21:19 / 05.03.2023
900

Xavfli vaziyat yaratgan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?

Xavfli vaziyat yaratgan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?

Italiya A Seriyasining 25-turidan o‘rin olgan “Spetsiya” va “Verona”  o‘rtasidagi to‘qnashuv muxlisu mutaxassislar diqqat markazidagi o‘yinlardan bo‘ldi.

Sababi yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun o‘zaro raqobatlashayotgan har ikki jamoaga uch ochko suv va havodek zarur edi.

Bahsga mezbonlik qilgan Liguriya klubi 20-ochko bilan 17-pog‘onada qayd etilgandi. “Verona” esa, hisobiga 17 ball bilan xavfli hududning eng yuqori qatori – 18-o‘rindan joy olgan.

Bu uchrashuv natijasida g‘alaba qayd etilgan taqdirda musobaqa jadvalida o‘zgarish bo‘lishi kerak edi. Shu bois, har ikki tomon keskin va murosasiz harakat qildi. O‘yinning 75-daqiqasida Leonardo Semplichi zaxiradan maydonga Eldor Shomurodov va Viktor Kovalenkoni tushirgani ustunlikni “Spetsiya” tomoniga og‘dirdi.

Shunga qaramay, shu kuni gol urish hech bir futbolchiga nasib qilmadi. “Spetsiya” faoliyatini yoritib borayotgan https://www.calciospezia.it sayti ekspertlari  jamoa futbolchilarining o‘yinini quyidagicha baholadi.

Bartlomey Dragovski 7:

Birinchi bo‘limda polshalik posbonni raqib futbolchilari bezovta qila olmadi. Lekin bahsning ikkinchi yarmida Dragovski bir necha vaziyatda ishonchli o‘ynadi va xavfni bartaraf eta oldi. Bu posbon jamoasining raqibdan ochko olishiga katta yordam berdi.

Kelvin Amyan 6:

Birinchi bo‘limda “Verona” ancha ustunlik qildi. Lekin raqib futbolchisi Darko Lazovich Amyan to‘sig‘idan o‘ta olmadi. O‘yinning ikkinchi yarmida Eldor Shomurodovning to‘p uzatishidan keyin zo‘r zarba berdi. Biroq, “Verona” posboni Simone Perilli jamoasini qutqardi.

Itan Ampadu 6:

Ancha faol o‘ynadi, Adolfo Gaych bilan o‘zaro raqobatda unga imkoniyatni boy bermadi. Ko‘pincha kuchlar teng keldi.

Dimitrios Nikolau 5:

Ikkita qo‘pol xato kuzatildi. Birinchi bo‘limda to‘pni Darko Lazovichga oldirib qo‘ydi. Ikkinchi taymda esa Yaya Kallonga qarshilik qila olmaganidan keyin raqib darvozabon bilan yakkama yakka qoldi. Dragovski jamoani qutqardi.

Arkadiush Retsa 6.5:

“Spetsiya”ning o‘yindagi ustunligi ko‘p jihatda Retsaning harakatlariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Faol o‘ynadi, lekin bahsning oxirida ogohlantirish oldi va “Inter”ga qarshi bo‘ladigan navbatdagi bahsda jamoasiga yordam bera olmaydi.

Mehdi Burabiya 6:

Jamoadoshi Albin Ekdal asosiy e’tiborini himoyaga qaratgan pallada Burabiya pleymeykerlik mas’uliyatini o‘z bo‘yniga olmoqda. U bir vaziyatda Mbala Nzolani qulay vaziyatga chiqardi. Biroq, hujumchining zarbasi ustunga tegib qaydi.

Viktor Kovalenko 6:

75-daqiqada Burabiyaning o‘rniga maydonga tushgan futbolchi o‘yinga tez kirishib ketdi. Ukrainalik yarim himoyachi hujum uyushtirish va zarba berishga harakat qildi. Lekin darvozani aniq nishonga ola bilmadi.

Albin Ekdal 6:

Bu futbolchi bor e’tiborini raqib hujumlarini buzish va jamoasiga oldinga o‘tish uchun vaziyat yaratishga qaratdi. Birinchi bo‘limda raqibning ikkita xavfli hujumini to‘xtatib qoldi.

Daniele Verde 5,5:

Verde keng maydon bo‘ylab o‘ynashga harakat qilgani, ko‘p yugurganiga qaramay, o‘zining darajasida o‘ynay olmadi.

Shimon Jurkovski 6:

64-daqiqada Verdening o‘rniga maydonga tushib, hujumni kuchaytira oldi.  Jarohatidan qutilib, yana safga qaytgan futbolchi hujumdagi jamoadoshlariga aniq paslar oshirishni uddaladi.

Kevin Agudelo 5.5:

Dastlabki yarim soatda “Verona”ning bosimi uni o‘yindan chiqarib qo‘ydi. Keyinroq, sal faollashdi. Nzola va Retsaga to‘p etkazib bergani bilan esda qoldi.

Eldor Shomurodov 6:

75-daqiqada Agudeloning o‘rnini egallagan legioner o‘yinni ancha kuchaytirdi. Shomurodov ishonchli va chiroyli o‘ynadi. Bir necha marotaba hujum uyushtirdi. So‘nggi daqiqalarda ajoyib kombinatsiya bilan jamoadoshi Amyanni qulay pozitsiyaga chiqardi. Xavfli zarbani raqib posboni qiyinchilik bilan qaytarib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Hamma Shomurodov gollar hisobini ochishini kutmoqda.

Emmanuel Gyassi 5.5:

Odatdagidek, faol bo‘lishga harakat qildi. Ko‘p vaziyatlarda jamoadoshlarining xatolarini to‘g‘riladi. Hujum uyushtirishga urindi. Hujumkor futbolchi bo‘lishiga qaramay, biror marotaba zarba bermagani uning bahosiga ta’sir qildi.

Mbala Nzola 6:

Birinchi bo‘limda unga to‘p etib kelmadi. Birinchi bo‘lim oxirlarida vaziyatdan foydalana olmadi. Ikkinchi bo‘limda uning zarbasi darvoza ustuniga tegdi. Gol urish unga nasib qilmadi.

Leonardo Semplichi 6:

“Spetsiya”ni qabul qilib olganidan keyin qisqa fursatda jamoa o‘yinini o‘zgartira oldi. Jamoa ancha jonlangan. “Verona”ga qarshi bahs avvalida mehmonlar ancha ustunlik qildi. Lekin sekin-asta mezbonlar vaziyatni o‘ngladi.

Ikkinchi bo‘limda o‘yinchi almashtirish orqali ustunlikni “Spetsiya” tomoniga og‘dirdi. Ayniqsa, Eldor Shomurodovning maydonga tushgani hujumkorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.  O‘zbek futbolchisi Amyanni qulay pozitsiyaga chiqardi.

“Spetsiya” navbatdagi uchrashuvni ham o‘z maydonida o‘tkazadi. Jamoa 10 mart kuni “INter”ni qabul qiladi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xavfli vaziyat yaratgan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?