08:38 / 02.07.2023
131

Samvel Babayan: "Ikkinchi davrada tarkibimizni yanada kuchaytirishni istaymiz"

Samvel Babayan: "Ikkinchi davrada tarkibimizni yanada kuchaytirishni istaymiz"

"Navbahor" hamda "Buxoro" o‘rtasidagi Superliganing qoldirilgan 8-tur o‘yinidan (1:0) so‘ng mezbon jamoa ustozi Samvel Babayan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Xayrli oqshom! G‘alaba muhim edi. Avvalo, “Navbahor” muxlislarini qo‘lga kiritilgan ushbu g‘alaba bilan tabriklayman. Turnir jadvali nuqtai nazaridan ham bu yutuq biz uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etardi. Albatta, birinchi navbatda yigitlarga alohida minnatdorlik bildirishim kerak. Chunki raqib bugun himoyada keskin o‘yin ko‘rsatdi. Bundan tashqari, ular bahs davomida simulyatsiya ishlatgan holda va o‘zlarini qoniqtiradigan durang natijani saqlab qolish maqsadida to‘p surdilar. Ammo yigitlarimizga qoyil. Ular havo harorati yuqori bo‘lishi va raqib taklif etgan bunday keskin o‘yin maromini ko‘tara oldilar. Aytishim kerakki, uchrashuv taqdirini birinchi bo‘limdayoq hal qilishimiz mumkin edi. Chunki ko‘plab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Afsuski, ulardan foydalanishda ancha oqsadik. Bunday keskin kurashda uch ochkolik bo‘lganimiz g‘alabaning qiymatini shak-shubhasiz oshiradi.

- Chempionlik uchun kurash jiddiy kechyapti. “Navbahor” yana peshqadamga aylanib oldi. Ammo “Paxtakor” va “Nasaf”da zaxira o‘yinlari mavjud va ular yozgi seleksiyada tarkiblarini kuchaytirishlari turgan gap...

- Albatta, gapingizda jon bor. Siz aytgan ikkala jamoa chempionat medallariga munosibdir. Lekin har qanday vaziyatda ham biz qo‘l qovushtirib o‘tirmoqchi emasmiz. Asosiysi, birinchi davradagi quvonarli holat ruhiyatimizni ko‘tarib yubordi. Endi tanaffusda seleksiya borasida ishlamoqchimiz. Bu – futbol. Prezidentimiz ko‘rsatmasiga binoan yurtimiz futboliga investitsiya kiritilmoqda. Shuning hisobiga jamoalarning material texnik holati ancha yaxshi bo‘lib bormoqda. Bu esa o‘z o‘rnida biz uchun klubga yaxshi futbolchilarni taklif etish imkonini beradi. Chempionatimizdagi raqobat aynan shu jihat evaziga kuchayadi. Uni qiziqarli qilishi tayin.


Biz o‘zining samarasini bergan bunday holatni o‘tgan mavsum misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Negaki, o‘tgan yili chempionlik toji uchun kurash oxirgi turga qadar kechdi. Bugungi kunda tarkibimiz ancha shakllangan deyishim mumkin. Ayniqsa, yoshlarimiz juda qobiliyatli. Masalan, U-17 terma jamoamiz jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uning tarkibida “Navbahor”dan 4 ta vakil bor. Ular endi adashmasam, Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan mundialda yurtimiz sha’nini himoya qilishadi. Shunday bo‘lsa-da, seleksiya ishlarini bir chetga surib qo‘ymoqchi emasligimizni aytib o‘tmoqchiman.

- “Navbahor”da golli imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi, biroq ulardan yetarlicha foydalana olmayapti...

- Albatta, xavfli vaziyatlardan foydalanish chog‘ida shoshma-shosharlik ko‘zga tashlanib qoldi. Namanganda o‘ynashda bosim bor, buni har bir futbolchi his qiladi. Tabiiy jarayon kechmoqda. Bunday bosim ostida vazifani bajara oladilarmi yoki yo‘qmi, bunisi mahoratga bog‘liq. Ishimizda ham kamchilik bo‘lishi mumkin. Lekin futbolchilarimizga hech qanday e’tirozim yo‘q. Agar vaziyatlardan anchagacha foydalana olmagan bo‘lsak, katta kuch bilan raqibni qiyin ahvolga sola oldik. Shuning evaziga raqib oxir-oqibat darvozasidan gol o‘tkazib yubordi.

- Oston O‘runov bilan Davron Hoshimov qaydnomada ham yo‘q edilar. Ular haqida ma’lumot bera olasizmi?

- O‘runovga kelsak, unda jarohat borligi uchun tavakkal qilib o‘tirmadik. To‘g‘ri, u davolanib bo‘ldi va mashg‘ulotlarga kirishdi. Ammo yuqorida aytganimdek, tavakkal qilishni istamadik. Albatta, bugun bizga Oston va shuningdek, Davron Hoshimov yetishmadi. Bilasiz, ular bizning yetakchi futbolchilarimiz sanalishadi. Davronda sariq kartochkalari to‘planib qolgani uchun bu uchrashuvni o‘tkazib yubordi. Xudo xohlasa, ikkinchi davra o‘yinlari uchun ikkalasi ham safga qaytadi.

- Yozgi seleksiyada qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Kimlarni taklif qilmoqchisiz?

- Yuqorida bejizga seleksiya borasida to‘xtalib o‘tganim yo‘q. Bu masalada ish boshlab yuborganmiz. Kimlarni taklif qilmoqchisiz, deysizmi? Keling, bu sir bo‘la qolsin. Chunki ilgari ham sensatsion bayonot berib, keyinchalik ko‘zlangan futbolchini olib kelishning imkoni topilmagani yetarlicha kuzatilgan. Ba’zi-bir jamoalar biz aloqada bo‘lgan o‘yinchilarni ilib ketgan vaziyat ham bo‘lgan. Shuning uchun faqat sabr qilaylik. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Qachonki, yangilik bo‘lsa, matbuot kotibimiz e’lon qiladi. Aytishim kerakki, yosh futbolchilarimizga ham imkoniyat berish ustida ishlayapmiz. "Navbahor"da optimal budjet bor, imkoniyatimiz yetarli va bu yerda bir qancha tarkibga kirishni istaydigan iqtidorli yigitlar ham bor. Shuning uchun yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratmoqchimiz.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan: "Ikkinchi davrada tarkibimizni yanada kuchaytirishni istaymiz"