Xabaringiz bor, Ravshan Haydarov qo'l ostidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi jahon chempionatining "A" guruhida Argentina, Yangi Zelandiya va Gvatemala jamoalariga qarshi maydonga tushib, 4 ochko bilan ikkinchi o'rinni qo'lga kiritdi va nimchorak finalga yo'l oldi. Hamyurtlarimiz mazkur bosqichda Isroilga qarshi bahs olib boradi. Mazkur uchrashuv oldidan bo'lajak raqibimiz haqidagi malumotlar bilan o'rtoqlashamiz.
Ishtirok
Isroil o'z tarixida ilk marotaba ushbu turnirda ishtirok etmoqda. Yaqin SHarq mamlakati o'z yurishini Evropa chempionati saralash bosqichidan boshladi. Saralash ikki bosqichda o'tkazildi. Dastlabki bosqichda eng yuqori koefficentga ega Portugaliyadan tashqari 52 terma jamoa 13 guruhga bo'lingan holda bir davra davomida kurash olib bordi. To'rt jamoadan dastlabki ikki o'rinni egallagan hamda eng yaxshi uchinchi o'rin sohibi elit-ligaga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Ilk bosqichda isroilliklar Kipr (1:0), Moldova (6:0) va Niderlandiya (1:4) bilan to'qnash keldi va guruhda ikkinchi bo'ldi.
Elit-ligada esa 28 jamoa to'rttadan etti guruhga bo'lingan holda kurash olib bordi. Faqatgina guruh g'oliblari Evropa chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritishi mumkin edi. 1-guruhdan o'rin olgan Ofir Haim shogirdlari Vengriya (0:0), Turkiya (3:1) va SHotlandiya (1:0)ni ortda qoldirib, peshqadam sifatida qita chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdi.
Slovakiyada o'tkazilgan U-19 Evropa chempionatida esa mezbonlar bilan birgalikda 8 ta terma jamoa ishtirok etdi va ularning 5 tasi jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. "A" guruhidan o'rin olgan raqibimiz Serbiya (2:2), Avstriya (4:2) va Angliya (0:1) bilan ro'baro' kelib, 4 ochko bilan guruhda ikkinchi o'rinni egalladi va amalda mundial chiptasiga ega chiqdi. Yarim finalda esa jamoa Franciya (2:1)ni musobaqadan chiqarib yubordi. Hal qiluvchi bahsda esa qo'shimcha bo'limlarda Angliyaga yutqazib qo'ydi — 1:3.
Jahon chempionatida ishtirokini esa "C" guruhida boshlagan Haim murabbiyligidagi jamoa dastlab Kolumbiyaga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydi. Mazkur bahsda debyutantlar raqibga nisbatan faolroq o'yin namoyish etishdi. Ammo o'z darvozasiga belgilangan penalti va o'yin yakunida raqib jamoaga qulay zarba berish imkoniyatini taqdim etgani tufayli ochkodan mahrum bo'ldi.
2-turda esa Isroil Senegalni taslim eta olmadi (1:1). Uchrashuv afrikaliklarning katta ustunligi ostida o'tdi. Ammo Yaqin SHart davlati posbonining say-harakatlari va tartibli o'yin evaziga Evropa vakillari ilk ochkosini qo'lga kiritdi.
So'nggi turda imkoniyati past baholangan jamoa dastlab Yaponiyadan gol qabul qilib oldi. Qolaversa, 68 daqiqada isroilliklar maydonda bir kishi kam bo'lib qoldi. Umuman olganda, Isroil o'yinning dastlabki qismida ustunlikni raqibga berib qo'ydi. SHunga qaramasdan, sharqliklar iroda namoyish etgan holda qitadoshlarimiz darvozasiga ikki bor to'p kiritib, yakunda ularni guruhda qoldirib ketdi va biz singari ikkinchi o'rin bilan 1/8 final yo'llanmasiga ega chiqdi.
Tarkib
Jamoa futbolchilarining umumiy transfer qiymati 3,26 mln evroni tashkil etadi. Ofir Haim tarkibga jalb etgan 21 nafar futbolchining 20 tasi mahalliy chempionatda to'p tepadi. Faqatgina Tai Abed Niderlandiyaning PSV klubi sharafini himoya qiladi. Biroq u joriy mundialda etakchi bo'lgani yo'q. Asosan, to'rt nafar futbolchi ko'proq diqqatimizni tortdi.
Tomer Zarfati (darvozabon)
"Makkabi Netanya" posboni jamoaning guruhdan chiqishida katta rol o'ynadi. Aynan uning sharofati bilan Yaqin SHarq mamlakati mag'lubiyatlardan qutulib qoldi. Zarfati uch o'yin davomida 57 ta golning oldini olgan. Malumot uchun, O'zbekiston yoshlar terma jamoasi posboni Otabek Boymurodovda bu ko'rsatkich 16 tani tashkil etadi.
Ilay Fayngold (o'ng qanot himoyachisi)
"Makkabi Hayfa" himoyachisi o'zining tezkorligi va hujumlarga faol aralashishi bilan ajralib turadi. Ilay turnir davomida 34,49 km masofani bosib o'tib, o'z jamoasida eng serharakat futbolchi bo'lib turibdi. Qolaversa, u sprint borasida ham eng yaxshi natija (166 ta)ga ega.
Or Israilov (markaziy himoyachi)
"Hapoel Tel-Aviv" mudofaa vakili to'p bilan o'ynashni yaxshi ko'radi. U nafaqat raqib hujumlarini bartaraf etish, balki hujum boshlashda ham faol. Or uch o'yinda sheriklariga 232 ta pas bergan. SHuningdek, himoyachi sheriklari ichida eng ko'p muvaffaqiyatli poziciya o'zgartiradigan uzatma (64 ta) amalga oshirgan futbolchi sanaladi.
Dor Turgeman (markaziy hujumchi)
Jamoasining dastlabki turdagi goliga mualliflik qilgan Dor jamoadoshining tabloga ismini yozib qo'yishida ham hissa qo'shgan. Qolaversa, u golli vaziyat yaratish borasida ilg'orlardan sanaladi (7 ta). To'psevar hujumchi oldingi chiziqda xavf yuzaga keltirish bilan birga himoya va yarim himoya o'rtasida eng ko'p to'p qabul qilgani (47 marotaba) bilan ham ajralib turadi.
Murabbiy
Isroil yoshlar terma jamoasining murabbiylar shtabini mahalliy mutaxassislar tashkil etadi. 48 yoshli Ofir Haim bosh murabbiy sifatida milliy chempionatda ishtirok etadigan "Hapoel", "Makkabi" kabi klublarda ishlagan. O'tgan yil jamoa bilan birga 19 yoshga bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Evropa chempionati finaliga qadar etib borgan.
Ko'rsatkichlar
Asosan, 4-2-3-1 sxemasida harakat qiladigan raqib jamoaning statistikasini aniqroq tasavvur qilish uchun yoshlarimiz qayd etgan ko'rsatkich bilan taqqoslashga qaror qildik. SHu orqali ham isroilliklar haqida kichik xulosaga ega bo'lishingiz mumkin.
To'plar nisbati: 4-4 (Isroil), 5-4 (O'zbekiston)
Sariq kartochka: 10 (Isroil), 7 (O'zbekiston)
Qizil kartochka: 1 (Isroil), 1 (O'zbekiston)
Pas: 1516 (Isroil), 1504 (O'zbekiston)
Aniq pas: 1254 (Isroil), 1243 (O'zbekiston)
Kross uzatma: 40 (Isroil), 60 (O'zbekiston)
Muvaffaqiyatli kross uzatma: 10 (Isroil), 12 (O'zbekiston)
Golli vaziyat yaratishga urinish: 34 (Isroil), 51 (O'zbekiston)
Qoida buzish: 28 (Isroil), 32 (O'zbekiston)
Burchak zarbasi: 8 (Isroil), 21 (O'zbekiston)
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston — Isroil o'rtasidagi 1/8 final uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 31 mayga o'tar kechasi 02:00 da boshlanadi. Mazkur uchrashuvni diskvalifikaciya sababli vakillarimizdan Umarali Rahmonaliev, raqib jamoada esa Ran Binyamin o'tkazib yuboradi.