22:59 / 15.03.2023
347

Ravshan Haydarov: "Matonat ko‘rsatishgani uchun yigitlarga rahmat aytaman va ular bilan faxrlanaman!"

Ravshan Haydarov: "Matonat ko‘rsatishgani uchun yigitlarga rahmat aytaman va ular bilan faxrlanaman!"

U-20 Osiyo Kubogi yarim finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Koreya Respublikasi (0:0, penaltilar bo‘yicha – 3:1) uchrashuvidan keyin O‘zbekiston yoshlar termasi ustozi Ravshan Haydarov va bugun qahramonlik qilgan darvozabon Otabek Boymurodov fikrlarini bildirdi.

"Avvalo, hammani – muxlislar, futbolchilar va murabbiylarni finalga chiqqanimiz bilan tabriklayman! Bugun bir-biriga mos, teng kuchli jamoalar to‘qnash kelib, shiddatkor o‘yin ko‘rsatishdi. Juda ko‘p vaziyatlar yaratdik. Ammo penaltilar seriyasiga qadar yetib bordik va darvozabonimiz unda o‘zini ko‘rsatdi. O‘yinda bizda ko‘proq vaziyatlar bo‘ldi. G‘alaba bizga haqli ravishda nasib qildi. Matonat ko‘rsatishgani uchun yigitlarga rahmat aytaman va ular bilan faxrlanaman!", – dedi Ravshan Haydarov.

"Fantastik emotsiyalarni boshdan kechiryapmiz. Jamoadoshlarim bilan faxrlanaman. Biz oilamiz va vatanimiz uchun borimizni berdik.

Jamoamizni finalga olib chiqish men uchun sharaf. Oilam har bir o‘yinni stadiondan kuzatmoqda. Ularning ko‘z o‘ngida bunga erishish juda yoqimli", – dedi Otabek Boymurodov.

- Bugun zaxiradan tushgan futbolchilar o‘yinga kirishib ketishda qiynalishdi. Ular ishonchni oqlamadimi?

- Yo‘q, bunday deb o‘ylamayman. Ular evaziga o‘yinni qo‘lga oldik. Zaxiradan tushganlar o‘yinni kuchaytirishdi va ularda talaygina imkoniyatlar yuzaga keldi. Ular o‘yinda kirishib keta olmadi deb o‘ylamayman. Ha, Jo‘raboyev biroz qiynaldi, keyin uni sariq kartochka olgani uchun almashtirdim. Biz o‘zgarishlarni to‘g‘ri amalga oshirdik deb o‘ylayman.

- Jarohat olgan Xoldorxonov va Asqarov haqida qandaydir ma’lumotlarga egamisiz? Ular to‘liq tiklanmasa-da, finalda o‘ynatasizmi?

- Ular bilan tibbiy xodimlar shug‘ullanishmoqda. Tezroq tiklashga harakat qilishadi, hozir bir nima deb bo‘lmaydi. Ertaga ko‘ramiz. Agar ular tiklanishsa va jarohat xalaqit qilmasa, ular o‘ynashadi.

- Siz boshqa matbuot anjumanlarida ham vaziyatlar ko‘p yaratyapmiz, ammo undan foydalanа olmayapmiz dedingiz. Finalda nima qilasiz?

- Ha, albatta. Vaziyatlar yaratyapmiz, shu meni qoniqtiryapti. Faqat oxirgi nuqtani qo‘yishda qiynaldik.

- Otabekka savol.Avstraliya bilan o‘yinda qo‘lingizda qo‘llanma bor edi. Bugungi tayyorgarlik qanaqa edi?

- Bu gal shunchaki improvizatsiya edi. Hech qanday qo‘llanma yo‘q edi (kuladi).

- Bugun doimgidek, stadiondagi atmosfera ajoyib edi. Futbolchilarga bosimga turib berish uchun qanday ko‘rsatmalar beryapsiz?

- Muxlislarga rahmat. To‘la muxlislarga ega stadionda o‘ynash faxrlanarli. Albatta, qiyinchiligi ham bor, bosim bo‘ladi. Uurugvay kabi davlatlarga borib, bu bo‘yicha ruhan ishlagandik va urg‘u bergandik. Bir tarafdan, bu mas’uliyat bag‘ishlaydi. Biz bunday atmosferadan kuch olish va zavqlanishni o‘rganishimiz kerak.

- Terma jamoa o‘yinlari chorak va yarim finallarda qo‘shimcha taymlargacha bordik. Final oldidan ko‘p kuch yo‘qotib qo‘ymadikmi?

- Albatta, bunga tayyorgarlik ko‘rganmiz. Kuch yo‘qotilyapti, albatta. Lekin, o‘ylaymanki, tiklanib olamiz. Kiyinish xonasida bayramni to‘xtatdik. Tiklanish ishlari davom etadi. Yigitlar yosh, ularga mashg‘ulot jarayonida hammasini to‘g‘ri tushuntirib boryapmiz. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyimizga rahmat. Oxirgi ikki o‘yinda raqiblardan kam joyimiz ko‘rinmadi. Biz har taraflama – ham jismonan, ham taktik jihatdan kuchli bo‘lishimiz kerak.

- May oyida U-20 termamizni Jahon chempionati kutmoqda. Ular bilan ishlashda davom etasizmi yoki boshqa yosh toifasidagi termada faoliyat yuritasizmi?

- Qaysi jamoa bo‘lmasin, ishlashda davom etamiz. Hozir butun vujudim bilan shu jamoaga e’tiborimni qaratganman. Ertaga nima bo‘lishini Xudo biladi. Oxirgi 10 yildagi faoliyatimdan kelib chiqsak, o‘zimga loyiq jamoadaman deb o‘ylayman. Bu yosh toifasidagi futbolchilarni asosiy milliy terma jamoamizga yetishtirishimiz lozim. Jahon chempionatlari va xalqaro turnirlarda qatnashib, futbolchilarimizning va futbolimiz saviyasi o‘sadi. Bu yoshlarimiz o‘sishi uchun katta bosqich bo‘ladi. Avval U-23, keyin terma jamoaga yo‘l oladilar. Hozirgi maqsadimiz – tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yish.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: "Matonat ko‘rsatishgani uchun yigitlarga rahmat aytaman va ular bilan faxrlanaman!"