Italiyada yangi futbol mavsumi boshlanmoqda. A Seriya debyutanti “Kalyari” faoliyatini keng yoritib kelayotgan www.tuttocagliari.net sayti Klaudio Raneri jamoasi haqida turli ekspertlarning fikr-mulohazalarini berib borishni davom ettiryapti.
Bu gal sayt xodimlari Sky va Mediaset tarmoqlari eksperti va sharhlovchisi Rikkardo Trevizaniga murojaat qildi.
Sports.uz portali italiyalik mutaxassisning “Kalyari” va jamoaning yangi o‘yinchisi – o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov haqidagi fikr-mulohazalarini havola etadi.
- Rikkardo, “Kalyari” A Seriyaga ikkita og‘ir final uchrashuvidan keyin yo‘l oldi. Jamoani bu yutuqqa loyiq, deb hisoblaysizmi?
- “Kalyari”ning yuqori divizionga chiqishida ozgina omadi chopdi. Lekin omad hamisha mardlar tomonida bo‘ladi. Bu o‘yin tarixida omadli va omadsiz jamoalar juda ko‘p bo‘lgan. Omadsizlikni hech qachon muvaffaqiyat bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Hal qiluvchi o‘yinda g‘alaba to‘pini Pavoletti kiritdi. Biroq, bu futbolchini maydonga kerakli paytda kim tushirganini nazardan qochirmaslik kerak.
Ikkala final o‘yini barqaror o‘tdi. Bunga ko‘p omillar ta’sir qiladi. Lekin maydonda asosiy ishni o‘yinchilar bajaradi va ko‘p narsa ularning tajribasiga va uchrashuvdagi ayrim vaziyatlarga bog‘liq bo‘ladi.
Lekin men “Bari”ning mavsum davomidagi o‘yinlaridan kelib chiqib, yuqori divizionga ko‘tarilishga loyiqroq edi, deb hisoblayman. Biroq, yo‘llanma bitta va u birgina jamoaga nasib qiladi. Mana shunday kutilmagan holatlar uchun ham bu o‘yinni yaxshi ko‘ramiz.
- “Kalyari”ning transfer kampaniyasini qanday baholaysiz? “Verona”dan kelgan Sulemanuning salohiyati qanday? Shomurodov singari tajribali, lekin so‘nggi mavsumlarda samaradorligi pasayib ketgan hujumchining kelganini muxlislar turlicha qabul qildi. Bunga nima deysiz?
- Sulemanuga ishonchim katta. Elladada qanday o‘ynaganini ko‘rganman. Kelajak uchun juda yaxshi futbolchi. Shomurodov esa, tajribasi katta hujumchi. Lekin futbol nuqtai nazaridan hali yangi g‘oyalarini ko‘rsata olgani yo‘q.
Eldor tezkor va yaxshi yugura oladigan sifatli o‘yinchi, chiroyli va muhim gollarni ura oladi. Biroq, vaqti vaqti bilan oddiy xatolarga yo‘l qo‘yadi va ayrim holatlarda umuman noto‘g‘ri qaror qabul qiladi. Oddiyroq aytganda, Shomurodov har doim ham to‘g‘ri o‘ynamaydi.
Lekin, shubhasiz, u juda yaxshi o‘yinchi, hali “Kalyari”dagi ishini ko‘rmay turib, baho berishimiz ham to‘g‘ri emas.
Menimcha, Klaudio Raneri Shomurodovdan asosiy markaziy forvardga yordamlashadigan ikkinchi hujumchi sifatida foydalanadi. Shuning uchun ham klub transfer bozorida zo‘r markaziy hujumchi topishi shart, chunki Lapadulaning jarohati ancha jiddiy. Hali uning qachon maydonga qaytishi noma’lum va bu muddat ancha cho‘zilishi mumkin.
Hozir sport direktori Bonato asosiy e’tiborni maydon markazida o‘yinni boshqaradigan Matteo Pratini olishga qaratgan. Biroq, SPAL plemeykeriga “Palermo” bosim o‘tkazayotgani bu ishlarning yurishib ketishiga to‘sqinlik qilyapti.
Aslida transfer bozorining boshi va oxirida ko‘p masala hal bo‘ladi. O‘rtada transferlar kam bo‘lishi odatiy hol. Hozir ana shunaqa palla.
- “Kalyari”ning A Seriyadagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Jamoa yuqori divizionga moslashib, mavsum oxirida o‘z joyini saqlab qolishi kerak. “Kalyari” A Seriyada o‘z tarixiga ega. Eng asosiy vazifa 2022 yili yuz bergan holatni takrorlamaslik. Birinchi navbatda, jamoa A Seriyadagi o‘rnini mustahkamlab olishi talab etiladi.