23:18 / 24.07.2023
256

“Lans”ning Husanovdan umidi katta!

“Lans”ning Husanovdan umidi katta!

O‘zbekiston milliy terma jamoasining markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Frantsiyaning “Lans” jamoasi futbolchisiga aylandi.

Frantsiyada jurnalistlar ham, muxlislar ham 19 yoshli o‘zbek futbolchisiga qiziqish bildirmoqda. Hozircha, Frantsiya futbolida Husanovni hech kim tanimaydi. Shunga qaramay, ommaviy axborot vositalarida ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham “Lans”ning bu transferi keng muhokama qilinmoqda.

Xususan,  lensois.com sayti Abduqodir haqida ma’lumot berdi.

- Husanov butun dunyo skautlari kuzatib borayotgan eng zo‘r yosh futbolchilardan hisoblanadi. 19 yosh bo‘lishiga qaramay, o‘yin darajasi ancha takomillashgan, jismoniy va atletik jihatdan yaxshi etilgan, legioner sifatida va turli yoshdagi terma jamoalardagi o‘yini orqali Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES) ekspertlari uni dunyoning eng yosh himoyachilaridan iborat “Top-20” reytingiga kiritdi.

Husanov O‘zbekiston U-20 terma jamoasi safida Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi va musobaqadagi oltita uchrashuvni ilk daqiqalardan boshlab, asosiy rollarda bo‘ldi. Yaqinda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham to‘rtta bellashuvni boshlang‘ich tarkibda o‘tkazdi va o‘zini ko‘rsata oldi.

Yosh bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida uch marotaba maydonga tushib, o‘z salohiyatini namoyish qildi.

Abduqodir Husanov ayniqsa, uch himoyachi bilan o‘ynaladigan taktik sxemaga mos tushadi. Uning tana tuzilishi unga to‘p uchun kurash, yakkama-yakka kurashlarda g‘olib chiqishida ustunlik beradi. Havoda ham yaxshi kurashadi.

Bo‘yining balandligi harakatchanligi va tezkorligiga xalaqit bermaydi. Raqiblar uning tezligi baland ekanini tan olishga majbur. Husanov ko‘p hollarda raqib futbolchisini quvib etib, undan to‘pni olib qo‘yadi.

“Bunyodkor” jamoasi tarbiyalagan futbolchi professional faoliyatini o‘z yurtidan uzoqda boshladi. Iste’dodli himoyachimiz 2022 yilning mart oyidan Belarus oliy ligasida “Energetik-BGU” jamoasida o‘ynab kelmoqda.

Husanovning “Lans”ga ko‘chib o‘tishi Frantsiya vitse-chempioniga tajribali himoyachi Kevin Dansoga munosib o‘rinbosarga ega bo‘lish imkonini beradi, - deb yozmoqda  lensois.com sayti.

Darhaqiqat, “Lans” jamoasi yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Abduqodir Husanov bu klubning yozgi transferlar vaqtidagi oltinchi xaridi sifatida qayd etildi.  

Bungacha “Lans” mutasaddilari jamoaga Steyn Spirings, Nil Al-Aynauiy, Morgan Gilavogi, Endi Diuf va Oskar Kortesni qo‘shib olgan edi. Endi ular qatoriga Abduqodir Husanov qo‘shilishi kutilmoqda.

Abduqodir Husanov professional futbolchi sifatida klublar miqyosida “Energetik-BGU” uchun Belarus oliy ligasida jami 35 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga to‘rttadan gol va assist yozdirib qo‘ygan.

19 yoshli himoyachi “Lans” safida maydonga tushishi bilan Frantsiya chempionatida ishtirok etgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida o‘z nomini tarixga muhrlab qo‘yadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Lans”ning Husanovdan umidi katta!