13:30 / 16.06.2023
367

Turkmaniston bilan omadsizlikka qarab ketayotgan bahsni murabbiy qanday qutqarib qoldi?

Turkmaniston bilan omadsizlikka qarab ketayotgan bahsni murabbiy qanday qutqarib qoldi?

Kecha O‘zbekiston terma jamoasi Turkmaniston ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, guruhda birinchi o‘rinni o‘zi uchun naqd qildi. O‘yin foydamizga yakunlanganiga qaramay, bahs startini juda yomon boshladik. Deyarli hech narsa o‘xshagani yo‘q, ammo…

Omadsiz debyut


Bahs avvalida 4-2-3-1 sxemasiga murojaat etdik. Katanets so‘nggi o‘yinlarda birinchi raqamni raqibga topshirib, 3 markaziy himoyachiga suyangan zich mudofaani shakllantirayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu o‘yinda esa klassikaga murojaat etildi. Katta ehtimol bilan murabbiylar shtabi Turkmaniston bilan birinchi raqamda to‘p tepishni reja qilgan edi. Dominant futbol uchun maydon markazida Akmal Mozgovoy – Otabek Shukurov tandemi hosil qilindi. Akmal to‘pning markazda tezroq “yurishini” ta’minlagan bo‘lsa, Shukurov yashirin pleymeyker sifatida oldinroqdan joy oldi. Hujumchi ortida Sardor Sobirxo‘jaevni erkin pleymeyker (kerakli pallada ikkinchi hujumchi zonasiga qadar borganiga) guvoh bo‘ldik. Qanot himoyachilariga butun maydon bo‘ylab erkin reyd qilish imkoni berildi. Ya’ni, biz to‘p nazorati va to‘liq ustunlikda to‘p tepishni (autsayderlar bilan o‘yinda ishlatiladigan strategiyani) sinab olmoqchi bo‘ldik. Reja yomon emas edi, biroq…

Jarayonning borishi

Birinchi bo‘limda kreativ pleymeyker va yashirin forvard vazifasini bajarishi kerak bo‘lgan Sardor Sobirxo‘jaev ha, deganda, o‘yinga qo‘shilib keta olgani yo‘q. Raqib juda kuchli pressing ishlatgani sababli 14-hududni deyarli zararsizlantirib tashladi. Qanotda harakatlangan futbolchilarimiz esa 45 daqiqa davomida birorta aniq uzatma berishni uddalay olgani yo‘q. Boz ustiga, to‘p nazoratini to‘liq o‘zlashtira olganimiz yo‘q. Akmal Mozgovoy asosan yakkakurashlar bilan band bo‘lib qoldi. Sababi, raqib ilk bo‘limni juda agressiv o‘tkazdi. Qo‘shimchasiga, Turkmaniston juda tartibli himoyalandi. Hatto, gol kiritish imkoniyatga ham ega bo‘ldi. Qisqasi, qo‘shnilarimiz ideal 45 daqiqalik o‘tkazdi. O‘zi 4-2-3-1 sxemasidan foydalanadigan jamoa hujum ortidagi zonadan maksimal foydalanishi shart. Aynan pleymeyker yarim vinger / qanot yarim himoyachisini pas orqali hujumga qo‘shishi, qanotlardan hujum uyushtirilganda zarba zonasiga chiqib borishi kerak. Shuningdek, zich himoyalanayotgan raqib mudofaasidagi kichik “yoriqlarni” topishi lozim bo‘ladi. Aynan shu vazifalar sababli bu pozitsiyadagi yigitlar jamoaviy pressingdan ozod etiladi.


Sardor Sobirxo‘jaev yuqorida sanab o‘tilgan vazifalarni bajarishga qiynaldi. Shu bois, ikkinchi bo‘lim startidayoq murabbiy uni Oston O‘runovga almashtirdi. Akmal Mozgovoy o‘rniga esa aynan shu pozitsiyada to‘p tepuvchi Odilbek Hamrobekov o‘yinga qo‘shildi. Bu ikki o‘zgarish bahs taqdirini hal etdi.

Qanday qilib?

Birinchi navbatda Oston O‘runovning o‘yinga zo‘r qo‘shilib ketganini alohida e’tirof etish lozim. Qahramonimiz o‘yinga qo‘shilishi bilan aynan birinchi bo‘limda tempni ko‘tara olmagan zonamiz 14-hududda aktivlik namoyish etdi. Birinchi golda ham aynan pleymeyker obrazidagi Ostonning ikkita omadli aldab o‘tishidan so‘ng uzatilgan keskin pas hujumni golga aylantirgan bo‘lsa, ikkinchi golda Jamshid Iskanderov aynan o‘sha pozitsiyadan turib ikkinchi golni yuzaga keltirdi. Qo‘shimchasiga, Turkmaniston birinchi bo‘limdagi yuqori intensiv futbol ko‘rsatgani bois ikkinchi bo‘limda jismonan biroz tolib qolgani sezildi.



Bu faktor ham zaxiradan qo‘shilgan yigitlarning ortiqcha bosim ostida qolmasligiga ko‘maklashgani bor gap. Shuningdek, Odil Hamrobekovning “jang”ga tashlanishi ham yaxshi effekt berdi. Tayanch zonasida bosimni kamaytirgan yarim himoyachi himoyadan hujumga chiqib ketishda katta faollik ko‘rsatdi. U birinchi bo‘limda uddalay olmaganimiz to‘p nazoratini to‘liq biz tomonga o‘tkazib berdi. Qo‘shimchasiga, raqibning birinchi bo‘limda ko‘pincha ish bergan birinchi pressing blogini yaroqsiz holatga keltirdi. Natijada, Turkmaniston biroz ortga chekindi. Bizni jarima maydonchasi atrofida kutib olishni boshladi. Umuman olganda, kechagi “game plan” ijrochilarni almashtirish orqali 100 foiz natija berdi. Bunda o‘zgarishlar va etakchilarni o‘z vaqtida darajada namoyish etganini e’tirof etish darkor.

Xulosa o‘rnida

Srechko Katanets terma jamoamizni Osiyo Kubogi yoki JCh saralashlari uchun emas, futbolda uchraydigan turli holatlarga tayyorlayotgandek taassurot qoldirmoqda. Ya’ni, turli sparring raqiblarga qarshi turlicha strategiya. Balki, aynan vaziyatga moslashish instinkti yo‘qligi avvalgi katta musobaqalarda bizga pand bergandir. Bilmadim, biroq hozirgi O‘zbekiston terma jamoasi avvalgilariga nisbatan taktik tomondan anchagina rang-barang ko‘rinmoqda. O‘ylashimcha, bu hali «kouch» barcha rejalarini ko‘rib oldi, degani emas.

Tojikiston bilan o‘yinda balki 2 ta sof hujumchi bilan harakat qilishni sinab ko‘rarmiz?! Agar shunday bo‘lsa ham, endi bu hech kimni hayron qoldirmaydi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Manba: Sports.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Turkmaniston bilan omadsizlikka qarab ketayotgan bahsni murabbiy qanday qutqarib qoldi?