14:06 / 13.04.2023
426

Aka-uka Diazlar talantlarimizni yemirmoqdami?

Aka-uka Diazlar talantlarimizni yemirmoqdami?

9 aprel tongi o‘zbek boks muhlislari uchun muhim va unitilmas kun sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi. Nafaqat ikki kamarni yo‘qotdik, balki ikki iqtidorli bokschilarimizni qanchalik yemirilib borayotganini guvohi bo‘ldik.

2016 yilgi boks bo‘yicha Olimpiada o‘yinlari g‘oliblari sifatida dunyoga boks maktabini ko‘tsatdik hamda tez orada Osiyo o‘yinlari va jahon chempionatida bu holatni tasodif emasligini isbotladik. Dunyo ommaviy axborot vositalari o‘zbeklar degan so‘zni aynan boks talqinida ko‘risha boshlashdi. Har bir vaznda eng kuchli deb tan olingan bokschilarimiz bizni, ya’ni xalqni katta hurmatini qozonishdi. Boshqa sport turlaridan mag‘lubiyatlarni yosh bokschilarimiz yopib ketishdi. Isroil Madrimov, Xasanboy Dustmatov, Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliquziyev… Bunday ro‘yxatni soatlab sanash mumkin. “Mir boksa” kompaniyasi Shahram Giyasovga qiziqish bildirgandan so‘ng ko‘plab bokschilarimiz uchun professional yo‘nalishga o‘tish uchun yo‘l ochildi va ular katta shovqin bilan Amerikaga kirib kelishdi.

Kuchli havaskor bazasiga ega  bokschilar sifatida dunyoning yirik promouterlari nazariga tushishdi. 8 ta jangda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Ahmadaliyevdan tortib, 6 ta jangda o‘z vazninig eng yorqin jangchiga aylangan Madrimovgacha professional boks kelajagi sifatida tan olindi.

9 aprel tongida esa bizda katta savol tug‘ildi - “nega 3-4 yildan beri ularda hech qanday o‘sish yo‘q?”. Agar bu vaqt davomida bokschilar haqiqiy professional mahoratga ega bo‘lishganda raqiblar ustidan g‘alaba qozonish, ya’ni janglarning oson ketishini kutish mumkin edi. Shu tongda jang olib borgan  Rafael Igbokve va Isroil Madrimov 2017 yil holati bo‘yicha jangga tushganda ham Madrimov huddi shu usulda g‘alaba qozonar edi deb tahmin qilsak bo‘ladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘z vaznida majburiy davogar bo‘lib turgan Madrimov ikki karra “qo‘shsa” ham Charloni yutish ehtimoli juda kam.

Murodjon Ahmadaliyevda esa hech qanday motivatsiya ko‘rmadik. Jangda aniq zarbalar Murodjon tarafida edi, Murodjon yutgan edi kabi misollar endi o‘rinsiz. Murodjon yutqazdi! Murabbiylar ham holatni tez anglashlari va oltinchi raunddan keyin emas, ikkinchi yoki uchinchi raundda jang qaysi tarafga ketayotganini ko‘rishi kerak edi.

Misol uchun, o‘sha kuni jang qilgan amerikalik Shakur Stivensonga e’tibor beraylik. 2016 yilgi Olimpiadadan keyin misli ko‘rilmagan o‘sishga erishdi. Huddi shishirilgan pufakdek har kuni oldingidan ko‘ra kuchliroq bo‘lib bormoqda. O‘zbek bokschilarida esa prof yo‘nalishda uslub jihatdan o‘sish bo‘lmayotgandek, go‘yo. O‘sha Isroil, o‘sha Murodjon va o‘sha Bektemir. Bu qatorga Hasanboy, Shahram va Iqboljonni ham qo‘shish mumkin.

Nega biz yahshi ko‘rgan katta iqtidor sohiblarida o‘sish ko‘rmayabmiz? Balki gap ularning murabbiylari aka-uka Diazlarda qolgandir? Birgina misol tariqasida Bektemir Meliqo‘ziyev va Gabriel Rosado o‘rtasidagi jangni yodga olamiz. Ko‘pchilik buni “laki panch” deyishi mumkin, ammo bu zarba Rosadoning afsonaviy boks murabbiyi Freddi Rouch tomonidan 3 raund ichida ishlab chiqilgan murakkab matematik tenglamaga ega bo‘lgan Meliquziyevni yechish formulasi edi. Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin, lekin biz muammolarni hal qilish va yana o‘sishga ega bo‘lgan bokschilarni ko‘rishni hohlaymiz. Balki professional sifatida murabbiylarni o‘zgartirish vaqti kelgandir? To‘g‘ri, bu o‘zbek mentalitetiga ega bo‘lgan bokschilarimiz uchun qiyin ishdek ko‘riladi, lekin bu professional boks, Amerika va katta o‘yinlar markazi ekanligini unutmaslik kerak!

Ziyodulla Abdikarimov


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aka-uka Diazlar talantlarimizni yemirmoqdami?