18:43 / 02.08.2023
580

“Kalyari” yetakchi futbolchisi Shomurodov haqida nima dedi?

“Kalyari” yetakchi futbolchisi Shomurodov haqida nima dedi?

“Kalyari” bosh murabbiyi Klaudio Raneri "Roma"dan olib kelingan Eldor Shomurodovni yangi mavsumda boshlang‘ich tarkibda o‘ynatishni rejalashtirmoqda.

Aslida italiyalik tajribali murabbiy asosiy hujumchilar sifatida Janluka Lapadula va Eldor Shomurodov tandemidan foydalanmoqchi edi. Biroq, perulik futbolchi kutilmaganda og‘ir jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqdi.

Sardiniyaliklar yangi hujumchi qidirmoqda. Ungacha, Eldor bilan yonma-yon 34 yoshli Leonardo Pavoletti o‘ynaydigan bo‘lib turibdi. Italiyalik forvard “Kalyari”ning yuqori divizionga chiqish uchun “Bari”ga qarshi o‘tkazilgan hal qiluvchi uchrashuvida g‘alaba to‘pini kiritib, jamoasini A Seriyaga olib chiqqan edi.

Leo o‘z faoliyati, “Kalyari” va jamoadagi o‘zgarishlar, xususan, Eldor Shomurodov haqida ham gapirdi.

Tarixiy gol haqida:

“Bari”ga qarshi bahsning 94-daqiqasida gol urganimda mazza qilgandim. Bu gol menga rosa yoqdi. O‘sha kuni hammasi chiroyli bo‘ldi.

Lekin endi biz uchun tarixning yangi sahifasi ochilmoqda.

Kelajagi haqida:

“Kalyari”dan nega ketishim kerak? Bu yerda o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Tabiiyki, besh yil avvalgidek emasman, lekin hali qo‘limdan ko‘p narsa keladi. Men bosh murabbiy Klaudio Raneri bilan gaplashdim. U meni jamoada ko‘rishni istayotganini aytdi. Shu jamoada qolaman, xotirjamman va hali bizga uch ochko keltiradigan ko‘p gollarni urmoqchiman.

Muxlislar haqida:

Ashaddiy muxlislarimiz bizni quyi ligaga tushib ketganimizda ham, mavsum davomida yuzaga kelgan murakkab paytlarda ham tinimsiz qo‘llab-quvvatladi. Ular doimo yonimizda bo‘ldi. Ularning munosabatiga yarasha biz ham A Seriyada munosib ishtirok etgan holda javob qaytarishimiz kerak bo‘ladi.

Jamoaning maqsadi haqida:

E’tiborni yuqori diviziondagi o‘rnimizni saqlab qolishga qaratishimiz lozim. Eng asosiysi shu. Bu oson bo‘lmaydi. Chunki mavsum davomida juda kuchli raqiblarga qarshi to‘p tepamiz. O‘zim esa, mavsumdagi asosiy o‘yinlarni taqvimdan belgilab qo‘ydim.

Klaudio Raneri haqida:

Raneri uddalab bo‘lmas ishni amalga oshirdi va jamoani yuqori ligaga olib chiqdi. Endi yana bir bor jasorat ko‘rsatishimiz kerak. O‘tgan mavsumda u bizga katta turtki berdi. Men u bilan ijobiy natijalarga erisha olishimizga ishonaman. Murabbiyning biz o‘yinchilar bilan gaplashayotganda xotirjamligi va kamtarligi meni hayratga soladi. Raneri o‘yinchilarni bor imkoniyatlarini ishga solib o‘ynashga undaydigan murabbiy.

Eldor Shomurodov haqida:

Yaxshi saviyadagi yangi o‘yinchilarni tarkibga qo‘shib oldik. Ularning hammasi menga yoqdi. Ayniqsa Eldor Shomurodovni ta’riflashga hojat yo‘q. U tezda asosiy qurolimizga aylanadi. Shuningdek, Yakub Yankto haqida ham shu gaplarni aytish mumkin. Bu futbolchilarning bari yangi mavsumda “Kalyari”ga foyda keltiradi.

Ta’kidlash lozimki, “Kalyari” A Seriyadagi dastlabki uchrashuvini Turinda “Torino” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Birinchi tur doirasidagi bu bellashuv 21 avgustga belgilangan.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Kalyari” yetakchi futbolchisi Shomurodov haqida nima dedi?