12:50 / 10.09.2023
609

Gol bo‘lmasa qiyin ekan!

Gol bo‘lmasa qiyin ekan!

Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida O‘zbekiston Milliy terma jamoasi AQSH bilan kuch sinashdi. Natija 0:3, mag‘lubiyat. Safar mobaynida yuzaga kelgan qiyinchiliklar, uzoq vaqt davom etgan parvoz va yana bir qator navbatchi bahonalarni chetga surib qo‘yish kerak. Sababi, haqiqiy professionallar uchun bunday qiyinchiliklar normal va bunga tayyor bo‘lish lozim. O‘yin tomonlama vakillarimizni tanqid qilmagan bo‘lardim, ammo baribir mag‘lubiyatga sabab bo‘lgan omillarga to‘xtalib o‘tish kerak:

Ilk daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol

Dastlabki daqiqalardanoq shimoliy amerikaliklar ustunlikni o‘z qo‘liga olgani rost. O‘yinga to‘liq kirishib keta olmagan vakillarimiz ilk daqiqalardanoq gol o‘tkazib yubordi. Bu endi raqib jamoa safidagi klassi o‘ta yuqori bo‘lgan futbolchilarning say-harakatlari evaziga urilgan gol. Makkeni jarima maydonimiz ichida shu qadar xotirjam harakat qildiki, buni rostmana o‘ziga bo‘lgan ishonch, desa bo‘ladi. Uning uzatmasidan so‘ng Vea sovuqqonlik bilan O‘tkir Yusupov qo‘riqlayotgan darvozaning olis burchagiga to‘pni joylab qo‘ydi. "Yuventus" vakillari tomonidan yaratilgan gol.

Alijonov tanqidlardan yiroqda
AQSH ko‘p o‘tmay ikkinchi golni urishini taxmin qilganlar bo‘ldi. Tezkor gol har qanday jamoaning rejalariga jiddiy ta’sir o‘tkazadi, ammo buyog‘iga hamyurtlarimiz raqibga uncha-muncha vaziyatlarda jiddiy qarshilik ko‘rsata oldi. Ba’zan esa omad kulib boqib, to‘p "Navbahor" posboni qo‘riqlayotgan darvoza ustuniga tegib qoldi. 5 kishi bo‘lib himoyalanayotgan vakillarimizda markazdan o‘ynash imkoniyati deyarli bo‘lmadi. Shukurov hamda Hamrobekov baribir tayanch zonasi a’zolari va ulardan kreativlik, termamizdan esa markazdagi dominantlikni kutib bo‘lmasdi. Bunday holatda qanotlar o‘ta faol ishlashi lozim edi, shunday bo‘ldi ham. Garchi, vingerimiz Oston O‘runov o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish etmagan bo‘lsa-da, Alijonovni "yondirdi" desak bo‘ladi. Hujumdagi aktivlikni ham, Pulishich o‘ynayotgan qanotni yopish vazifasini ham, reydlarni ham "Paxtakor" a’zosi amalga oshirdi. Bugungi o‘yini uchun uni bemalol maqtasak bo‘ladi.

Masharipov ayni dam klubsiz va o‘yin amaliyotiga ega emas, ammo baribir bahs davomida bir qancha foydali harakatlarni amalga oshirdi. Kutilganidek emas-ku, undan sal kamroq. Sayfiyevni juda yomon o‘ynadi, deya olmaymiz. Shunchaki, Alijonov fonida u biroz yomonroq ko‘rindi. Umumiy kartinada esa yaxshi uchrashuv o‘tkazdi u ham.

Shomurodovni uyg‘otvoringlar
Bizni eng ko‘p o‘ylantirayotgan va tashvishga soladigan jihat Shomurodov bo‘lsa ajab emas. Termamiz sardori va asosiy hujumchimiz birinchi bo‘limda ikkita yaqqol golli vaziyatni ko‘kka sovurdi. Har ikki vaziyatda Eldorning o‘zi tezlikda AQSH himoyachilarini ortda qoldirib, darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib bordi, ammo oxirgi zarbada qandaydir ishonchsiz harakat qildi. Bu ikki epizodda "Arsenal" sobiq darvozaboni Mett Terner qoyilmaqom seyvlar amalga oshirib, jamoasini qutqarib qoldi, demagan bo‘lardim. Shunchaki, Eldor adashdi. Bu vaziyatga qo‘yilgan holis tashxis. Agar o‘sha holatlarning hech bo‘lmasa bittasi gol bilan yakunlanganda, o‘yin butkul boshqacha tus olishi va natija biz kutgandek bo‘lishi mumkin edi.

Ikkinchi bo‘lim ssenariysi haqida qisqacha
Ikkinchi taym nisbatan sokin va pragmatik tarzda o‘tdi. Har ikki terma ham oldinga tashlanishlarsiz, nisbatan ehtiyotkor futbol namoyish etdi. Himoyada ishonchli harakat qilgan Katanes shogirdlari, oldinda imkon qadar xavf tug‘dirishga urinib ko‘rdi. Qanotlardan Shomurodov tomon bo‘lgan uzatmalar, Alijonovning o‘tkir burchakdan yo‘llagan xavfli zarbasi va Masharipovning jarima maydoni yaqinidan tepgan noaniq to‘pi, ayniqsa, esda qolarli bo‘ldi.

Risk ish bermadi
68-daqiqada Oston O‘runov, Rustamjon Ashurmatov va Farrux Sayfiyev maydonni tark etdi. Ularning o‘rniga esa Sherzod Nasrulloyev, Azizjon G‘aniyev hamda Azizbek Turg‘unboyev o‘yinga qo‘shildi. 4 ta himoyachi taktikasiga o‘tdik va urg‘uni markazga berdik. So‘nggi daqiqalarda esa haqiqiy riskka qo‘l urildi. Shomurodov, Masharipov hamda Shukurov kabi yetakchilar birin-ketin zaxiraga olindi. Ismoilov, Iskanderov va Abduholiqov ularning o‘rnini egalladi. Hujum butunlay yangilanib ketdi. Qanday qilib bo‘lmasin, gol urishimiz kerak edi, ammo...

Srechko Katanetsning riski ish bermadi. Konsentratsiyaning yo‘qolishi va oldinga bor kuch bilan tashlanish natijasida ikkinchi va uchinchi gollarni ham o‘tkazib yubordik. Aslida, AQSH kabi terma jamoaga qarshi 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat yomon emasdi. Shunchaki, ko‘prog‘ini xohlab, kamrog‘iga erishdik.

Katanes jamoasi uchun umumiy xulosa
Umuman olganda, o‘yin tomonlama termamiz yomon ko‘rinmadi, "CAFA Nation's Cup" finalidagi kabi. Eronga qarshi bellashuvda ham Azmunning say-harakatlari evaziga gol o‘tkazib yuborgandik. E’tibor berishimiz kerak bo‘lgan jihat ham aynan shu. Jamoa yaxlit bir mexanizm bo‘lib, yaxshi harakat qilsa ham ba’zan ijrochilardagi farq o‘yin natijasini belgilab beradi. Katanes jamoasi himoyada ancha ishonchli, garchi, bugungi bellashuvda 3 ta gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsak ham. Agar vujudga kelgan imkoniyatlarning bittasidan bo‘lsa ham foydalanganimizda va tabloda 1:1 hisobi bo‘lib turganda, ortiqcha riskka hojat yo‘q edi. Futbolda hammasi bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Bir futbolchining xatosi yoki ishonchsiz harakati butun jamoa o‘yiniga ta’sir ko‘rsatishga mumkin. Bugun yirik hisobda mag‘lub bo‘ldik. Men bunda Katanetsni umuman ayblamagan bo‘lardim. Hech qaysi raqib oldida ojiz ko‘rinmayapmiz. Shunchaki, biz ishongan legionerlar hozir chindan ham yaxshi sport formada emas va o‘yin amaliyoti kam. Bilmadim, bu kimni aybi, ammo aniq Katanetsniki emas.

Eron va AQSHga qarshi o‘yinlardan xulosa qilib aytsak, himoyamiz ishonchli. Usluban himoyaviy futbolga moslashib boryapmiz. Tarkibdan kelib chiqsak, bu to‘g‘ri tanlov. Ammo bu gol urmasdan yuta olamiz degani emas. Ba’zan hujum chizig‘idagi katta nomlarimiz katta sahnaga chiqib turishi ham kerak. Bo‘lmasa, qiyin. Gol bo‘lmasa qiyin.

Xudayqulov Karim


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gol bo‘lmasa qiyin ekan!