23:00 / 06.07.2023
202

So‘nggi transfer xabarlari: Shomurodov Rossiyaga qaytishni istamadi, «PSJ» Mbappega shart qo‘ydi

So‘nggi transfer xabarlari: Shomurodov Rossiyaga qaytishni istamadi, «PSJ» Mbappega shart qo‘ydi

So‘nggi kunlarda amalga oshirilgan asosiy transferlar, kutilayotgan o‘tishlar va keng tarqalgan mish-mishlar.

«MYu» top-transferini e’lon qildi

Meyson Maunt. Foto: MANUTD.COM

«Manchester Yunayted» yozdagi ilk yirik transferi haqida e’lon qildi. Mankunianliklar Meyson Mauntni safiga qo‘shib oldi. 24 yoshli futbolchining «Chelsi» bilan bir yillik shartnomasi qolgandi. U «ko‘klar» jamoasida 2005 yildan buyon to‘p tepib kelayotgandi, asosiy jamoa safida 197 o‘yin o‘tkazgandi. Ammo endi uning faoliyatida yangi sahifa ochildi.

Mauntning transferi uchun «MYu» 55 mln funt to‘laydi, bonuslar hisobiga bu miqdor 60 mln funtga yetishi mumkin. Besh yillik shartnomaga imzo chekkan futbolchi yangi klubida haftasiga 250 ming funt ishlaydi (bonuslardan tashqari). U Ronaldudan keyin bo‘sh turgan 7 raqamli futbolkani tanladi. 

«Barselona»ning yozdagi ikkinchi transferi

Inigo Martines. Foto: FCBARCELONA.COM

«Barsa» rasmiy saytida himoyachi Inigo Martines bilan shartnoma imzolagani haqida e’lon qildi. 32 yoshli futbolchi bilan 2025 yil 30 iyuniga qadar amal qiluvchi kelishuv tuzilgan.

Futbolchining «Barselona» bilan shartnomasida 400 mln yevro miqdorida badal puli belgilangan. Martines bungacha «Real Sosedad» va «Atletik» Bilbao klublarida to‘p surgan. Primeraning yakunlangan mavsumida Inigo basklar jamoasi uchun 18 o‘yinda maydonga tushdi. U shuningdek Ispaniya milliy jamoasi safida 20 o‘yin o‘tkazgan. «Barselona» uchun bu ikkinchi transfer bo‘ldi. Bungacha ko‘k-anorranglilar «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Ilkay Gundo‘g‘anni ham erkin agent maqomida o‘z safiga qo‘shib olgandi.

«Atletiko» himoya chizig‘ini tekinga kuchaytirdi

Chag‘lar Suyunchi. Foto: ATLETICODEMADRID.COM

Madridning «Atletiko» klubi «Lester» sobiq himoyachisi Chag‘lar Suyunchi bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi. 27 yoshli turk futbolchisining «tulkilar» bilan kelishuvi muddati tugagan. Shuning uchun «Atletiko» tekinga yaxshigina himoyachini qo‘lga kiritdi. Suyunchi «Lester» safida 2018 yil yozidan buyon o‘ynab kelayotgandi. O‘shanda klub uni Germaniyaning «Frayburg» klubidan 21 mln yevroga xarid qilgandi. Angliyada besh yilni o‘tkazgan Chag‘lar endi yangi chempionatda o‘z kuchini sinab ko‘radi. «Atletiko» u bilan to‘rt yillik shartnoma tuzgan.

Arda Guler «Real»ga o‘tdi

«Real» turkiyalik 18 yoshli yarimhimoyachi Arda Guler transferini rasman e’lon qildi. Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, «Fenerbahche» havbeki bilan 2029 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzolangan.

Bundan avvalroq «Real» turk klubiga transfer uchun 20 million yevro to‘lashi xabar qilingandi. Madridliklar klubi yosh iste’dod uchun raqobatda «Barselona»ni ortda qoldirdi.

«PSJ» Asensio transferini e’lon qildi

Marko Asensio. Foto: «PSJ» matbuot xizmati

«PSJ» Marko Asensio bilan shartnoma imzolanganini e’lon qildi. Parij klubi ispaniyalik hujumchi bilan 2026 yilga qadar shartnoma imzoladi.

«PSJ» kabi buyuk klubning bir qismi bo‘lish men uchun ulkan sharaf. Men yangi jamoamdagi safdoshlari bilan birga ishlashni boshlashni va ular bilan katta maqsadlarga erishishni sabrsizlik bilan kutmoqdaman», degan Asensio.

27 yoshli Marko Asensio 2016 yildan buyon Madridning «Real» klubida o‘ynab kelayotgandi. Ispan klubi bilan u jami 17 sovrin yutgan, uch martadan Ispaniya chempioni va Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan. Iyun oyida futbolchining «Real» bilan shartnomasi muddati tugadi va u erkin agentga aylandi.

Di Mariya o‘zi 13 yil muqaddam tark etgan klubga qaytdi

2022 yilgi jahon chempionati g‘olibi o‘tgan mavsumda «Yuventus» safida o‘ynadi. Ammo turinliklar klubi 35 yoshli argentinalik, o‘zi maydonga chiqqan o‘yinlarda foydali harakat qilgan bo‘lsa-da, u bilan shartnomani yangilashni istamadi. Di Mariya Yevropani tark etmadi va «Benfika»ga qaytdi. Anxelning Yevropadagi faoliyati aynan Portugaliya klubida boshlangandi. U «Benfika» tarkibida 2009/2010 yillar mavsumida Portugaliya chempioni, 2008/2009 va 2009/2010 yilgi mavsumlarda liga kubogi g‘olibi bo‘lgan. Di Mariya «Inter Mayami»ga – do‘sti Leo Messining oldiga ham borishi mumkin edi. Ammo u yana Chempionlar ligasida o‘ynashni tanladi.

«PSJ» Mbappega qiyin shart qo‘ydi

Yozning asosiy sagasi davom etadi. Kilian Mbappening kelajagi bilan bog‘liq holat chalkashligicha qolmoqda. U yana bir yil Parijda qolib, keyin erkin agent sifatida «Real»ga o‘tishi yoki «PSJ» bilan shartnomasini yangilashi aniq emas.

Parijliklar klubi prezidenti Nosir Al-Hilayfiy RMC uchun bergan intervyusida vaziyat yuzasidan shunday izoh berdi: «Mening pozitsiyam juda aniq. Men har safar takrorlashni istamayman: biz Kilian qolishini istaymiz. Ammo agar Kilianning o‘zi ham qolishni xohlasa, yangi shartnomaga qo‘l qo‘yishi kerak. U jahonning eng yaxshi futbolchisi, ammo u tekinga keta olmaydi, bu mumkin emas. Bu fransuz klubi. Uning o‘zi hech qachon tekinga ketmasligini aytgandi, agar u bugun boshqacha o‘ylayotgan bo‘lsa, bu mening aybim emas. Biz jahonning eng yaxshi futbolchisini tekinga qo‘yib yubormoqchi emasmiz… Bu aniq».

Insayder Fabritsio Romano vaziyatga qisqacha baho berdi — uning hisoblashicha, 24 yoshli forvardda ikkita yo‘l bor: yoki «PSJ» bilan yangi shartnoma imzolaydi, yoki shu yozda ketadi. Parijliklar hozirgi shartnomasi doirasida uni keyingi mavsumda o‘ynatmoqchi emas. Transfermarkt Mbappening transfer qiymatini 180 million yevroga baholagan.

«PSJ» xo‘jayinining so‘zlari Mbappening klub bilan munosabatlari buzilganini ko‘rsatadi. Bundan esa «Real» foydalanib qolishi mumkin - madridliklar transfer uchun 200 million yevro sarflashga tayyor. Shu bilan birga, jurnalist Edu Agirrening xabariga ko‘ra, «PSJ» so‘nggi soatlarda «Liverpul»dan ham Mbappe uchun 200 million yevrolik taklif olgan. 

Shomurodov «Spartak» taklifini rad etdi

Eldor Shomurodov. Foto: GABRIELE MALTINTI/GETTY IMAGES

O‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovga Moskvaning «Spartak» klubidan taklif bo‘lgan. Ammo, Legalbet ma’lumotiga ko‘ra, 28 yoshli forvard Rossiya chempionatiga qaytishga rozi bo‘lmagan. U Italiyada qolishni afzal ko‘rmoqda. Boshqa manbalarga ko‘ra, Eldorda faoliyatini Turkiyada davom ettirish varianti ham bor.

Shomurodov muqaddam Rossiyaning «Rostov» klubida to‘p surgan (2017–2020), keyin Italiyaning «Jyenoa» klubi tomonidan transfer qilingandi. Ayni vaqtda uning transfer huquqi «Roma»ga tegishli hisoblanadi, ammo 2022/2023 yilgi mavsumni ijara asosida «Spetsiya»da o‘tkazib, 24 o‘yinda 2 ta gol urdi va 2 golga uzatma berdi. Uning «Roma» bilan shartnomasi 2026 yil yozida tugaydi. Transfermarkt Shomurodovning transfer qiymatini 6 million yevroga baholagan.

«Bavariya» hamon Keyn transferidan voz kechmagan

Myunxenliklar klubi shu yozda «Tottenhem» hujumchisi Harri Keynni transfer qilishdan umid uzmagan, deb yozadi Sky in Germany. Manba ma’lumotiga ko‘ra, «Bavariya» 29 yoshli angliyalik futbolchi uchun navbatdagi taklifni yuboradi. «Tottenhem» esa asosiy aktivini qo‘yib yubormoqchi emas.

Nemislar klubi bu yozda muzokaralarda muvaffaqiyatga erisha olmasa ham, uni 2024 yil yozida, shartnomasi muddati tugaganida erkin agent sifatida qo‘lga kiritishga harakat qilib ko‘radi.

The Guardian xabariga ko‘ra esa, londonliklar jamoa sardoriga yangi shartnoma taklif etgan. Ayni vaqtda londonliklarda uchta yo‘l bor: Harrini yaxshi pulga sotish, shartnomani yangilash yoki keyingi yil yozida tekinga qo‘yib yuborish. Ammo forvard transferlar darichasi ochiqligida yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarga kirishmoqchi emas.

Keyn — «Tottenhem» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2022/23 yillar mavsumida hujumchi jamoa uchun barcha turnirlar doirasida 49 o‘yinda maydonga tushib, 32 gol urdi va 5 golga hammualliflik qildi. 
Transfermarkt portali uning transferini 90 million yevroga baholagan.

«MYu» Onana bo‘yicha taklif yubordi

Andre Onana. Foto: MICHAEL STEELE/GETTY IMAGES

«Manchester Yunayted» asosiy darvozabonsiz qolgan. Ispaniyalik posbon David de Xea bilan shartnoma muddati tugamoqda, klub unga yangi kelishuv taklif etmagan. «MYu» unga o‘rinbosar sifatida «Inter» darvozaboni Andre Onanani tanlagan.

Insayder Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» Andre Onana transferi bo‘yicha faollashgan. 27 yoshli kamerunlik uchun «qizil iblislar» 39 million yevrolik taklif yo‘llagan. «Inter» esa Onana uchun 60 mln yevro ishlab olmoqchi. Ammo tomonlar bir murosaga kelishi ehtimoli yuqori.

2022/23 yillar mavsumida ushbu darvozabon neradzurri safida barcha turnirlar doirasida 41 o‘yinda maydonga tushib, 19 o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.

Dibala Saudiya Arabistoniga borishdan bosh tortdi

«Roma» hujumchisi Paulo Dibala «Al-Hilol» taklifini rad etdi. Il Messaggero manbasiga ko‘ra, klub rimliklarga 12 million yevro miqdorida tovon puli to‘lab, futbolchining o‘zi uchun katta maosh to‘lash bo‘yicha taklif yuborgandi. 29 yoshli argentinalikning «Roma»dagi yillik maoshi miqdori 6 million yevroni tashkil etadi.

Ammo Dibala bu taklfni rad etgan va rimliklar jamoasida qolgan.

Argentinalik futbolchi «Roma»ga 2022 yil yozida kelgandi, uning shartnomasi 2025 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. 2022/23 yillar mavsumida u barcha turnirlar doirasida 38 o‘yinda maydonga tushib, 18 gol urdi va 8 golga uzatma berdi.

Mane ham Saudiya Arabistoniga borishi mumkin

«Bavariya» vingeri Sadio Maneda ham faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettirish varianti bor.
Bild nashriga ko‘ra, 31 yoshli futbolchiga Ronaldu o‘ynayotgan «An-Nasr» va Stiven Jyerrard boshqaruvidagi «Al-Ittifoq» klublaridan qiziqish mavjud. Angliyalik murabbiy va senegallik futbolchi bir-birlarini juda yaxshi bilishadi. Jyerrard Maneni o‘z klubida ko‘rishni istamoqda.

Manba ma’lumotiga ko‘ra, «An-Nasr» va «Al-Ittifoq» «Bavariya»ga transfer uchun so‘ralgan mablag‘ni to‘lashga va futbolchiga yuqori maosh tayinlashga tayyor. Bu transfer ko‘p jihatdan Manening istagiga bog‘liq bo‘ladi.

Transferlar bozorida yana nima gaplar:

Milan Shkrinyar. Foto: «PSJ» matbuot xizmati
  • «PSJ» Milan Shkrinyar transferini e’lon qildi. Parij klubi slovakiyalik 28 yoshli himoyachi bilan 5 yillik bitim tuzdi. Futbolchi 6 yillik faoliyatdan so‘ng «Inter»ni erkin agent sifatida tark etgandi. 
  • «Valensiya» darvozaboni Georgiy Mamardashvili «Bavariya» qiziqishlari doirasida. Insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli gurjistonlik futbolchiga Angliya va Italiyadan ham takliflar bor. Mamardashvili o‘tgan yil noyabrida «Valensiya» bilan 2027 yil yoziga qadar imzolagan shartnomada 100 million yevro miqdorida badal puli belgilangan.
  • The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, «Milan» va «Chelsi» Kristian Pulishich transferi borasida kelishib olgan. Avvalroq ko‘klar jamoasi rossonerilarning 14 million yevrolik taklifini rad etgandi, ammo  24 yoshli amerikalik yarimhimoyachini 22 million yevroga sotishga rozi bo‘lgan.
  • Granit Chaka 25 mln yevro evaziga «Arsenal»dan «Bayyer»ga o‘tadi. Fabritsio Romano bu transfer hal bo‘lgani, shveysariyalik yarimhimoyachi yangi klubi bilan 2028 yilga qadar shartnoma tuzganini ma’lum qildi.

Manba: Kun.uz


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » So‘nggi transfer xabarlari: Shomurodov Rossiyaga qaytishni istamadi, «PSJ» Mbappega shart qo‘ydi