date
views 166

Mirjalol Qosimov: "Ikkinchi golni urganimizda savollarga o‘rin qolmasdi"

Mirjalol Qosimov: "Ikkinchi golni urganimizda savollarga o‘rin qolmasdi"

Superliganing 15-turi doirasidagi "Bunyodkor" - OKMK uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.

- O‘yin haqida

- Qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Birinchi bo‘limning boshida sust o‘yin ko‘rsatdik. Bo‘limning keyingi qismlarida munosib harakat qildik. Ikkinchi bo‘limda ham golga qadar bo‘lgan vaziyatlarda yaxshi harakat qildik. Gol kiritdik, yana bitta gol yetishmadi. Imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. O‘sha vaziyatlardan foydalanganimizda g‘alaba qozongan bo‘lardik. Umuman olganda, do‘stlik g‘alaba qozondi. Bunaqasi ham bo‘lib turadi. Aytganimdek, ikkichi gol yetishmadi.

- Hujum borasida o‘zbek klublarining barchasida muammolar bor. Bu fikrga qanday qaraysiz?

- 1000% qo‘shilaman. Statistikaga nazar solsak ham birorta o‘zbek futbolchisi ko‘rinmaydi.

- Hujum chizig‘i bo‘yicha bugungi tanlagan qaroringiz haqida gapirsangiz...

- Bizda dizbalans borligini o‘tkan safar aytgandim. Martin o‘yinlarni o‘tkazib yubordi, Siya ham biroz betob bo‘lib qoldi. Ruben jarohatda bo‘ldi, Gadoyevda ham muammo bo‘ldi. Biroz vaqt kerak bo‘ladi. Men esa o‘zimda bor o‘yinchilardan foydalanaman. Ikkinchi golni urmaganimiz uchun qiyin ahvolga tushdik. O‘sha golni urish kerak edi. Ba’zi vaziyatlarda sovuqqonlik yetishmadi, qaysidir vaziyatlarda juda ko‘p o‘ylab yuborish kuzatildi. Gol urganimizda savollar qolmasdi. O‘zimni oqlash niyatim yo‘q. O‘zimiz aybdormiz.

- Transfer oynasi yopildi. Jamoa tarkibiga kelib qo‘shilgan yangi futbolchilardan ko‘nglingiz to‘ldimi? Islom To‘xtaxo‘jayev va Sardor Mirzayev qachon maydonga tushishadi?

- Menimcha, yigitlar foyda berishadi. Albatta, legionerlarni ham taklif qilishimiz mumkin edi. Shunchaki, tavakkal qilishni istamadik. Sardor va Islomni yaxshi bilaman. Shunchaki, ularda jarohat bor edi va yetarli o‘yin amaliyoti yo‘q edi. Menimcha, yil oxiriga qadar bu ikki futbolchi klubga moslashib olib, jamoa g‘alabalariga o‘z hissalarini qo‘shishadi.

- OKMK ko‘p ochko yo‘qotayotgani sizni xavotirga solmayaptimi? Taqvimga nazar solsak, oson jamoalar qolmadi...

- Qaysi jamoalar oson? Hamma jamoalarning darajasi ko‘tarilgan. Har bir o‘yin juda shiddatli o‘tmoqda. Futbol shunisi bilan qiziq. Oson, o‘tkinchi o‘yinlar qolmadi. Jadval juda zich. Yozning oxiri va kuz faslida juda qiziqarli o‘yinlar bizni kutmoqda.

- OCHL saralash o‘yini haqida fikringiz qanday? Raqibni o‘rganishni boshladingizmi?

- Yo‘q, o‘yinlar orasida bunday qilmayman. Bu yaxshilikka olib bormaydi. Oldimizda "Olimpik"ka qarshi o‘yin bor. Men hech qachon boshqa raqibga qarshi o‘yin oldidan umuman boshqa jamoaga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rmayman.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: "Ikkinchi golni urganimizda savollarga o‘rin qolmasdi"