O‘zbekiston U17 bosh murabbiyi: Minimal vazifa bajarildi, endi asosiy maqsadimiz turnirda zafar quchish!
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev va jamoa sardori Lazizbek Mirzayev Koreyaga qarshi uchrashuv oldidan matbuot anjumanida ishtirok etishdi.
Jamoliddin Rahmatullayev ertangi o‘yin haqida:
Barchaga assalomu alaykum. Avvalambor, bu bosqichga yetib kelgan jamoalarni tabriklayman. Ertaga bizni muhim uchrashuv kutib turibdi. Koreya terma jamoasini yaxshi bilamiz. Oxirgi uchrashuvda g‘alaba qozonganmiz. Asosiy maqsadimiz ushbu g‘alaba tasodif emasligini isbotlash. O‘ylaymanki, yarim finalda o‘zimiz uchun kerakli bo‘lgan natijani qo‘lga kiritamiz.
Turnir haqida:
Biz katta maqsad va ishtiyoq bilan musobaqaga kelganmiz. Oldimizda turgan minimal maqsad, Jahon Chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdik. Endi esa asosiy maqsadimiz turnirda zafar quchishni uddalashimiz zarur. Oldimizda ikkita muhim uchrashuv kutib turibti. Ularni ijobiy natija bilan hal qilish uchun bor kuchimizni beramiz.
Koreyaga qarshi o‘yin uslubi haqida:
Albatta raqibimizni o‘rganib chiqdik. Barcha jamoalarda bo‘lgani singari ularning kuchli va kuchsiz tomonlari bor. Ertaga rejalarimizni amalda ko‘rsatishga harakat qilamiz.
Lazizbek Mirzayev ertangi o‘yin haqida:
Assalomu alaykum. Barcha yurtdoshlarimizni Jahon chempionati yo‘llanmasi va yarim final bilan tabriklayman. Terma jamoa Koreyaga qarshi uchrashuvga jismonan tayyor holatda. Ertaga o‘z o‘yinimizni namoyish etib g‘alaba qozonishni maqsad qilganmiz.