08:53 / 21.06.2023
231

"Bu musobaqa bizga xatolarimizni ko‘rsatib berdi" - Murzoyev termamizning "CAFA"dagi ishtiroki haqida

"Bu musobaqa bizga xatolarimizni ko‘rsatib berdi" - Murzoyev termamizning "CAFA"dagi ishtiroki haqida
"CAFA Nation's Cup" xalqaro musobaqasi ham yakuniga yetdi. “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan finalda afsuski, milliy terma jamoamiz Eronga 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Serdar Azmunning yagona goli uchrashuv taqdirini hal qildi.
 
Barchamiz, shu jumladan futbolchilarimiz ham "CAFA Nation's Cup" xalqaro musobaqasi g‘olibligini juda xohlashgandi. Biroq finalda Eron darvozasiga to‘p kirishni istamadi. Ushbu o‘yin muxlis va mutaxassislarda turlicha taassurot qoldirgan bo‘lishi mumkin. Bu borada ishqibozlarga yaxshi tanish bo‘lgan Kamoliddin Murzoyev o‘z fikrlarini aytdi.
 
"Avvalo, musobaqaga to‘xtaladigan bo‘lsak, bunday turnir o‘zimizda nufuzli qilib o‘tkazildi, - deya gap boshladi, Kamoliddin. - Tashkilotchilik jihatidan ham juda yaxshi o‘tdi, deb o‘ylayman. Faqat afsuski, kulminatsion nuqtasini bizning jamoamiz qo‘ymaganligi bo‘ldi. Umuman, uchrashuv to‘g‘risida to‘xtalsak, futbolchilarimiz maydonda ko‘rsatishdiki, biz Erondan kuchsiz emasmiz. Deyarli tengma-teng kurash olib borildi. Bunday uchrashuvlarda birgina xato va vaziyat ko‘p narsani hal qiladi. Eron xuddi shunday imkoniyatdan foydalanib ketdi. Bizda esa aksincha, vaziyatlarimizdan foydalana olmadik.
 
Ochig‘ini aytsam, yigitlarimiz birinchi daqiqadan o‘yinni boshlashganida menga yoqdi. Raqib kimligi haqida deyarli o‘ylamasdan bellashuvga kirishishdi. Aytmoqchimanki, Eron bizning asosiy raqibimiz, ularni yutmaganmiz, degan o‘y-xayollar yo‘q edi. Bundan oldingi uchrashuvlarda ham yigitlarimizning o‘yinlaridan, ko‘zlaridan shu narsa ma’lum ediki, bu bellashuvni kutishgandi. Kuchli raqib ustidan o‘z maydonimizda, muxlislarimiz ko‘z o‘ngida g‘alaba qozonishni maqsad qilishgandi. Afsus, ko‘zlangan maqsad amalga oshmadi. Lekin Eron sindromi bosim o‘tkazdi, degan fikrdan yiroqman.
 
E’tibor bersak, bizda ko‘p yillarda “oltin avlod”lar bo‘lib kelgan. Hozirgi terma jamoamizni ham o‘ziga yarasha “oltin avlod” deb atasak bo‘ladi. Chunki, o‘ylaymanki, bir-biriga yaqin bo‘lgan mahoratli, kuchli futbolchilar yig‘ilgan. Bir nechtasi xorij klublarida o‘ynayotgani yoqimli holat. To‘g‘ri, terma jamoalarda ham avlodlar o‘zgarishi bo‘lib turadi. O‘ylaymanki, hozirgi yigitlarimiz o‘z ortlaridan yaxshi taassurot qoldiradilar va bir kun kelib ularni ham “oltin avlod” sifatida eslashadi. Ko‘p narsa futbolchilarimizning qo‘lida. Bu musobaqa bizga xatolarimizni ko‘rsatib berdi, deb o‘ylayman. To‘g‘ri xulosa chiqarish kerak va oldinga intilishda davom etish lozim. Asosiy maqsadimiz jahon chempionati!", - deydi Murzoyev.
 
Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bu musobaqa bizga xatolarimizni ko‘rsatib berdi" - Murzoyev termamizning "CAFA"dagi ishtiroki haqida
ePN