Coca Cola Superliga 15-turi doirasida "Metallurg"ga qarshi o‘yindan keyin "Navbahor" bosh murabbiyi Samvel Babayan fikrlarini bildirdi.
- So‘nggi o‘yinlar juda qiziqarli va kurashlar ostida o‘tmoqda. Barcha yuqori kayfiyatda, shu jumladan, "Metallurg" ham. Ular turnir jadvalining ikkinchi qismida va ochko kerak. Shu sababli o‘yin qiyin kechishini bilgandik. Umuman olganda, jamoam reja ostida o‘ynayotgandi. Gol urdik va yaxshi vaziyatlarimiz ham bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda ham gol urishimiz va o‘yinni mantiqan yakunlashimiz kerak edi. Biroq gol ura olmadik. "Metallurg"ga tan berish kerak, ular oxirigacha kurashishdi.
- Afsuski, qo‘pol xatolar sababli o‘yin so‘ngida to‘p o‘tkazib yubordik. Bu futbol, bunaqasi bo‘lib turadi. Menimcha, aybni o‘zimizdan qidirishimiz va taxlil qilishimiz kerak. Qizil olgan futbolchimiz o‘yinni kuchaytirish uchun maydonga tushirilgandi, ammo afsuski, barchamizni qiynab maydonni tark etdi. Umumiy olganda, yigitlarga e’tirozim yo‘q. Barchada bosim bor. Oldinga intilishda davom etamiz. Xatolarni to‘g‘rilash uchun ishlaymiz va har tomonlama izlanamiz.
- "Navbahor" so‘nggi o‘yinlarda kam gol urib, kichik hisoblarda g‘alabaga erishmoqda. Bu Sizni xavotirga solmayaptimi?
- Yigitlarga kam gol uringlar deb aytmayapmiz. Shunchaki vaziyatlardan foydalana olmayapmiz. Muammo shunda. Albatta, o‘yinlarni yaqqol ustunlik bilan yakunlashni istaymiz. Bugun ham ikkinchi va uchinchi gollarni urishimiz mumkin edi. Afsuski, tarkibda sifatli futbolchilarimiz ko‘p bo‘lsa-da, realizatsiyada katta muammolarimiz bor.
- Ikkinchi bo‘limda "Navbahor"ning vaqt cho‘zishini sababi natijani ushlab qolishmidi yoki jarohatlar sababmi?
- Biz hech qachon vaqt cho‘zmaymiz. Buning barchasi jarohat bilan bog‘liq. Bularni tibbiy shtabimiz bilan ko‘rib chiqishimiz kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!