12:21 / 15.04.2023
268

"Bu yerga chempion bo‘lish uchun kelganman" - Temurxo‘ja Abduholiqov

"Bu yerga chempion bo‘lish uchun kelganman" - Temurxo‘ja Abduholiqov

“Navbahor” klubi o‘z maydonida Superliganing 6-turida “Andijon”ga qarshi uchrashuvda yagona gol evaziga juda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

O‘yinni faol o‘tkazgan tajribali hujumchi Temurxo‘ja Abduholiqov o‘sha yagona gol muallifiga aylandi. Bellashuvdan so‘ng unga savollar bilan murojaat qildik.

- “Navbahor” vodiy derbisida “Andijon” ustidan qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi. Avvalo, ushbu o‘yin haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

- Vodiy derbisida birinchi marta o‘ynadim. Qiyin bo‘ldi. “Andijon” ham juda yaxshi qarshilik ko‘rsatdi. Gol urishga qiynaldik. Muxlislar ajoyib aurani tashkil qilishdi. Ikkala jamoa ishqibozlari zo‘r berib qo‘lladilar. Hamma futbolchilar mana shunday uchrashuvlarda o‘ynashni xohlaydilar. Bo‘sh stadiondan ko‘ra, bu kabi zo‘r muhitda to‘p surish o‘yinchilarga motivatsiya beradi.

- Yagona gol bo‘lgan vaziyatni video takror orqali ko‘rganimizda go‘yoki avtogol urilganidek taassurot qoldirdi...

- Bu kamerani rakursiga bog‘liq. Darvoza ichida kameralar bo‘lganida hammasi yaqqol ko‘rinardi. Himoyachi to‘pga umuman tegmagan. Agar o‘z darvozasiga gol urib qo‘yganida boshini ushlab olardi. Har holda reaksiyasi shunday bo‘lardi. Faqat bu vaziyatda chempionatimizda kameralarning kamligi bilinib qoldi. Bo‘lmasa, himoyachidan so‘ranglar.

- Uchrashuvdagi eng qiyin vaziyat siz uchun qaysi holat bo‘ldi?

- Birdaniga yuz bergan vaziyatlardan foydalana olmagan holat. Umuman olganda, eng qiyin vaziyat gol urganimizdan keyin uchrashuvning oxirgi daqiqalari bo‘ldi. O‘shanda qiynaldik. “Andijon” katta kuch bilan oldinga o‘tdi. Biz himoyalandik. 15-20 daqiqa davomida qiyin kechdi.

- “Navbahor” safardagi ikkita bahsda asosiy raqobatchilariga yutqazdi. Bu nima bilan bog‘liq?

- Ruhiyat bilan bo‘lsa kerak, yana bilmadim. Omad ham kelmadi. Bizdagi eng katta “beton” – bu muxlislar. Ular doim bizga motivatsiya berishadi. Jamoamizni oldinga chorlab turishadi.

- “Navbahor”da ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistondagi eng kuchli futbolchilar jamlangan...

- To‘g‘ri, tarkib yulduzli va qog‘ozda favorit bo‘lishimiz mumkin, muhimi, maydonda isbotlash kerak. Mana, “Andijon”ga qarshi bahsda qiynaldik. Kerak paytda ikkinchi raqam ostida harakat qildik.

- 6 ta o‘yinda hozircha 2 ta gol urdingiz. Sizni hamisha to‘purarlar orasida ko‘rishga odatlanganmiz. “Navbahor”da sizdan ko‘proq gollar kutishyapti.

- Ha, bu juda kam. Lekin harakat qilyapmiz. “Navbahor”da yangi jamoa. Bizga qarshi hamma tayyorlanyapti, tish-tirnog‘i bilan kurashyapti. Masalan, “Andijon” “Surxon”ga qarshi oddiy futbol o‘ynasa, bizga qarshi himoyaviy o‘yin uslubini tanlaydi. Baribir “Navbahor” bilan uchrashuvda jamoalar ko‘proq muvozanatni saqlashga va yaxshi “nastroy”da bo‘lishga harakat qiladilar. Gollar bo‘ladi. Asosiysi, g‘alaba qozonishimiz kerak. “Paxtakor”ga gol urgandim, biroq g‘alaba qozonmadik. “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvda esa gol urmadim, lekin biz uch ochkoni qo‘lga kiritdik. To‘g‘ri, ham gol urish, ham g‘alaba qozonish yoqimli. Ammo har doim ham bunday bo‘lavermaydi.

- Vodiy derbisida ilk bor to‘p surdingiz. Bu yerdagi bosim ham o‘zgacha bo‘ladi va bu holat xalaqit qilmayaptimi?

- Yo‘q, aksincha bizga yordam beryapti. Agar bosimni o‘ylasangiz...Menimcha, yoshroq o‘yinchilarga buni yengib o‘tishda qiyinchiliklar bo‘lishi mumkin. Biz ancha yillardan beri futbol o‘ynaymiz. Bunday bosimdan qanday chiqib ketishni bilamiz. Tajriba yillar ortidan keladi. Ha, bosim bo‘ladi. Ammo futbolni birinchi kun o‘ynamayapmiz. Balki yoshroq bo‘lganimda bu holatga dosh berolmasligim mumkin edi. Hozir 30 yoshdan oshdim.

- “Navbahor” chempionlikka asosiy da’vogar. Siz ham bu yerga sovrin yutish uchun kelgansiz. Jamoa har tomonlama tayyormi?

- To‘g‘ri, men “Navbahor”ga 1-o‘rinni olish uchun kelganman. Ular ham meni shuning uchun chaqirishgan. 2-o‘rin menga ham va meni taklif qilgan insonlarga ham unchalik to‘g‘ri kelmaydi. Hammamiz birgalikda harakat qilamiz. To‘g‘ri, ochkolar yo‘qotdik. Ammo hammasi o‘z qo‘limizda. To‘g‘rilasak bo‘ladi. Vodiyda muxlislar to‘la stadionda o‘ynash baribir yoqimli. Shunday yuqori muhitni istaganim uchun ham shu yerga o‘tganman. Har xil performanslar, ajoyib qo‘llab-quvvatlashlar – hammasi juda yoqimli.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bu yerga chempion bo‘lish uchun kelganman" - Temurxo‘ja Abduholiqov