06:30 / 06.04.2023
285

Shomurodovdan gol “yegan” mashhur darvozabon o‘ziga yangi jamoa qidiradi!

Shomurodovdan gol “yegan” mashhur darvozabon o‘ziga yangi jamoa qidiradi!
Eldor Shomurodov A Seriyaning 28-turida “Salernitana” jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib, joriy chempionatdagi gollari hisobini ochgan edi.
 
Legionerimiz “Spetsiya”dagi birinchi golini jahonning eng mashhur darvozabonlaridan hisoblangan Gilermo Ochoaga urdi.
 
Meksikalik posbon “Amerika” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2003-2011 yillarda o‘z yurtida faoliyat ko‘rsatganidan keyin Yevropaga ko‘chib keldi. Fransiyada “Ayachcho”, Ispaniyada “Malaga” va “Granada”, Belgiyada “Standart” jamoasi sharafini himoya qildi.
 
Gilermo Ochoa 2019 yili yana qadrdon klubi “Amerika”ga qaytib bordi. Taqdirni qarangki, Qatarda o‘tkazilgan jahon chempionatidan keyin tajribali futbolchi faoliyatini yana Yevropada davom ettirishga qaror qildi va“Salernitana” bilan qisqa muddatli shartnoma imzoladi.
Darhaqiqat, Gilermo Ochoa ketma-ket beshta jahon chempionatida ishtirok etgan kam sonli darvozabonlardan biridir. 2005 yildan beri mamlakat terma jamoasi darvozasini qo‘riqlab kelayotgan 37 yoshli futbolchi 135 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Bu bahslarda Ochoaning darvozasi 136 marotaba ishg‘ol qilindi.
 
“Salernitana” va Ochoa kelishuviga ko‘ra, hamkorlik shartnomasi joriy yilning 30 iyunigacha tuzilgan. Biroq, tomonlarda o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yana ikki mavsumga uzaytirish imkoniyati bor.
 
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, meksikalik posbon hozirgi klubi bilan shartnomani yangilamaslik ehtimoli katta.
 
Chunki Ochoaga Italiya futbolining katta klublaridan qiziqish bo‘lyapti. Xususan, “Milan” murabbiylar shtabi uni asosiy darvozabon Mayk Menyanga  o‘rinbosar sifatida olib kelmoqchi. Milanliklar o‘z taklifini “Salernitana” jamoasiga yuborishga ulgurgan. Hozircha, bu taklif qabul qilingani yo‘q.
 
Milan shahrining ikkinchi jamoasi – “Inter” ham Gilermoga ko‘z tikkan. Bu jamoada asosiy darvozabon rolini kamerunlik Andre Onana bajarmoqda. Bosh murabbiy Simone Indzage meksikalik posbonni sloveniyalik Samir Xandanovichga o‘rinbosar sifatida olib kelishni rejalashtirgan.
 
Asosiy tarkibdagi joyini boy bergan Xandanovichning milanliklar bilan shartnomasi 30 iyun kuni yakunlanadi va u yozda o‘ziga boshqa jamoa qidiradi.
 
Gilermo Ochoa “Salernitana”ga kelganidan beri birinchi raqam egasi sifatida boshlang‘ich tarkibda o‘ynamoqda. U hozirgacha 11 ta uchrashuvda maydonga tushib, atigi ikkita uchrashuvda gol o‘tkazmadi xolos.
 
Ochoa A Seriyada hozirgacha o‘z darvozasidan 21 ta to‘p olib chiqdi. Ana shu gollarning oxirgisini Eldor Shomurodov juda chiroyli tarzda kiritdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovdan gol “yegan” mashhur darvozabon o‘ziga yangi jamoa qidiradi!