10:00 / 22.04.2023
601

"Paxtakor" chempionlikni boy berishi mumkin...

"Paxtakor" chempionlikni boy berishi mumkin...
Superliganing 7-turi start oldi. Markaziy o‘yin bugun o‘tkaziladi. Oldingi hafta derbini yutqazgan OKMK "Jar" stadionida amaldagi chempionni qabul qilishi kerak.
O‘yinga qadar "Paxtakor", bahs yakuniga yetganidan keyin Olmaliq klubi haqida fikr yuritishga qaror qildik. Dastlab, "sherlar" haqida:
 
"Paxtakor" o‘yinni yutqazishi mumkin...
 
Mavsum startini juda yomon boshlagan poytaxt klubi bir qarashda "Navbahor" bilan o‘yindan keyin "ochilib ketgandek" ko‘rinmoqda. Lekin o‘sha o‘yin 2 karra ishtiyoq evaziga yutilgani, keyingi turlarda mag‘lub qilingan raqiblar "Paxtakor"dan 2 hissa kuchsiz bo‘lganini unutmaslik kerak:
 
1) O‘zaro to‘qnashuvlarda oxirgi 14 o‘yinning barchasini yutqazgan "Metallurg" yana bir bor taslim qilindi.
2) So‘nggi 4 to‘qnashuvda "Paxtakor"dan 21ta gol qabul qilib olgan "Qizilqum"ga yengildi.
3) Bir kishi ko‘p bo‘lsa-da 8 oy (16 tur)dan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan "So‘g‘diyona" mag‘lub qilindi.
 
Aytmoqchimanki, "sherlar" xotirjamlikka berilishi uchun hali ancha erta. Shatskixning ta’biri bilan aytganda, "Paxtakor" futbolchilari ketma-ket g‘alabalardan keyin yana professorlardek maydonga chiqishsa, OKMK bugun 11 o‘yinlik tanaffusdan keyin amaldagi chempionni mag‘lub qiladi.
 
"Paxtakor" chempionlikni boy berishi mumkin...
 
Agar himoyadagi ishlar tartibga solinmasa. Tepada aytilganidek, "sherlar" qatorasiga 4 o‘yinda 3 ochko olishdi. Lekin ulaning barchasida jamoa u yoki bu shaklda gol o‘tkazib yuboryapti. Mavsum boshidan beri "Paxtakor" darvozasiga kirgan to‘plarning umumiy soni esa 9taga teng.
 
Mudofaa chizig‘idagi vaziyat qanchalik yomonligini anglashingiz uchun ba’zi faktlarni keltiramiz. "Paxtakor" 2022 yilda 9-golini birinchi davraning so‘nggi turida o‘tkazib yuborgan. 2021 yilda esa jamoa posbonlari shuncha gol "qabul qilishi"ni naq 21 tur kutgan edik!
 
Statistikaning bu qadar yomonlashishiga penaltilarning hissasi ham katta. "Paxtakor" darvozasi tomon 6ta turda 5 bor 11 metrli jarima belgilandi. Ma’lumot uchun, 2021 yil butun mavsum davomida faqat 1 marta shunday voqea sodir bo‘lgan.
 
Toshkent klubi muxlislariga yoqmaydigan yana bir fakt keltiramiz. "Paxtakor" mavsum startidagi 6 turning hech birini "quruq" tugata olmadi. Bunaqasi klub tarixida faqat bir gal ro‘y bergan (1999), o‘sha mavsumni "sherlar" 4-o‘rinda yakunlashgan edi.
 
Orqa chiziqda tartib o‘rnatmay turib, muvaffaqiyatga erishib bo‘lmasligini "Paxtakor" rahbariyati, murabbiylar shtabi yaxshi tushunib turibdi. Shuning uchun ham ular Sherzod A’zamov tezroq safga qaytishini xohlashmoqda.
 
Bunga biroz vaqt kerak. Kunning asosiy muammosi esa OKMKning tezkor qanotlari (Gadoyev va G‘iyosov) hamda baquvvat hujumchisi (Martin Boake)ni to‘xtatib qolishdir. Bu haqda o‘yindan keyin gaplashamiz...
 
Faxriddin Ro‘ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor" chempionlikni boy berishi mumkin...