date
views 542

Mayk Tayson faoliyatidagi eng qiyin jang haqida: “Bunday zarbalarga boshqasi dosh berolmasdi” (video)

Mayk Tayson faoliyatidagi eng qiyin jang haqida: “Bunday zarbalarga boshqasi dosh berolmasdi” (video)

Bundan roppa-rosa 36 yil oldin, 1987 yil 30 may kuni AQShning Las-Vegas shahrida oʻsha vaqtda ogʻir vazn toifasida WBC va WBA kamarlari sohibi Mayk Taysonning sobiq jahon chempioni Pinklon Tomasga qarshi jangi boʻlib oʻtgan. Oltinchi raunddayoq Tomasni nokautga uchratgan Temir Mayk keyinchalik faoliyatidagi eng kuchli raqibi sifatida aynan Pinklonni koʻrsatgan. Quyida ushbu jang tafsilotlari haqida soʻz boradi.

Pinklon Tomas 1984 yilda Tim Uizerspunni ochkolar hisobida magʻlub etib, WBC kamariga ega chiqqandi. Keyin esa Mayk Uiverga qarshi himoya jangini oʻtkazdi va gʻolib boʻldi. 1986 yilda oʻtkazilgan Trevor Berbikka qarshi bahsda esa sensatsion tarzda magʻlubiyatga uchradi. Oʻsha vaqtda Tomasning narkotik moddalar bilan bogʻliq muammolari borligi ma'lum boʻlgandi.

Mayk Tayson esa 1986 yilda ogʻir vaznda WBC kamari sohibi Trevor Berbikka qarshi jang oʻtkazib, gʻalaba qozongan va yangi chempionga aylangan. 1987 yilning 7 mart sanasida esa Jeyms Smitga qarshi WBC va WBA kamarlari uchun ringga koʻtarilib, unda ham gʻolib chiqadi. Temir Mayk Pinklon Tomasga qarshi jangda oʻzining WBC va WBA kamarlarini birinchi marta himoya qilishi kerak edi.

Jang oldidan Tomas Taysonga qoʻl uzatadi va imkoniyat uchun rahmat aytadi. Biroq Mayk bunga haqorat bilan javob beradi.

Tayson birinchi raunddayoq gʻalaba qozonishi mumkin edi

Jangda Mayk Tayson tomoshabinlarga bir yoki ikki emas, balki koʻproq raundlar davomida oʻz mahoratidan bahramand boʻlish imkoniyatini berdi. U birinchi raunddayoq gʻalabani qoʻlga kiritishi mumkin edi. Pinklon chap qoʻl jeb zarbalari bilan Maykni masofada ushlashga harakat qildi. Biroq bu omadli chiqmadi. Tomas raund tugashiga 40 soniya qolganda raqibining oʻng va chap qoʻlda berilgan huk zarbalaridan oʻzini yoʻqotdi va ring burchagiga borib qoldi. Tayson sakkiz zarbali seriyani amalga oshirdi, biroq Pinklon bunga dosh bera oldi va nokdaunga uchramadi.

Tomas tiklanishga muvaffaq boʻldi va keyingi toʻrtta raundda ham muvozanatni saqlay oldi. U ikkinchi raundni apperkot zarbasi bilan boshladi. Klinchdan keyin Tayson chap qoʻlda yondan bergan zarbasi bilan javob qaytardi. Pinklon seriyalar bilan ishlashni boshladi, lekin ularning hech qaysisi aniq etib bormadi.

Uchinchi raundda Tomasning jeblari samaraliroq chiqishni boshladi va Taysonning ba'zi hujumlarini toʻxtatib ham qoldi. Bu Pinklon oʻtkazgan eng yaxshi raund edi va unda haqli ravishda gʻolib chiqqandi.

Foto: The Sun

Toʻrtinchi uch daqiqalikda Taysonning oʻng qoʻlda bergan kuchli zarbasi noaniq chiqdi. Mayk bir oz sarosimaga tushdi va jangni qanday uslubda davom ettirishni bilmayotgandek koʻrinardi. Tomas raund oxirigacha Temir Maykning hujumlarini munosib zarbalar bilan kutib olishda davom etdi. Jangchiga bu raundda ham hakamlar tomonidan haqli ravishda koʻproq ochkolar berilishi mumkin edi.

Beshinchi raund klinch bilan boshlandi. Tomas Taysonning hujumlarini jeblar bilan toʻxtatayotgandi. Pinklon jang tizginini qoʻliga olgandi va uni boshqarayotgandi. Biroq raund soʻngida Mayk yana bir kuchli chap qoʻl zarbasini yoʻlladi. Tomas esa muvozanatni saqlab qolishga erishdi.

Tayson oltinchi raundda ikkala qoʻli bilan apperkot va huklar seriyasini uyushtirdi, ularning bir qismi raqibining jagʻ qismiga aniq etib bordi. Tomas gandiraklab qoldi va navbatdagi hukdan keyin faoliyatida birinchi marta ringga quladi. Referining sanogʻi tugaguncha Pinklon oʻziga kelishga ulgurmadi. Bu vaqtda uning murabbiyi Anjelo Dandi ringga chiqdi. Jang toʻxtatildi va Taysonga texnik gʻalaba yozildi.

Temir Mayk oʻzining gʻalabali seriyasini 30 ta jangga etkazadi. Pinklon Tomas oradan bir yil oʻtib, 1988 yilda ringga qaytdi. Taysondan uchralgan magʻlubiyatdan keyin murabbiy Anjelo Dandi Pinklon bilan mashgʻulot oʻtkazmaslikka qaror qildi.

Jangdan keyin

Pinklon Tomasga qarshi jangdan keyin Mayk Tayson mutlaq chempion maqomi uchun Toni Takkerga qarshi ringga koʻtariladi va gʻalaba qozonadi. Oradan ancha vaqt oʻtib, 2023 yilda Tayson faoliyatidagi eng kuchli raqib sifatida Pinklonni e'tirof etdi.

"Avval Pinklon Tomas haqida oʻylamagandim. Lekin yaqinda avvalgi janglarimni qayta koʻrib chiqib, Pinklon Tomas faoliyatimdagi eng qiyin raqib boʻlganini tushundim. Hammasi bir doʻstimning Tomas bilan boʻlgan jangni qayta koʻrishni tavsiya qilganidan soʻng boshlandi va oʻzim uchun ilgari sezmagan koʻplab yangi narsalarni kashf qildim. Gap shundaki uning bosh qismiga 17 ta aniq zarba bergandim. Ha, uni nokautga uchratdim, biroq buning uchun 17 ta juda kuchli zarba kerak boʻldi. Hech qaysi raqibim Tomas kabi bu qadar koʻp aniq zarbaga dosh berolmasdi", — deydi Tayson.

Taysonga qarshi jangdan keyin Tomasning faoliyatida pasayish kuzatildi. Bokschi Evander Holifild, Riddik Bou va Tommi Morrisonga yutqazdi. Shundan soʻng ikkinchi darajali bokschilar ustidan qator gʻalabalarga erishdi. 1993 yilda esa IBF kamari uchun Lourens Karterga qarshi ringga chiqdi va magʻlubiyatga uchradi. Bahsdan keyin Tomas faoliyatini yakunlashini e'lon qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport