Biroz avval Evropa chempionlar ligasi yarim finalidan o‘rin olgan "Milan" - "Inter" bahsi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv haqida aytish mumkin bo‘lgan barcha fikrlarni Italiya futboli bo‘yicha mutaxassis Shohrux Zoirov bitta joyga jamlashga qaror qildi.
Leauning yo‘qligi
"Milan" uchun jiddiy yo‘qotish, shubhasiz. Bunday bo‘lishi bahs oldidan ham kutilgandi, bellashuv start olgach fikrlar to‘laqonli isbotini topdi. "Inter" mudofaasini yorib o‘tish uchun "rossonerilar"ga aynan Leaudek futbolchi etishmadi. Salemakers, Dias, Messias kabi yigitlarga ko‘k-qora libosdagi "jangchilar" imkon berishmadi.
Rafaning "Milan"ga o‘ta muhim ekani minusga ishlashi mana shunday muhim o‘yinda ko‘rinib qoldi.To‘g‘ri, u bilan Pioli shogirdlari chempion bo‘lgan "Napoli"ni yanchib tashlashi mumkin. Biroq usiz "Milan" tamoman boshqa jamoaga aylanib qolishi ham ayni haqiqat!
Tezkor gollar
"Milan" uchun omadning qo‘ldan ketishi aynan tezkor gollar orqali ma’lum bo‘lgandi. 3 daqiqada 2 gol o‘tkazib yuborgan "qizil-qoralar" vaziyatni o‘nglash uchun tayinli yo‘l topa bilmadi. Klub raqib darvozasiga ilk aniq zarbasini 81-daqiqada yo‘lladi. Achinarli holat, shunday emasmi?
Gollardan ruhlangan "Inter" ishonchli harakat qilishda davom etdi. Shuningdek, Indzagi jamoasi o‘z mudofaa chizig‘ida hamshaharlarini butunlay zararsizlantirib qo‘ya oldi. Markaz va qanotdan kirib borish yo‘lini topa olmagan "Milan" futbolchilari "inglizcha futbol"ga o‘tib olishdi. To‘pni qanotlardan raqib jarima maydoniga uzatib berib, Jiruning ikkinchi qavatdagi ustunligidan foydalanishga harakat qilindi. Ammo bu tanlov ham samara keltirmadi.
Bennaserning jarohati
Ko‘pchilik e’tibor bermagan yana bir faktor. 18-daqiqada jazoirlik yarim himoyachi Ismael Bennaser jarohat olib, maydonni tark etdi. Bog‘lamlarda faol ishtirok etadigan futbolchi o‘rniga vinger Junior Messias maydonga tushirildi. Shu tariqa, markaz "neradzurrilar" qo‘liga beixtiyor topshirib qo‘yildi. Barella-Chalxanog‘lu-Mxitaryan triosi Tonali-Krunich duetini "ishdan chiqarib tashladi".
Krunich aslida hujumchi ortida harakat qilardi. Ammo Bennaser ketgach, uning zonasini yopish uchun Rade ortga tortildi. O‘zi uchun noqulay bo‘lgan pozitsiyada bosniyalik charm to‘p ustasi mukammal o‘yin namoyish eta olmadi. Shuningdek, u bellashuvda eng past ballga loyiq ko‘rilganini ham ta’kidlab o‘tish kerak.
Kim nimada kuchli yoki kuchsizlik qildi?
Tan olish kerak, "Inter" dastlabki 45 daqiqalikni mukammalga yaqin o‘tkazdi. Imkoniyatlardan maksimal foydalandi, raqibning o‘yini chiqishiga yo‘l qo‘ymadi, maydonda hamma jarayonni o‘z nazorati ostida ushlab turdi. Biroq "ilonlar" qanotda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligi ko‘rinib qoldi. Ayniqsa, keyingi uchrashuvda Leau qaytadigan bo‘lsa, Teo va Leau "Inter"dagi yigitlarni ancha ter to‘kishga majbur qiladi.
Yuqorida "Inter"ning yarim himoyada ajoyib harakat qilganini aytib o‘tdik. Aslida, bunga raqibning resurslardagi muammolarigina emas, balki Indzagi shogirdlarining taktik ishlanmalarni yaxshi o‘zlashtirgani ham sabab bo‘ldi. Barella hujumni to‘xtatish va jamoasi uchun hujum boshlab berishda yaxshi o‘ynadi. Mxitaryan raqiblarni chalg‘itish bilan mashg‘ul bo‘lgan ersa, Chalxanog‘lu "Inter"ning o‘yiniga "rang qo‘shuvchi kreator" vazifasini a’lo darajada bajarib berdi. Bu trioga qarshi "Milan"ning ojizlashgan markazi hech qanaqasiga munosib qarshilik ko‘rsata olmadi.
Javob o‘yini oldidan "Inter"da yaqqol ustunlik bo‘lmaydi. Sababi...
0:2 hisobi "Milan" uchun yaxshi natija. G‘alati eshitildi-a?! Ha, rostan shunday. Boisi, tablodagi "rossonerilar"ga qarshi tarafda bundanda kattaroq raqamni ko‘rishimiz ham mumkin edi. Javob uchrashuviga qadar yo‘qotishlar o‘rnini tiklagan Pioli o‘zgacha "Milan" bilan qaytishini inobatga olsak, "Inter"da juda katta ustunlik bor, deya olmaymiz. Shunga qaramay, tan olish kerak, "neradzurrilar" yarim finaldagi 4 klub ichida finalga eng yaqin turgan jamoa hisoblanadi. Bu FAKT!
Nega "Inter" libosida homiy nomi keltirilmagan?
Ha, qisqacha ma’lumot berish kerak bo‘lgan yana bir jihat. "Inter" harakat qilgan libos oldida homiy nomi yo‘q edi. Bu qanaqadir PR yoki alohida boshqa narsa emas. Shunchaki jamoaning avvalgi homiy ("digitalbits") bilan shartnomasi bekor qilingan, yangisi bilan esa hali kelishuv amalga oshirilmagan. Bor gap shu!
Tomonlar o‘rtasidagi javob o‘yini 16 dan 17 mayga o‘tar kechasi 00:00 da start oladi. Yana bir shiddatli derbi bizni kutib turganiga aslo shubha yo‘q!
Shohrux Zoirov
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring