Superligada 18-tur start olyapti. 25-31 avgust kunlari mazkur tur o‘yinlari bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Shuningdek, 26 avgustda 17-turdan o‘rin olgan ikkita o‘yin ham bo‘lib o‘tadi va tabiiyki, ushbu klublar 18-turdan o‘rin olgan uchrashuvlarini avgust oyi oxirlarida o‘tkazadilar. Ya’ni, uchrashuvlar 25, 27, 29, 30 va 31 avgust kunlariga qo‘yilgan. Siz bilan bizni jiddiy bellashuvlar kutyapti.
25 avgust
“Olimpik” – “Turon”
Timur Kapadze boshqaruvidagi “Olimpik” endi yutmasa bo‘lmaydigan darajaga kelib qoldi. Oxirgi marta may oyida g‘alaba qozongan klub shundan buyon durang va mag‘lubiyat qayd etib kelyapti. “Turon” “Olimpik” uchun qulay raqib sifatida ko‘rilayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin yaypanliklar “Olimpik”ga o‘xshagan jamoa. Ayniqsa, ikkinchi davrada tarkibi keskin yoshartirildi. Bosimdan holi bo‘lgach, “Turon” ikkinchi davrada yutishni boshladi. Shunday bo‘lsa-da, bu juftlikda g‘alabaga tashna bo‘lib turgan “Olimpik”ning imkoniyati yuqori.
27 avgust
“Bunyodkor” – “Buxoro”
Superligada qolish uchun tish-tirnog‘i bilan kurashayotgan “Buxoro” bu safar “Bunyodkor” to‘sig‘idan o‘tishi kerak. Bilasiz, “Bunyodkor”da ikkinchi davradan bosh murabbiy sifatida Aleksandr Krestinin ish boshlagan. Superligada dastlabki ikkita o‘yinda bir ochko olgan bo‘lsa, oxirgi ikkita uchrashuvda 6 ochkoni qo‘lga kiritdi. “Bunyodkor” futbolchilari yangi murabbiyning uslubiga asta-sekin moslashib borishyapti. “Buxoro” bir ochko olsa bu ularning yutug‘i.
29 avgust
“Surxon” – “Nasaf”
O‘zbekiston Superkubogini qo‘lga kiritgan “Nasaf”ni 29 avgustda jiddiy uchrashuv kutyapti. Chempionatning kashfiyot klubi sifatida e’tirof etilayotgan “Surxon”ga qarshi bellashuv turning markaziy to‘qnashuvlaridan biriga bemalol da’vogarlik qiladi. Termizliklar istagan raqibidan ochko tortib olishni uddalayapti va anchadan beri yutqazmayapti ham. Chempionatda sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan “Nasaf” bu bahsda ham ochko yo‘qotsa, yana ahvolini qiyinlashtirishi turgan gap.
“Qizilqum” – “Paxtakor”
Superkubokdagi mag‘lubiyatdan keyin “Paxtakor”ga albatta chempionatda g‘alaba qozonish muhim. Zero, bu ularning kayfiyati va ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Faqat buning uchun Navoiyda “Qizilqum” qarshiligini yengishi lozim. Ligada jon saqlab qolish uchun jiddiy kurashayotgan navoiyliklar bu yo‘lda o‘tgan safar Qarshida “Nasaf”dan bir ochko tortib oldilar. Jamoa o‘yini chakki emas. O‘z maydonida “Paxtakor”ga haqiqiy kurashni taklif qilishi katta ehtimol. O‘yin taqdirini birgina gol ham hal qilishi mumkin.
30 avgust
“Metallurg” – “So‘g‘diyona”
Bekobodda “Metallurg” “So‘g‘diyona”ni qabul qiladi. Ungacha jizzaxliklar 26 avgust kuni 17-turning qoldirilgan o‘yini doirasida Jizzaxda “Navbahor” bilan bahs olib boradi. Tabiiyki, “Metallurg”da yaxshilab tayyorlanish uchun vaqt yetarli bo‘ladi va raqibning bo‘lg‘usi o‘yinini ham tahlil qilish imkoniyati mavjud. Oxirgi paytlarda bekobodliklar o‘z o‘yinini yaxshilab olayotgani natijalarda ham sezilyapti.
“Navbahor” – OKMK
Ikkala jamoa ham OCHL pley-off bosqichida g‘alaba qozonib, guruh bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar. Shuningdek, “Navbahor” kabi OKMK ham 26 avgust kuni 17-turning qoldirilgan uchrashuvida ishtirok etadi. Bu jamoalarning o‘yinlar taqvimi endilikda tig‘iz grafik asosida o‘tadi. Albatta, ushbu klublar o‘rtasidagi uchrashuv markaziy maqomga ega. Babayan va Qosimov duelida hozircha imkoniyatlar teng baholanmoqda.
31 avgust
“Neftchi” – “Andijon”
Bu turda vodiy derbisi ham bor. Farg‘onaliklar 26 avgustda Olmaliqda OKMKga qarshi Superliganing 17-tur qoldirilgan o‘yinini o‘tkazib qaytadi va 5 kundan keyin “Andijon” qarshiligini yengishi talab qilinadi. Albatta, bu uchrashuv darajasi va mavqei borasida ortiqcha ta’riflar shart bo‘lmasa kerak. Har qanday holatda ham derbi bu o‘z nomi bilan derbi. Hujumkor o‘tishi kutilayotgan bellashuv muxlislarda ham katta qiziqish uyg‘otayotgani rost.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!