06:00 / 23.06.2023
742

O‘zbek hujumchisidan ehtiyot bo‘ling!

O‘zbek hujumchisidan ehtiyot bo‘ling!
Qozog‘iston UYEFA vakili sifatida o‘z jamoalarini “ko‘hna qit’a”ning xalqaro miqyosdagi turnirlariga yuboradi.
 
Joriy mavsum Qozog‘iston Premer-ligasida ikki nafar futbolchimiz “Ordabasi” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Uchinchi vakilimiz – “Tobol” hujumchisi Igor Sergeyev yangi taklifni qabul qilib, Tailand chempionatiga ko‘chib o‘tdi va faoliyatini Osiyo mintaqasida davom ettirishni ma’qul topdi.
 
“Ordabasi” xalqaro miqyosda Konferensiyalar ligasida ishtirok etadi. Qur’a natijasiga ko‘ra, chimkentliklar musobaqaning ikkinchi bosqichida Polshaning “Legiya” klubi bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.
 
Ayni paytda har ikki mamlakatning futbolni yorituvchi nufuzli manbalari raqib jamoa imkoniyatlarini o‘rganishga e’tibor qaratmoqda.
 
Xususan, Polshaning Igol.pl sayti jurnalisti Tomek Xatta “Legiya” vakillarini “Ordabasi” safidagi eng xavfli futbolchi haqida ogohlantirdi.
 
- “Ordabasi” jamoasida juda sermahsul bir hujumchi bor. “Legiya” unga alohida e’tibor qaratishi lozim. Yaqinda Bobur Abduxoliqovga Polshaning bir necha klublari qiziqish bildirgandi, - deb yozdi Tomek Xatta.
 
Ma’lumki, Qashqadaryo futboli tarbiyalanuvchisi hisoblangan Bobur Abduxoliqov o‘tgan mavsumni Belarus chempionatida o‘tkazganida sermahsul o‘yini bilan Yevropaning bir necha klublari e’tiborini o‘ziga tortdi.
 
25 yoshli hujumchimiz o‘tgan mavsum Belarus oliy ligasida 26 ta gol urib, to‘purarlar poygasida g‘olib chiqdi. Shu bilan bir qatorda ushbu mamlakat chempionatlari tarixida bir mavsumda eng ko‘p to‘p kiritgan xorijlik futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi.
 
Bobur Abduxoliqov Belarus oliy ligasining 2022 yilgi mavsumida chempionatning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.
 
To‘purar legionerimizga Yevropaning turli klublaridan takliflar bo‘ldi. Ular orasida Polsha vakillari ham bor edi. Biroq, Bobur kutilmaganda “Ordabasi” variantini tanladi va O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod yana bir o‘yinchi – Shahboz Umarov bilan birga yil boshidan beri chimkentliklar sharafini himoya qilib kelmoqda.
 
Transferlarga ixtisoslashgan Transfermarkt.de portali Konferensiyalar ligasida o‘zaro to‘qnash keladigan “Ordabasi” va “Legiya” jamoalari futbolchilarining transfer summalari haqida qiziqarli ma’lumot tarqatdi.
 
Unda keltirilishicha, Qozog‘iston klubi tarkibining umumiy qiymati 10,3 million yevroni tashkil qilmoqda. Jamoaning eng qimmatbaho futbolchilari sifatida Bobur Abduxoliqov va braziliyalik himoyachi Auro nomi ko‘rsatilgan. Bu o‘yinchilarning har ikkisi bir million yevro turadi.
 
“Legiya” futbolchilarining transfer summasi 30,5 million yevroga teng. Eng qimmatbaho o‘yinchisi darvozabon Kasper Tobiash 5,5 million yevroga baholangan. Maydondagi o‘yinchilardan eng qimmati – yarim himoyachi Bartosh Slishning narxi 4,5 million yevroni tashkil qilmoqda.
 
“Legiya” jamoasi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlariga yaxshi tanish. Bu klub 2021 yili o‘z safiga Jasur Yaxshiboyevni qo‘shib olgan edi. Biroq, murabbiylar shtabi legionerimizga yetarli darajada  imkoniyat bermadi.  Shu bois, Jasur Moldovaning “Sherif” jamoasiga ijaraga yuborildi va Yevropa Chempionlar ligasida Madridda “Real” darvozasiga gol urib, o‘z nomini tarixga muhrlab qo‘ydi.
“Ordabasi” va “Legiya” uy-safar tizimida o‘zaro ikkita o‘yin o‘tkazadi. Dastlabki bellashuvlar 27 iyul, javob bahslari 3 avgustga qo‘yilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek hujumchisidan ehtiyot bo‘ling!