09:23 / 01.08.2023
194

Superliga 14-turida jamoasining xaloskorlarini bilasizmi?

Superliga 14-turida jamoasining xaloskorlarini bilasizmi?

Ikkinchi davrani ham boshlab oldik va 14-tur uchrashuvlari siz bilan bizga ajoyib onlarni va kutilmagan natijalarni ham taqdim etdi. Futbolchilar orasida bu borada individual va jamoaviy o‘yin bo‘yicha ham faollik ko‘rsatganlari bo‘ldi.

Quyida e’tiboringizga har bir uchrashuvning eng yaxshilari deb e’tirof etilganlar haqida to‘xtalamiz.

“Buxoro” – “Turon” – 2:3. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi - Shoxmalik Komilov

Ikkinchi davrani boshlab bergan “Buxoro” – “Turon” qarama-qarshiligi haqiqiy dramaga aylanib ketdi. Birinchi davrada chempionat doirasida umuman g‘alaba qozonmagan yaypanliklar ikkinchi davra arafasida tarkibini butkul yoshartirib yubordi. Buni qarangki, yangilangan “Turon” yangi bosh murabbiy qo‘li ostida ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshladi. Bu jamoa safiga bir qator klublardan iqtidorli yoshlar jalb qilindi. Shuningdek, “Nasaf”dan Shoxmalik Komilov ham bor. Uchrashuvni asosiy tarkibda boshlab 70 daqiqa o‘tkazgan ushbu yarim himoyachiga bu vaqt o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishi uchun yetarli bo‘ldi. Jamoaning ikkinchi goliga mualliflik qildi va butun maydon bo‘ylab faollik ko‘rsatdi. Ko‘rinib turibdiki, bu safar “Turon” Komilov misolida yaxshi transferni amalga oshirdi.

“Olimpik” – “Paxtakor” – 0:2. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi - Dragan Cheran

“Paxtakor” birinchi davradagi mag‘lubiyat uchun “Olimpik”dan revansh oldi. Yodingizda bo‘lsa, “Olimpik” “Paxtakor” maydonida 2:3 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu safar “Sherlar” “Olimpik”ni 2:0 hisobida taslim qildi. Superliga to‘purari Dragan Cheran ikkinchi bo‘limda ikkinchi golni urdi va yana to‘purarlar bahsida 10 ta gol bilan peshqadam bo‘lib oldi. Doimgidek, Cheran yana faollik ko‘rsatdi va haqli tarzda eng yaxshi o‘yinchi nomini qo‘lga kiritdi.

“Andijon” – “Nasaf” – 0:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi - Ildar Mamatkazin

Har bir o‘yinning o‘ziga yarasha sifatlari bo‘lib, “Andijon” – “Nasaf” o‘rtasidagi bellashuv stadiondagi muhit, muxlislarning o‘ta yuqori darajadagi tayyorgarligiyu, betakror performans va manzaralari bilan yodda qoldi. Andijonlik ishqibozlar boshqalardan ancha oldinga o‘tib ketganini yana bir bor isbotladi. Stadiondagi muhit har qanday futbolchini o‘ynatib yuboradigan darajada edi. Ayniqsa, “Andijon” sardori Ildar Mamatkazin jonbozlik ko‘rsatdi. Sardorlik bog‘ichi ham unga doim qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Shu kuni u maydonning har bir qarich yerida raqib bilan jiddiy kurashdi va aksariyatida yutib chiqdi. Hatto, “Nasaf”ning braziliyalik hamda argentinalik hujumchilariga ham imkoniyat qoldirmadi. Mehmonlarning hujumlarini zararsizlantirishda, gollardan saqlashda Ildarning ham hissasi katta bo‘ldi. Shubhasiz, u eng yaxshisi edi.

OKMK – “Surxon” – 2:3. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi - Asadbek Karimov

Kutilmagan natija sifatida ko‘pchilik OKMK – “Surxon” uchrashuvini tilga olmoqda. arimovDarhaqiqat, bellashuvdan avval Mirjalol Qosimov jamoasining imkoniyati yuqori baholangandi. Ammo “Surxon” barcha taxminlarni yo‘qqa chiqardi. Ayniqsa, yaqinda 20 yoshga to‘lgan Asadbek Karimov o‘yinni “yondirdi”. U OKMK darvozasiga ikkita gol urdi va jamoasining g‘alabasiga katta ulush qo‘shdi. Bilasizmi, Karimov o‘tgan yili OKMK U-21 jamoasida to‘p surgan. Bu yil esa “Surxon”ga o‘tdi va ko‘rib turibsizki, o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanyapti hamda OKMKni gollari bilan mag‘lub etdi. “Surxon”da unga o‘xshagan porlashi kutilayotgan iqtidor egalari bisyor ekan.

“Neftchi” – “Metallurg” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi - Umar Adhamzoda

“Neftchi” ham ikkinchi davrani birinchisi kabi g‘alaba bilan boshladi. Bekobodda 0:3 hisobida g‘alaba qozongan farg‘onaliklarga bu gal uch ochkoni qo‘lga kiritishi uchun birgina gol kifoya qildi. “Neftchi” yarim himoyachisi Umar Adxamzoda esa ajralib turdi. U jamoadoshi Abbos G‘ulomov tomonidan kiritilgan golga assistentlik qildi. Muxlislar ishonchini qozonishda davom etyapti.

“Bunyodkor” – “So‘g‘diyona” – 0:2. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi - Javohir Qahramonov

Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi Ivan Boshkovich boshchiligida muxlislarini yana xursand qilmoqda. Ikkinchi davrani Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi muhim o‘yin bilan boshlagan “So‘g‘diyona” ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. Ayniqsa, yarim himoyachi Javohir Qahramonov ajralib turdi. Jamoa sardori bo‘lib maydonga tushgan Qahramonov o‘yin qahramoniga aylandi. Avvaliga 12-daqiqada ajoyib gol urib hisobni ochdi. 44-daqiqada esa Zaymovichga golli uzatmani oshirdi. Murabbiy uni 83-daqiqada almashtirdi. Javohir allaqachon jamoasining yetakchisiga aylangan va buni yana bir karra isbotladi.

“Qizilqum” – “Navbahor” – 1:2. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi - Islom Kenjaboyev

Birinchi davradan farqli o‘laroq “Qizilqum” ikkinchi davrada ancha kuchaydi. Buni Navoiyda “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda ko‘rdik. To‘g‘ri, maydon egalari 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradilar. Lekin o‘yini ancha o‘zgargan, yaxshi tarafga. Kuchli raqibga qarshi kuchli bosim uyushtira oldi. Bunda tezkor va tinib-tinchimas Islom Kenjaboyevning harakatlari tahsinga loyiq. Penaltidan gol urdi va yana boshqa vaziyatlarda faolligi bilan ajralib turdi. Raqib o‘yinchilarni shoshirib qo‘ygani rost. Kenjaboyev sobiq jamoasiga qarshi bahsda chindan ham yaxshi o‘yin namoyish qildi.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliga 14-turida jamoasining xaloskorlarini bilasizmi?