11:41 / 07.05.2023
162

"Nasaf" yoki "Navbahor"? Kimning g‘alaba uchun imkoniyati yaxshiroq?

"Nasaf" yoki "Navbahor"? Kimning g‘alaba uchun imkoniyati yaxshiroq?
Superliganing 9-turidan o‘rin egallagan "Nasaf" - "Navbahor" bahsi so‘zsiz chempionatda burilish yasab yuborishi mumkin. Endi o‘ziga kelayotgan "ajdarlar" o‘tgan yilgidan ham balandroq parvoz qilishni reja qilgan "lochinlar"ni qabul qiladi. Xo‘sh, jamoalarning imkoniyati qanday? Qaysi o‘yin uslubidan foydalaniladi? Kimning qanday "kozir" qartasi bor? Bugun, bo‘lajak bahsni analiz qilamiz.
 
Taktik to‘qnashuv: Markaz qanotlarga qarshi!
 
Taxminiy sxemalar 3-5-2 : 4-2-3-1
Raqamlar "random" tanlangan
 
Futboldagi o‘ziga xos klassik to‘qnashuv. Maydon markaziga urg‘u beruvchi "lochinlar", butun maydon bo‘ylab keng joylashib harakat qiluvchi "ajdarlar" mehmoni bo‘ladi. Ikki jamoaning asosiy kuchi maydonning boshqa-boshqa tomonlarida bo‘lgani bois, “Nasaf” qanotlarni, “Navbahor” markazni egallashga urinadi. Ijrochilar borasida ham deyarli tenglik guvohi bo‘lishimiz mumkin. Shu bois, bahsni tomoshabop bo‘lish ehtimoli juda past. Ikki tomonning ehtiyotkorligini inobatga olsak, juda ko‘p narsani birinchi gol hal etib qo‘yishi mumkinligini tushunishimiz mumkin. Imkoniyatlar borasida to‘liq tenglik. Ikki tomon ham o‘z kuchli qartalariga ega. Qanotlardagi mobillik borasida “Nasaf” bir qadam oldinda bo‘lsa, maydon markazidagi kuchli bosim “Navbahor” uchun kerakli natijani ta’minlab berishi mumkin.
 
O‘yinga tanlangan taktik sxema bu bahsda katta ahamiyat kasb etmasligi aniq. Sababi, raqiblar bir-birini juda yaxshi o‘rgangan va kuchli tomonlariga yarasha "kontr" javob tayyorlagani aniq. Masalan, “lochinlar” qanot himoyachilari kamroq oldinga chiqib, Nasrullayev/Muhammadiyev tandemini qo‘riqlasa, “Nasaf” markazi pressingda faol ishlashga urinadi. Ya’ni, ikki tomon ham raqibdan kelib chiqib futbol o‘ynaydi. Bu esa, bahsning zerikarli "shaxmat partiyasi"ga aylanib ketishi ehtimolini oshiradi. Voqealar rivojini kiritilgan tezkor golgina o‘zagartirishi mumkin. Boshqachasiga, maksimum birgina gol tomosha qilish imkonini beradigan o‘yin bizni kutmoqda.
 
"Nasaf" asosiy kuchi nimada?
 
Birinchi navbatda standart vaziyatlarni alohida e’tirof etish lozim. “Ajdarlar” “uyga vazifani” yaxshi yo‘lga qo‘ygani bir nechta o‘yinda muhim 3 ochkoni keltirganini ko‘rdik. Shuningdek, maydon egasi ekanligi ham qisman qo‘l keladi. Ba’zan, o‘z uyida “ajdarlar” mehmondagi bahsdagi kabi sovuqqonroq bo‘lmasligi isbotini topgan, ammo bunday og‘ir o‘yinlarda maydon egalarini qo‘llab-quvvatlashga kelgan ishqibozalar "12-o‘yinchi" vazifasini bajarib berishi mumkin. Doim liq to‘la arenada harakat qilishga o‘rgangan qarshiliklar joriy mavsumda muxlislar tashrifi bo‘yicha kuchli to‘rtlikda ham yo‘q. Balki, Samvel Babayan boshchiligidagi yulduzli “Navbahor”ning kelishi “Markaziy”ga avvalgi fayzini qaytarar?!
 
“Navbahor”ning asosiy kuchi nimada?
 
Birinchi navbatda, jamoa juda og‘ir ruhiy bosimni yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. OKMK bilan bahsdagi alamli mag‘lubiyatdan so‘ng jamoa ketma-ket g‘alabalarga erishib, turnir jadvalida ancha yuqoriladi. Boz ustiga, zich taqvimda ham rotatsiyadan foydalanmagan “lochinlar” yaxshigina dam olishga ulgurdi. Namanganliklar atrofidagi yomon energiya tarqab, uning o‘rnini chempionlik istagi egallamoqda. Bahs juda yopiq o‘tishi sababli g‘alabani kichik epizodlarda faolroq bo‘lgan tomon o‘z hisobiga yozib qo‘yishining ehtimoli yuqori. “Nasaf”dan farqli o‘laroq, “Navbahor”da maydonning deyarli barcha nuqtasida a’lo darajada to‘p surishga qodir alternativ variantlar mavjud. Qo‘shimchasiga, zaxira o‘rindig‘i ham mehmonlarda anchagina qudratliroq. Bu omil ikkinchi bo‘limda tablodagi hisobga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni amalga oshirish imkonini taqdim etadi.
 
Imkoniyatlar 50:50
 
Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Menimcha, vaziyatga qaysi tomondan qarasangiz, yakuniy xulosa siz turgan tomon foydasiga hal bo‘ladigandek ko‘rinaveradi. “Nasaf” kuchli pressing va tezkor futbolga ishonsa, “Navbahor” tartibli himoya va tezkor qarshi hujumlar bilan qurollangan. Agar vaziyatga obyektiv qarasak, bahs oldidan ikki jamoaning imkoniyati teng - 50:50! Xo‘sh, unda g‘alaba kim tomonda bo‘ladi, degan o‘rinli savol paydo bo‘lishi mumkin. O‘ylashimcha, bunday “katta” o‘yinlarda birinchi gol barchasini hal etadi. Uni kim kiritishi esa, bellashuvning borishini keskin o‘zgartirishi mumkin. Agar mehmonlar birinchi bo‘lib hisobni ochsa, tamom, yopiq, pastroq tempdagi futbol tomosha qilishga to‘g‘ri keladi. Agar maydon egalari “pochin”ni ochsa, unda “Navbahor”ning hujumkor versiyasini ko‘ramiz. Yakunda, "shaxmat partiyasi" bo‘lishi taxmin qilayotgan o‘yinimiz chinakam “otishma”ga aylanib ketishi mumkin.
 
Barchasi o‘yinda sodir bo‘lgan voqealardan kelib chiqib, o‘zgarib boradi. Shunga qaramay, bir narsa aniq. Bahs oldidan ikki jamoa ham bir xil imkoniyatga ega. Asosiysi, kim o‘z ustunligidan qay darajada naf chiqara olishida. Barchasini 7 may kuni bo‘lib o‘tadigan bahsda tomosha qilish imkoniyatimiz bor.
 
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" yoki "Navbahor"? Kimning g‘alaba uchun imkoniyati yaxshiroq?