15:03 / 02.08.2023
316

JCh-2026 saralashidagi imkoniyatlar haqida

JCh-2026 saralashidagi imkoniyatlar haqida

O‘zbekiston 2026 yilgi jahon chempionati uchun yurishini noyabr oyida Turkmanistonga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Yo‘llanma uchun roppa-rosa uch imkoniyat bo‘ladi.

27 iyul kuni JCh-2026 saralash o‘yinlari 2-bosqichiga qur’a tashlandi va O‘zbekiston ham dastlabki raqiblarini bilib oldi. Eron, Turkmaniston, hamda Hongkong – Butan juftligi g‘olibi o‘zbekistonliklar bilan birga Ye guruhini tashkil etadi. Jami mana shunday 9 ta guruh bo‘lib, har bir guruhdan ikkitadan jamoa 3-bosqichga yo‘l oladi. Ikkinchi bosqichda saralangan 18 jamoa 2027 yilda o‘tadigan Osiyo kubogiga ham yo‘llanma oladi.

Shu yergacha hammasi tushunarli. Ammo jahon chempionati ishtirokchilari soni qo‘shimcha 16 o‘ringa oshgani, jumladan OFK uchun 8 tadan ortiq o‘rin ajratilgani keyingi bosqichlar formatiga ta’sir qilgani tabiiy. Hojiboy Tojiboyevning mashhur «o‘rganguningcha chalasan» deb tugaydigan latifasidek, bu safar «jahon chempionatiga chiqqunimizcha o‘ynayveramiz». Buning uchun bizda naq uch imkoniyat bo‘ladi.

Birinchi imkoniyat. 3-bosqich

Uchinchi bosqich avvalgidek, 2 emas, 3 guruhdan iborat bo‘ladi. Bu degani, tabiiyki, Osiyoning kuchli jamoalari ikkiga emas, uchga taqsimlanadi. Biz yo‘llanmani qo‘lga kiritishimiz uchun Osiyo grandlarining yarmi bilan emas, uchdan biri bilan to‘qnash kelamiz. Albatta, bu vazifani osonlashtiradi.

2-bosqichdan chiqqan jami 18 jamoa har biri 6 jamoadan iborat bo‘lgan uch guruhga bo‘linadi. Qur’aga reyting ham ta’sir qilishini inobatga olsak, aytaylik, hozir Osiyoda reytingda yuqori o‘rinlarda turgan Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Avstraliya, Saudiya Arabistoni va Qatar kabi jamoalardan faqat 2 tasi bilan bir guruhda bo‘lishimiz mumkin.

Guruhlardagi jamoalar uy-safar davraviy tizimida bir-biri bilan ikki martadan o‘ynab chiqadi. Hammasi bo‘lib 10 o‘yin.

Uch guruhdagi 1 va 2-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan 6 jamoa mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oladi. Demak, yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun birinchi imkoniyat 3-bosqichda bo‘ladi – 6 jamoadan iborat guruhda kamida 2-o‘rinni olish.

Ikkinchi imkoniyat. 4-bosqich

Avvalgi formatda guruhlarda yo‘llanmaga ilinmagan, 3-o‘rinni olgan jamoalar pley-off orqali uzoq yo‘lni bosib o‘tishi lozim bo‘lardi. Endi imkoniyat qariyb ikki barobar ortgan. 4-bosqichga avvalgi bosqichda har bir guruhda 3-4 o‘rinlarni olgan jamoalar o‘tadi.

Ya’ni 3-bosqichdagi uchta guruhdagi dastlabki ikkitadan jamoa mundialga, keyingi ikkitadan jamoa esa 4-bosqichga o‘tadi.

Jami 6 jamoa har biri uchtadan 2 guruhga bo‘linadi. Guruh g‘oliblari jahon chempionatiga navbatdagi yo‘llanmalarning egasiga aylanadi.

Avvaliga, FIFA tavsiyasiga ko‘ra, jamoalar neytral maydonda o‘zaro bittadan o‘yin o‘tkazishi ko‘zda tutilgandi, ammo 5-bosqich (bu ham bor hali) taqvimi 2025 noyabridan 2026 yil martiga ko‘chirilgani tufayli, OFKda qo‘shimcha tur o‘ynash imkoniyati paydo bo‘ldi. Natijada, OFK 4-bosqichni ham uy-safar tizimida tashkil etadi. Faqat har bir jamoa bilan bir martadan o‘ynaladi. Guruhdagi bir jamoa bilan safarda, boshqasi bilan uyda o‘ynashga to‘g‘ri keladi.

Xullas, tasavvur qiling, 3-bosqichda kuchli ikkilikka kira olmasdan, 4-bosqichdamiz. Bizni doim ortda qoldiradigan Osiyoning olti grandi allaqachon jahon chempionatiga chiqib ketib bo‘lgan. Keyingi eshelonda, misol uchun, BAA, Iroq, Xitoy, Suriya, Iordaniya, Bahrayn kabi jamoalardan ikkitasi bizga raqib bo‘ladi. Ularni ortda qoldirib, guruhda 1-o‘rinni olish talab etiladi – ana shunda biz mundialdamiz.

Uchinchi imkoniyat. 5-bosqich

 4-bosqichni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan taqdirimizda ham hali hammasi yo‘qotilmaydi. Biz endi, 2026 yilning mart oyida qit’alararo pley-off o‘yinlarida ishtirok etishimizga to‘g‘ri keladi. Buning uchun, 4-bosqichdagi guruhda 1-o‘rinni olmaganimizga yarasha, hech bo‘lmasa, 2-o‘rinni olishimiz talab etiladi.

Shunda har ikki guruhdagi 2-jamoalar o‘zaro pley-off o‘ynashadi va g‘olib 5-bosqichda – 6 jamoadan iborat bo‘lgan qit’alararo pley-offda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.

6 jamoa Shimoliya Amerikadan 2 ta, Osiyo, Afrika, Janubiy Amerika va Okeaniya mintaqasi vakillaridan iborat bo‘ladi. Bu jamoalar o‘zaro yana ikki oxirgi yo‘llanma uchun kurash olib boradi.

6 jamoa ichida eng reytingi yuqori bo‘lgan ikki jamoa o‘z raqibini kutib turadi. Qolgan to‘rt jamoa ikki juftlik tashkil qilib, g‘oliblar aniqlanadi. Ikki g‘olib o‘sha kutib turgan reytingi yuqori ikki jamoaga taqsimlanadi. Final juftliklarida g‘olib bo‘lgan ikki jamoa ham mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

O‘yinlar uy-safar emas, neytral maydonda, katta ehtimol bilan JCh-2026 mezbon davlatlaridan birida tashkil qilinadi.

Xulosa

Yuqoridagi jumlalar biroz sizni charchatgan bo‘lsa, qisqaroq qilib tushuntiramiz. Xullas, O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatiga chiqishi uchun dastlab, Eron, Turkmaniston va Hongkong/Butan jamoalaridan tuzilgan guruhda kamida 2-o‘rinni olishi lozim.

Undan keyin, 6 jamoadan iborat guruhga chiqamiz. U yerda dastlabki 2 o‘rindan birini olishimiz kerak bo‘ladi. Agar bu vazifa uddalanmasa, hech bo‘lmasa, 3 yoki 4-o‘rinlardan birini olish shart.

Ana undan so‘ng, 3 jamoadan iborat yana bitta guruhda imkoniyat bo‘ladi. Bir jamoa bilan uyda, ikkinchisi bilan safarda o‘yin o‘tkaziladi va agar guruh g‘olibi bo‘linsa, jahon chempionati yo‘llanmasi naqd. Bu vazifa uddalanmasa ham imkoniyat yo‘qolmaydi, buning uchun guruhda hech bo‘lmasa 2-o‘rinni olish kerak.

Shunda qit’alararo pley-offda qatnashish imkoniyati bo‘ladi. U yerda avval katta ehtimol bilan Okeaniya yoki Afrika vakilini yutish talab etiladi. Agar bu sinovdan o‘tilsa, katta ehtimol bilan Shimoliy yoki Janubiy Amerikaning biror jamoasi bilan bitta o‘yin bo‘ladi. O‘sha o‘yinni yutib ham jahon chempionatiga chiqish, ya’ni JCh-2026ning eng oxirgi, 48-yo‘llanmasini qo‘lga kiritish mumkin. Qani, ketdik.

Q.Aslanov tayyorladi


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » JCh-2026 saralashidagi imkoniyatlar haqida