Kecha 14 may kuni mamlakatimiz futboli afsonasi, faxriy futbolchi va murabbiy Birodar Abduraimov 80 yoshni qarshi oldi.
SHu munosabat bilan O'zbekiston futbol associaciyasida Birodar Hasanovich va yaqinda o'zining 60 yoshini qarshilagan Igor SHkvirinning yubileyi munosabati tadbir bo'lib o'tdi.
O'FAda O'zbekiston respublikasi prezidenti maslahatchisi Odil Abdurahmonov, O'FA prezidenti Abdusalom Azizov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Irmatov, O'FA vice-prezidenti Azizbek Ikromov, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov, qo'shni davlatlardan tashrif buyurgan futbol faxriylari, shuningdek yaqin va uzoq o'tmishdagi futbolimiz yulduzlari ishtirok etdi. Yig'ilganlar Birodar Abduraimov va Igor SHkvirinning yubiley bilan tabrikladilar va sermahsul faoliyatlarini yodga oldilar.
Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq o'zining yuksak professional mahorati, bilim va tajribasi bilan mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o'zbek futboli maktabi ananalarini shakllantirish, uning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish borasidagi katta xizmatlari, milliy terma jamoa uchun istedodli futbolchilarni tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, sadoqat ruhida etuk va barkamol etib tarbiyalash, aholi o'rtasidagi sog'lom turmush tarzini keng targ'ib etishga qo'shgan munosib hissasi, shuningdek, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun Birodar Hasanovich Abduraimov «Mehnat shuhrati» va Igor Anatolevich SHkvirin «Do'stlik» ordenlari bilan mukofotlandi.
Tadbir davomida O'FA prezidenti futbol jamoatchiligi nomidan faxriylarni tabriklab, ularga uzoq umr va sihat-salomatlik tiladi.
"O'zbek futbolini dunyoga tanitgan va vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilayotgan futbolimizning ikki afsonasi mehnati Prezidentimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Ko'pgina iqtidori yoshlarni tarbiyalagan, va futbolimiz rivojiga ulkan hissa qo'shgan faxriylar hech qachon etibordan chetda qolishmaydi. Sizning hayot yo'lingiz yosh futbolchilar uchun namuna bo'lishi kerak. Men ishonaman, hozirgi futbol faxriylarimiz o'z ishlarini davom ettirishadi va yana ko'p kuchli futbolchilarni terma jamoalarimizga tarbiyalab berishadi" — dedi O'FA prezidenti.
O'z navbatida, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov ham yubiley yoshni qarshi olgan sportimiz fidoyilarining futbolchi va murabbiylikdagi yutuqlarini eslab o'tdi. SHuningdek qo'shni davlatlardan tashrif buyurgan futbol faxriylari, klublar hamda Birodar Abduraimov bilan bir davrda faoliyat olib borgan bir qator afsonalar kun qahramonini muborakbod etishdi.
Tadbir davomida minnatdorchilik ramzi sifatida turli tashkilotlar tomonidan mukofotlar va esdalik sovg'alari topshirildi.
Taqdirlash marosimidan so'ng «Paxtakor» stadionida o'zbek futboli afsonasi Birodar Abduraimovning yubileyi munosabati bilan o'rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi. Unda yurtimizning faxriy futbolchilaridan iborat O'FA terma jamoasi hamda Abduraimov bilan turli davrlar va mamlakatlarda faoliyat olib borgan do'stlaridan tarkib topgan jamoa o'rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Qiziqarli va kurashlarga boy o'tgan o'yinda do'stona durang (3:3) qayd etildi.
Manba: O‘FA matbuot xizmati
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring