23:13 / 31.07.2023
428

Premer-liga klubi tez orada o‘zbek futbolchisi transferini e’lon qiladi

Premer-liga klubi tez orada o‘zbek futbolchisi transferini e’lon qiladi

Rossiya premer-ligasida o‘ynaydigan legionerlarimiz safi yana bittaga ko‘payadigan bo‘lyapti. “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullayev bundan buyon Moskvaning SSKA jamoasi sharafini himoya qiladi.

“Paxtakor” klubi bosh direktori Dmitriy Adisman Rossiyaning nufuzli nashrlaridan biri Sport24 jurnalisti Vladislav Shapiro bilan suhbatda Faayzullayev transferiga oid so‘nggi yangiliklar haqida ma’lumot berdi.

- Fayzullayev jamoa bilan xayrlashib, Moskvaga ketdi. U yerda Abbosbek SSKAga o‘tish uchun tibbiy ko‘rik va shunga o‘xshash jarayonlarda qatnashishi kerak.

Armiyachilar klubidan hali futbolchining transferini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarni olganimiz yo‘q. Tez orada ular hujjatlarni rasmiylatiradi va shundan keyin Abbosbekning “Paxtakor”dan Rossiyaga klubiga o‘tganini rasman e’lon qilish mumkin, - dedi Dmitriy Adisman rossiyalik jurnalistga.

Abbosbek Fayzullayev bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan hujumkor futbolchi hisoblanadi. U  ikki mavsumdan beri “Paxtakor” jamoasining asosiy tarkibida o‘ynab kelayotgan edi.

19 yoshli o‘yinchi klublar miqyosida O‘zbekiston chempionatida jami 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini yetti marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatgan.

Shuningdek, Fayzullayev Osiyo Chempionlar ligasida beshta o‘yinda o‘z hisobiga bitta gol rasmiylashtirib qo‘ydi.

Iqtidorli futbolchi O‘zbekiston kubogi musobaqasida uchta bahsda ikki marta darvoza to‘rini aniq nishonga oldi.

Abbosbek Fayzullayev Toshkentda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi va musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, terma jamoamizning Argentina mezbonlik qilgan jahon chempionatidagi o‘yinlarida o‘z iqtidori va salohiyatini namoyish qilib, bir necha klublar e’tiboriga tushdi.

U yosh bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham jalb etila boshladi va uchta uchrashuvda maydonga tushib, bitta to‘p ham kiritdi.

Abbosbek Fayzullayevning “Paxtakor” bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning oxirigacha imzolangan edi.

Eslatib o‘tamiz, Fayzullayev SSKA klubi bilan shartnomaga imzolasa, Rossiya Premer-ligasidagi beshinchi futbolchimizga aylanadi.

Ma’lumki, bu mavsum Rossiya yuqori divizionida tajribali himoyachi Rustam Ashurmatov hamda Fayzullayev bilan birga O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi yetakchisi hisoblangan Umarali Rahmonaliyev Qozonning “Rubin” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Bu futbolchilarimiz yanvar oyida “Rubin” bilan shartnoma imzolab, jamoaning birinchi ligadan yuqori divizionga ko‘tarilishiga yordam bergandi.

Yana ikki vakilimiz – Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va Ruslan Jiyanov “Nijniy Novgorod” jamoasi a’zosi hisoblanadi. Yo‘ldoshev yosh bo‘lishiga qaramay, nijniy novgorodliklarning asosiy tarkib o‘yinchisi hisoblanadi. Jiyanov esa, bu jamoaga endi qo‘shildi va hali murabbiylar shtabining ishonchini qozonish kerak.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Premer-liga klubi tez orada o‘zbek futbolchisi transferini e’lon qiladi