borasida qanday holatdasiz? Janggacha yana necha kilogramm tashlashingiz kerak?

 - Vazn tashlashga deyarli qiynalmayman. Hali jangga qadar 4, 5 kilo vazn yo‘qotishim kerak. Alloh kuch quvvat beryapti. Oson ishni o‘zi yo‘q. Mehnat bilan, qiyinchilikda qilingan ishni o‘ziga yarasha rohati ham bo‘ladi.

 - Raqibingiz mezbon bokschi, qolaversa 34 ta jang o‘tkazgan va hali mag‘lub bo‘lmagan. Shuningdek, u reytingda ham peshqadam hisoblanadi. Bu sizni cho‘chitmayaptimi? 

 - Yo‘g‘e, hech ham cho‘chiganim yo‘q. Aksincha, shu darajaga yetganimdan hursandman. Yoshligimdan shu yo‘lda mehnat qilib kelmoqdaman. 34 ga jang o‘tkazgan bo‘lsa nima qilibdi? Biz musulmonmiz, Allohdan so‘rab, yaxshi inson bo‘lib, ota-onamizni dousini olsak, hammasi yaxshi bo‘ladi.

 - Jangga tayyorgarlik jarayonida mashhur Jervonta Devis bilan ham sparring qildingiz. Ushbu sparingda undan ustunlik qildingizmi? Umuman olganda bu qanday bo‘ldi?

 - O‘z vaznida nokautchi bokschi hisoblangan Jervonta Devis juda yaxshi inson. U bilan 10 marotaba sparring o‘tkazdim. Ringda bir birimizni qiynadik. Mashhur bo‘lsa uni ham, meni ham ikkita qo‘limiz bor. Sparringlar juda qiziqarli bo‘ldi. Xudo xohlasa buni samarasini ham ko‘ramiz. Hozirda juda yaxshi formadaman. G‘alaba bizniki bo‘ladi Insha Alloh.

- Qiziqarli suhbat uchun katta rahmat. Bo‘lajak jangingizda omad tilab qolamiz!

 - Sizga ham rahmat. Barcha yurtdoshlarimiz, muhlislar duo qilib turinglar. Jangda chiroyli g‘alaba qozongan holda, jahon chempionlik kamari uchun da’vogar bo‘lishga bor kuchim bilan harakat qilaman.

Jalol Axmedov suhbatlashdi


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "34 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa nima qilibdi?". Otabek Holmatovning jiddiy raqibga qarshi bahs oldidan fikrlari