10:23 / 05.05.2023
565

Superliga. "Nasaf" "Navbahor"ni yutish u yoqda tursin, hatto...

Superliga. "Nasaf" "Navbahor"ni yutish u yoqda tursin, hatto...
Superliganing 9-turiga start berildi. Bu safargi markaziy to‘qnashuv Qarshi shahrida yuz beradi. U yerda maydon egalari – “Nasaf” “Navbahor”ni qabul qiladi. Ha, bu chinakamiga afisha va ortiqcha ta’rifga ham hojat qoldirmaydigan qarama-qarshilik. Ikkala jamoaning ambitsiyalari, maqsadlari bir xil. To‘g‘ri, bu borada aytish mumkinki, “Nasaf” asosan o‘zining tarbiyalanuvchilari va bilimdon murabbiyi bilan sovrin yutish ilinjida mashaqqatli yo‘lga chiqqan. “Navbahor” ham shu yo‘lda, faqat ular O‘zbekistonning top-o‘yinchilari bilan birgalikda manzilga birinchi yetib kelishni maqsad qilishgan. Bu aynan Samvel Babayaninng bosh vazifasidir.
 
Chempionatimizning ikki medallar ishtiyoqida yonayotgan jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv qanday o‘tishini tasavvur qilavering. Bir-biriga raqobatchi jamoalar bunday to‘qnashuvda eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatish harakatida bo‘ladilar. Esimda, o‘tgan yili Qarshida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Navbahor” shunday o‘yin ko‘rsatgandiki, mezbonlarni har tomonlama bloklab qo‘ygandi. Babayan Berdiyevni “shaxmat”chasiga mag‘lubiyatga uchratgandi.
 
Statistika ham shuni ko‘rsatib turibdiki, Superligada oxirgi yillarda “Nasaf” “Navbahor”ni yutishga qiynalyapti. Chempionatda hozirga qadar 52 ta o‘yin bo‘lib o‘tgan. “Nasaf”da 22 ta, “Navbahor”da 14 ta g‘alaba bor. 16 ta uchrashuvda durang natija kuzatilgan. To‘plar nisbati 79\67 “Nasaf” foydasiga. Ikkala jamoaning o‘zaro uchrashuvlardagi eng yirik g‘alabalari 6:0 ni tashkil qilyapti. 2004 yilda “Navbahor” Namanganda javobsiz 6 ta gol urgan, “Nasaf” esa 2016 yilgi chempionatda namanganliklarni 6:0 hisobida tor-mor keltirgandi. Endi bu jamoalarning oxirgi yillardagi o‘zaro uchrashuvlariga to‘xtalamiz.
 
Namanganliklar ikki yildan beri Qarshidan 0:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytishmoqda. 2019 yili ham “Navbahor” “Nasaf” maydonida yagona gol evaziga yutib ketgan. Xullas, Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi oxirgi marta “Navbahor”ni 2017 yilgi chempionatning birinchi davrasida yenggan. O‘shanda Qarshida 4:0 hisobi kuzatilgan. Shu g‘alaba “Nasaf” uchun oxirgisi bo‘lib kelyapti. Shundan beri yo durng yo “Navbahor” yutyapti. Yana bir ma’lumot: so‘nggi beshta to‘qnashuvda “Nasaf” “Navbahor”ni yutish u yoqda tursin, hatto darvozasiga yo‘l topa olmayapti. 2020 yilgi birinchilikning dastlabki davrasidagi bahsda “Nasaf” o‘z uyida 2:2 hisobida durang o‘ynagan. Shundan beri qarshiliklar “Navbahor”ga gol ura olishni uddalay olmayapti.
 
“Navbahor” Qarshiga musobaqa peshqadami sifatida kelyapti. Ularni hisobida 15 ochko bor. “Nasaf” esa 14 ochko bilan 5-o‘rinda. Lekin o‘rtada faqat 1 ochkolik farq turibdi xolos. Birgina g‘alaba qarshiliklarni yetakchiga aylantirib qo‘yishi ham mumkin. Buning uchun “Nasaf” “Navbahor”ga qarshi yoqimsiz an’anasini buzishiga to‘g‘ri keladi. Lekin o‘z navbatida “Navbahor” ham Qarshidagi g‘alabali seriyasini yana davom ettirish uchun bor imkoniyatini ishga solishi turgan gap. Rosti, jamoalardan ochiq o‘yin kutish qiyinroq. Murabbiylar tomonidan ishlab chiqilgan taktik uslublar ushbu bahsda asosiy o‘ringa chiqadi. O‘tgan yili Samvel Babayan tanlagan taktikasining ish berishi evaziga qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritib ketgan.
 
Bilasiz, “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiyev diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni murabbiylar shtabida ko‘ra olmaydi. Uning yordamchisi Shuhrat Toshpo‘latov bosh murabbiyning ko‘rsatmalarini maydon chetida futbolchilarga yetkazib turibdi. Berdiyevning yo‘qligi jamoa a’zolariga u qadar ta’sir ko‘rsatmasa ham kerak. Har holda “Nasaf” o‘tgan safar ham Berdiyevsiz g‘alaba qozondi. Lekin bu safargi raqib “Navbahor” ekanligini hisobga olsak, endi Berdiyevning zaxira o‘rindig‘ida bo‘lishi mezbonlarga juda zarurdek. Ustiga-ustak “Navbahor”da shunday o‘yinchilar borki, ular bemalol nafaqat Osiyoda, balki Yevropada to‘p surish imkoniyatiga egalar. Oston O‘runov bugungi kunda shubhasiz O‘zbekiston chempionatida o‘ynayotgan eng kuchli o‘yinchi. Uning darajasi Superliganikidan baland, desak bu mubolag‘a bo‘lmasa kerak. “Nasaf” bilan uchrashuvda ham O‘runovni “yopish” “Nasaf” yigitlariga qo‘shimcha muammolar tug‘dirsa ajab emas.
 
Berdiyev va Babayan tanlaydigan taktikaga ham ko‘p narsa bog‘liq. Muhimi, markaziy o‘yin maqomiga mos tarzda, o‘tishidan umid qilamiz.
 
Shuhratbek Jo‘rayev.
Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliga. "Nasaf" "Navbahor"ni yutish u yoqda tursin, hatto...