21:00 / 07.09.2023
790

“Kalyari” yanvarda Shomurodovni qo‘yib yuboradigan bo‘ldi

“Kalyari” yanvarda Shomurodovni qo‘yib yuboradigan bo‘ldi

Yevropa mamlakatlari chempionatlarida FIFA kunlari munosabati bilan qisqa tanaffus e’lon qilindi. Endi futbol jamoatchiligi bir necha kun davomida dunyo mamlakatlari terma jamoalari ishtirokini kuzatadi.

Ayrim terma jamoalar xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida, ba’zilari katta turnirlarning saralash musobaqasi doirasidagi o‘yinlarda maydonga tushadi.

Italiya matbuoti A Seriyada o‘ynayotgan boshqa qit’a futbolchilari faoliyatiga e’tibor qaratdi. Xususan,  CalcioNews24 nashri 2024 yilning yanvar oyida Qatar mezbonlik qiladigan futbol bo‘yicha Osiyo kubogi o‘yinlarida ishtirok etadigan A Seriyadagi osiyolik futbolchilar haqida ma’lumot berdi.

Nashrning yozishicha, A Seriyada mamlakati terma jamoasi Qatardagi Osiyo kubogida qatnashadigan uch nafar futbolchi bor.

A Seriya jamoalari 12 yanvardan 10 fevralgacha Qatar mezbonlik qiladigan Osiyo kubogida ishtirok etadigan o‘yinchilarni bir oyga qo‘yib yuborishiga to‘g‘ri keladi. “Kalyari” rahbariyati jamoa hujumchisi Eldor Shomurodovni qit’aning eng nufuzli musobaqasi final bosqichiga yo‘llanma olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga kuzatib qo‘yishi kerak.

Shuningdek, “Latsio”dagi Daichi Kamada bu muddatda Yaponiya terma jamoasiga, “Roma”ga yangi qo‘shilgan Sardor Azmun Eron terma jamoasi ixtiyoriga yetib borishi kerak, - deb yozmoqda CalcioNews24 nashri.

Darhaqiqat, jahon futbolida odatda, klublar o‘z o‘yinchilarini milliy terma jamoada o‘ynash uchun qit’a miqyosidagi nufuzli turnirlarga uzoq muddatga qo‘yib yuborishi odatiy hol hisoblanadi.

Shu bois, A Seriyaning uchala klubi ham osiyolik futbolchilarga o‘z yurtlari sharafini himoya qilishga to‘sqinlik qilmasligi aytilmoqda. Zero, bu futbolchilar o‘z terma jamoalarida haqiqiy yetakchilar hisoblanadi.

Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilarini maydonga yetaklab tushayotgan sardor hisoblanadi.  Bundan tashqari, “Kalyari” hujumchisi 65 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 37 marotaba ishg‘ol qilgan va bu borada mutlaq rekordchiga aylangan. Kuchli beshlik ligalarida gol urgan yagona o‘zbek futbolchining terma jamoamizda o‘ynashi qolgan o‘yinchilarimizga ruhiy ustunlik beradi.

Qolaversa, Eldor klublar miqyosidagi holati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, terma jamoada o‘zgacha ishtiyoq bilan to‘p tepadi va muntazam gol urib kelmoqda.

“Latsio” vakili Daichi Kamada 2019 yildan beri Yaponiya terma jamoasiga jalb qilinib kelinmoqda. 27 yoshli yarim himoyachi hozirgacha 29 ta o‘yinda qatnashib, o‘z hisobiga oltita to‘p yozdirib qo‘ygan.

O‘zbekistonlik muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan Sardor Azmun ham Eronning mashhur o‘yinchilaridan. 28 yoshli forvard o‘z yurti jamoasi safida 71 ta o‘yinda 45 ta gol urgani uning mavqeini ko‘rsatib turibdi.

Srechko Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatardagi Osiyo kubogida V guruhidan joy olgan. Futbolchilarimiz kvartetdagi birinchi uchrashuvini 13 yanvar kuni Suriyaga, ikkinchi o‘yinni 18 yanvarda Hindistonga va uchinchi bahsni 23 yanvarda Avstraliya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Kalyari” yanvarda Shomurodovni qo‘yib yuboradigan bo‘ldi