01:27 / 01.09.2023
649

Shomurodovning sobiq ustozi Raneriga Eldordan foydalanish sirini ochdi

Shomurodovning sobiq ustozi Raneriga Eldordan foydalanish sirini ochdi

Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Kalyari”ning hujum chizig‘ida raqobat yanada kuchayadigan bo‘ldi. Ayni paytda Klaudio Raneri boshchiligidagi murabbiylar oldingi chiziqda asosan Leonardo Pavoletti va Zito Luvumboga ishonch bildiryapti. Eldor Shomurodov esa, dastlabki ikki turda faqat zaxiradan maydonga tushirildi.

Sardiniya klubi “Milan” tarbiyalanuvchisi Andrea Petanyani qo‘lga kiritdi. O‘tgan mavsum jamoa to‘purari bo‘lgan Janluka Lapadula jarohatdan qutilib, safga qaytsa, Klaudio Raneri ixtiyoridagi forvardlar soni besh nafarni tashkil qiladi. Bu esa, ulardan kamida uchtasi uchrashuvni zaxira o‘rindig‘ida boshlashidan dalolat beradi.

Taniqli murabbiy Leonardo Semplichi “Kalyari”ning yangi hujumchilari – Eldor Shomurodov va Andrea Petanyadan zo‘r hujum juftligi chiqishini ta’kidlamoqda. Bu mutaxassis har ikki forvardning imkoniyatlarini juda yaxshi biladi.

Semplichi SPAL jamoasida Petanyaga ustozlik qilgan bo‘lsa, Shomurodov o‘tgan mavsum Spetsiyada uning qo‘l ostida o‘ynadi. Klaudio Raneri bu ikik hujumchi borasida Semplichi bergan ma’lumotlardan foydalanishi mumkin.

- Klaudio Raneridek murabbiy tarkibni shakllantirishga e’tibor qaratgan bo‘lsa, bunda uning asosiy sabablari bor. Bu transferlar hamma uchun foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shomurodovga o‘zining eng yaxshi sifatlarini ko‘rsatishi va jamoa muvaffaqiyatlariga hissa qo‘shishi uchun murabbiylarning ishonchini his qilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz o‘tgan mavsumda Shomurodovning jismoniy va texnik xarakteristikasini yuqori darajaga olib chiqish uchun muayyan ishlarni amalga oshirgan edik.

Eldor maydon ichkarisidan hujum uyushtirishni yaxshi ko‘radi va uning bu xususiyati Petanyaning o‘yin xarakteristikasiga juda mos tushadi.

Qolaversa, jamoa boshida bu ikki hujumchidan maksimum foyda chiqara oladigan tajribali Klaudio Raneri turibdi, - dedi Leonardo Semplichi.

“Kalyari” A Seriya debyutanti hisoblanadi. Klaudio Raneri oldiga jamoani yuqori divizionda olib qolish vazifasi qo‘yilgan.

Biroq, jamoaning aksariyat o‘yinlarida A Seriyada to‘p tepish tajribasi oqsamoqda. Shu bois, murabbiylar shtabi tarkibni shakllantirishda o‘yinchilarning yuqori bosim ostida o‘ynay olish salohiyatini ham inobatga olishiga to‘g‘ri keladi.

Xususan, Eldor Shomurodov ham, Andrea Petanya ham Italiya futboliga yaxshi moslashgan tajribali forvardlar sirasiga kiradi.

O‘zbek hujumchisi A Seriyada uch yildan beri to‘p tepyapti. “Kalyari” uning to‘rtinchi jamoasi. Eldor avvalgi jamoalari – “Jenoa”, “Roma” va “Spetsiya”da o‘z hisobiga gol yozib qo‘ya olgan o‘yinchi. Bundan tashqari hamyurtimiz Italiya jamoalari safida o‘zi ishtirok etgan barcha musobaqalar – A Seriya, Italiya kubogi, Konferensiyalar ligasi va Yevropa ligasi saralash turnirlarida ham raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan.

Petanya Eldor Shomurodov bilan tengqur. 28 yoshli futbolchi “Milan” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Faoliyati davomida “Askoli”, “Atalanta”, SPAL, “Napoli” kabi jamoalarda to‘p tepgan. “Monsa” uni o‘tgan yili ijaraga olib o‘ynatib, shu yoz “Napoli”dan  to‘liq transfer qilgan edi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovning sobiq ustozi Raneriga Eldordan foydalanish sirini ochdi