15:07 / 08.05.2023
188

Penaltini qanday qaytargani, Katanes va boshqalar haqida Sanjar Quvvatov nimalarni aytdi?

Penaltini qanday qaytargani, Katanes va boshqalar haqida Sanjar Quvvatov nimalarni aytdi?
“Paxtakor” klubi chempionatning 9-turida Yaypanda “Turon” jamoasi mehmoni bo‘ldi. Bahs taqdirini penaltidan urilgan yagona gol hal qildi.
 
Ammo ungacha mezbonlar “Paxtakor” darvozasiga penaltidan gol ura olmadi. Bunda jamoa posboni Sanjar Quvvatovning mehnati katta bo‘ldi. U raqib hujumchisining zarbasini qaytarib, “Paxtakor”ni muqarrar goldan saqlab qoldi va bundan tashqari ham raqib hujumlarini bartaraf etib turdi.
 
Natijada Quvvatov uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Sports.uz jurnalisti Sanjar Quvvatovdan intervyu oldi.
 
- “Turon”ga qarshi bahsda “Paxtakor” yagona gol evaziga g‘alaba qozondi. O‘yin qanday o‘tdi?
- Eng muhimi biz uchun g‘alaba bo‘ldi. Uch ochko juda kerak edi. Lekin qiyin uchrashuv kechdi. Chunki biz zaxira almashtirishlarisiz o‘ynadik. Buning sababini murabbiyimiz uchrashuvdan keyin aytib o‘tdi. Bir qator o‘yinchilarimiz betob bo‘lib qolishgan. Zaxirada yosh futbolchilar bor edi, kichik hisob qayd etilayotgani bois o‘zgarishlarga qo‘l urilmadi. O‘yin qiziq bo‘ldi. Bizda ham, ularda ham imkoniyatlar mavjud edi. O‘zimiz imkoniyatimizdan foydalana oldik. Shuning uchun g‘alabaga erishdik.
 
- “Paxtakor”ning g‘alaba qozonishida sizning hissangizni alohida e’tirof etish kerak. Boisi, penaltini qaytardingiz va o‘yin davomida ham faollik ko‘rsatib turdingiz. Yakunda uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandingiz. Penalti tepilayotganda raqib futbolchisining qayerga zarba berishini payqadingizmi yoki tavakkalona bo‘ldimi?
- Penalti lotereyadek gap. To‘g‘ri, kimning qayerga tepishini sezib turasiz. Ammo hamma o‘yinchi har xil tepadi. Yana qaytaraman: penalti – bu lotereya.
 
- Lekin zarbani qaytarishingizga ishongandingiz...
- Har bir penalti tepilayotganda darvozabon qaytaraman deb ishonadi. To‘p qanday tepilishiga ham bog‘liq. “Neftchi” bilan uchrashuvdagi penaltida ham qaytargandim, ammo futbolchi zarbani kuchli tepgani uchun qo‘limga tegib kirib ketdi. O‘shanda zarbaning kuchli kelishini hisobga olmasdan qo‘limni qo‘ygandim. Penaltida shunga o‘xshagan narsalar bo‘lib turadi. Bunday lotereyada topsangiz topdingiz, bo‘lmasa yutqazasiz. Eng asosiysi, omadimiz keldi. Kimnidir alohida ajratib aytib bo‘lmaydi. Bu jamoaviy g‘alaba. Hamma futbolchilar yaxshi o‘ynadi. “Turon” ham jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Puxta tayyorgarlik ko‘rgan ekan.
 
- “Paxtakor” 8 ta o‘yinda o‘z darvozasidan 10 ta gol o‘tkazib yubordi. Bu chempion jamoa uchun ko‘p. Statistik raqamlarni kuzatib boryapsizmi? “Paxtakor” nega ko‘p gol o‘tkazib yuboryapti?
- To‘g‘ri, statistikani kuzatib boramiz. Biz uchun muhimi, ko‘proq nolga o‘ynash. Shunaqa vaziyatlar bo‘ladiki, darvozamizga urilgan gollar xuddiki, kombinatsiya yoki keskin hujum oqibatida emas, balki qandaydir g‘alati gollar. Masalan, “So‘g‘diyona” bilan o‘yinda raqib futbolchisi to‘pni yaxshi tepa olmadi, ammo shunaqa holatda ham to‘p darvozaga kirib ketdi. Hisoblasak, bizning darvozamizga qo‘yilgan penalti menimcha, hali hech kimni darvozasiga qo‘yilmagan. 8 ta o‘yinda 5 yoki 6 ta penalti qo‘yishdi.
 
- “Paxtakor” chempionatni 2 ta mag‘lubiyat bilan boshlagandi. Mana, ketma-ket 6 ta uchrashuvdan beri faqat yutyapti. Nima deb o‘ylaysiz, jamoaning o‘ziga kelishi uchun o‘sha 2 ta mag‘lubiyat kerakmidi?
- Bizga mag‘lubiyat kerak yoki kerak emasdi, deb ayta olmayman. Chempionatning boshlanishi edi, kimdir yutqazadi, kimdir yutadi. Mayli, boshida mag‘lub bo‘lgandirmiz, qolganlarida yutqazmaylik. Hammasi boshida qolib ketsin. Og‘ir yig‘indan keyin o‘zimizga kelishimiz biroz qiyin bo‘ldi. Balki ikkita uchrashuvda shu narsalar ham sabab bo‘lgandir. Hozir hammasi yaxshi, jamoa o‘ziga kelib oldi. Bu bo‘ldi, endi bemalol o‘ynasak bo‘ladi, yutyapmiz, degani emas. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
 
- Sizni terma jamoada kutayotganlar ham bor. O‘zingizni terma jamoaga qanchalik tayyorman deb hisoblaysiz?
- Katanes kelganda uning birinchi yig‘iniga borganman. Murabbiyni futbolga qarashlari bo‘ladi. Balki unga yoqmagandirman. Yetarlicha kuchim yetmayotgandir. Men har doim faoliyatimni tugatgunimga qadar terma jamoaga tushishga harakat qilaman. Lekin termaga chaqirmasa bu men uchun sharmandalik emas. Agar chaqirishsa bu men uchun sharaf. Har doim bor kuchim bilan harakat qilganman. Terma jamoaga chaqirishsa xursand bo‘laman, chaqirishmasa xafa bo‘lmayman. Har bir insonni o‘z fikri bor.
 
- “Paxtakor” 18 ochko bilan yakka peshqadamga aylanib oldi. Shaxsiy fikringizcha, “Paxtakor”ning birinchi raqamli asosiy raqobatchisi kim?
- Aynan bitta jamoani aytish qiyin. Masalan, “Navbahor”, “Nasaf”, “Bunyodkor”, “Neftchi” singari klublar yaxshi o‘yin ko‘rsatishyapti. Hozir hamma jamoa futbol o‘ynashni o‘rgandi. Eng oxirgi o‘rindagi klub ham yetakchiga yetarlicha qarshilik ko‘rsata oladi. Masalan, “Turon” hali yutgani yo‘q, pastda yuribdi. Shunaqa qarshilik ko‘rsatyaptiki, oson futbol o‘ynab bo‘lmayapti. Har bir jamoa yetarlicha qarshilik ko‘rsata olyapti. Alohida bitta jamoani raqib deb aytib bo‘lmaydi. Menimcha, asosiy chempionlik uchun kurashadigani bu “Navbahor”.
 
Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Penaltini qanday qaytargani, Katanes va boshqalar haqida Sanjar Quvvatov nimalarni aytdi?