Eldor Shomurodov bugungi kunda O‘zbekistonning eng mashhur futbolchisi hisoblanadi. 28 yoshli hujumchimiz o‘zbek futbol maktabi tarbiyalanuvchilari ham Yevropaning eng kuchli chempionatlarida o‘ynay olishini amalda ko‘rsatib berdi.
Bugungi kunda kuchli beshlik ligalarida Eldordan tashqari Abduqodir Husanov ham o‘ynaydigan bo‘ldi. 19 yoshli himoyachimiz Fransiya vitse-chempioni “Lans” safiga qo‘shildi.
Yurtimizda top-ligalarda o‘ynay olish qobiliyatiga ega yangi avlod futbolchilari tarbiyalanmoqda. Ular uchun Rossiya, Belarus, Turkiya chempionatlari “ko‘hna-qit’a”ning kuchli ligalariga yo‘l ochib beradigan musobaqaga aylanib bormoqda.
Ilgari xorij chempionatlariga asosan futbolchi sifatida to‘liq shakllanib bo‘lgan futbolchilarimiz ayni kuchga to‘lgan paytida yo‘l olgan bo‘lsa, bugungi kunda katta futbolga endi qadam qo‘ygan yosh o‘yinchilar ham legioner maqomini olishga cho‘chimayapti.
Faoliyatini Rossiya Premer-ligasining SSKA klubida davom ettirishga qaror qilgan Abbosbek Fayzullayev ana shunday shijofatli yosh futbolchilardan. Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan 19 yoshliujumkor futbolchi o‘zboshimchalik qilgani yo‘q. U legioner maqomini olishdan oldin xorijda to‘p tepish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan Eldor Shomurodov bilan maslahatlashdi.
Bu transfer amalga oshganidan keyin Eldor Shomurodov yosh o‘yinchi Abbosbek Fayzullayevning SSKAga o‘tganiga munosabat bildirdi.
- SSKA O‘zbekistondagi yosh futbolchilar avlodining eng yaxshi vakillaridan birini qo‘lga kiritdi. Abbosbek juda yorqin o‘yinchi. Shuningdek, yaxshi ta’lim va tarbiya ko‘rgan yigit. Futbolchi sifatida haqiqiy professional.
Tabiiyki, unga yangi muhitga moslashishi uchun muayyan vaqt kerak bo‘ladi. Lekin men Fayzullayev o‘z o‘yinlari bilan muxlislarni xushnud etishiga aminman, - dedi O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va “Kalyari” hujumchisi Eldor Shomurodov.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodovning o‘zi ham Yevropa kuchli chempionatlariga yo‘lni Rossiya Premer-ligasidan boshlagan.
Yurtimizda “Mash’al” va “Bunyodkor” jamoalarini sharafini himoya qilgan Eldor 2017 yilga kelib, Rossiya Premer-ligasining o‘rtamiyona jamoasi “Rostov” bilan shartnoma imzoladi.
Hujumchimiz uch mavsum davomida o‘z salohiyatini oshirib keldi. Nihoayat, 2020 yilning oktyabr oyida o‘z maqsadiga yetib, Yevropaning kuchli besh ligasidan biri – A Seriyaga ko‘chib o‘tdi. Italiyaning eng qadimiy jamoasi – “Jenoa” o‘zbek hujumchisi uchun jami 9 million yevro to‘lab, uni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Debyut mavsumida to‘purarlik qobiliyatini ko‘rsatgan Shomurodovni taniqli murabbiy Joze Mourino grand klub – “Roma”ga olib ketdi. Bu jamoa safida hamyurtimiz Yevropadagi ilk sovrini UYEFA Konferensiyalar ligasi kubogini qo‘lga kiritdi.
O‘tgan mavsumni ijara asosida “Spetsiya”da yakunlagan Shomurodov yangi mavsumda yangi chaqiruvni qabul qildi va mashhur murabbiy Klaudio Raneri boshqarayotgan “Kalyari”ga yordam berish maqsadida Sardiniya klubiga ko‘chib o‘tdi.
Abbosbek Fayzullayev uchun ham Rossiya Premer-ligasi Yevropaning top-chempionatlariga yo‘l ochib beruvchi tramplin bo‘lishini tilab qolamiz. Bu futbolchimizga ham Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanov yo‘lini bersin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!