date
views 400

"Nasaf"ning OChLdagi raqiblari bilan tanishamiz!

"Nasaf"ning OChLdagi raqiblari bilan tanishamiz!

Xabaringiz bor, 18 sentyabr sanasida OChL guruh bosqichi o‘yinlari start oladi. Unga qadar, yurtimiz sharafini himoya qilishi kutilayotgan jamoalarimizning guruhlaridagi raqiblari, ularning o‘yin uslubi va imkoniyatlarimiz haqida fikr almashamiz. Birinchi bo‘lib maydonga tushishi kutilayotgan Nasaf” bu maqolalar seriyasini boshlab beradi.

Qarshiliklar “B” guruhidan o‘rin egallagan bo‘lib, Qatarning “Al-Sadd”, BAAning “Sharja” va Iordaniyaning “Al-Faisaliy” jamoalari bilan kurash olib boradi. O‘yinlar uy/safar tizimida o‘tkazilishini hisobga olsak, “ajdarlar”da guruhdan chiqish uchun yaxshigina imkoniyat mavjud. Bir necha yillardan beri muhlislar sog‘ingan xalqaro maydonning Qashqadaryoga qaytayotgani ishqibozlar oqimiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Qo‘shimchasiga, katta jamoalarda to‘p tepish ilinjidagi yosh ijrochilar uchun ham OChL chinakam o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini taqdim etadi.

Raqib safida kimlar to‘p tepmoqda?

“Ac-Sadd”.

Qatar klubi bundan 2-3 yil avvalgi darajada to‘xtatib bo‘lmas kuch emas. Jamoa tarkibida, harakat vektori va ambitsiyalarida ham yaxshigina o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Hozir etakchilari orasida biz yaxshi tanigan Bog‘dod Bunejjah, Akrom Afif, Hasan Al Haydos singari ijrochilar mavjud. Jamoani portugaliyalik mutaxassis Bruno Pinera boshqarib kelmoqda. Klub avvalgidek katta qudratga ega emasligi borasida bejizga so‘z ochganimiz yo‘q. “Ac-Sadd” o‘tgan mavsumda Qatar ichki birinchiligida 3-pog‘ona bilan cheklangan bo‘lsa, Qatar Amiri kubogida “Al-Arabi”dan yirik (3:0) hisobda mag‘lub bo‘ldi. Tarkib va imkoniyatlar borasida “Ac-Sadd” avvalgidek Osiyoning eng kuchli 4 jamoasidan biri emas.

Hozirgi holati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, “Nasaf” uchun asosiy raqobatchi bo‘lish ehtimoli mavjud. Jamoa avvalgidek tezkor va mobil emas, biroq “Al-Sadd”ni hisobdan chiqarib qo‘yish uchun buning o‘zi kamlik qiladi. Qatar klubi hozirgi holatida ham guruhdan chiqish uchun asosiy da’vogar, ammo o‘yin borasida “Nasaf”dan bir bosh baland emas. Legionerlari ham avvalgicidan farq qiladi.

“Sharja”.

Klassik BAA klubi. Terma jamoaga a’zo mahalliy futbolchilar va sifatli legionerlar uyg‘unligi. Plyus evropalik mutaxassis! Aynan shu uch omil hozirgi “Sharja”da mujassam. Ruminiyalik Kosmin Olariu boshqaruvidagi Otabek Shukurovning sobiq jamoasi OChLga saralash o‘yinlarida munosib ishtiroki bilan etib keldi. Avvaliga Bangladeshning “Bashundara Kings” klubi taslim (2:0) etilgan bo‘lsa, keyin Eronning “Traktorsozi” jamoasi ortiqcha qiyinchiliksiz mehmonda (1:3) mag‘lub etildi. “Sharja” kuchli legionerlarga suyangan, himoya va hujum chizig‘idagi tafovut sezilib turadigan arab jamoalarini eslatib yuboradi. Tarkibdagi asosiy nomdor futbolchilar aynan hujum chizig‘ida harakat qiladi. Yaqinda “Al-Hilol”dan kelgan Mussa Marega, braziliyalik Kaio Lukas, “Roma”dagi o‘yinlari bilan ko‘pchilikka tanish bo‘lgan Kostas Manolas va Miralem Pyanich jamoaning asosiy yulduzlaridan sanaladi.

Guruhda birinchi o‘rin uchun asosiy da’vogar jamoa, biroq muammolari etarlicha topiladi. “Ajdarlar” uchun chiziqlar orasidagi bog‘lamlari yaxshi ishlamaydigan arab klublari ko‘pincha o‘lja bo‘lganini hisobga olsak, “Sharja” jamoasi “Nasaf” uchun o‘tib bo‘lmas (albatta, qarshiliklar o‘z o‘yinini namoyish eta olsa) to‘siqqa aylanmasa kerak.

“Al-Faisaliy”.

Iordaniya klubi kvartetdagi “yashirin tulpor” obrazida harakat qiladi. Deyarli terma jamoa futbolchilaridan tashkil topgan jamoani tunislik mutaxassis Hazi Hrairi boshqarib kelmoqda. Tarkibda tunislik markaziy hujumchi Rafik Kamergi va Natan Mavilla legioner maqomida harakat qiladi, xolos. Qolgan futbolchilarning deyarli barchasi Iordaniya fuqarolari. Jamoa o‘yin uslubi borasida “Nasaf”ga o‘xshab ketadi, ammo ijrochilar klassida “ajdarlar”dan ancha orqada. O‘z tarixida ikki marotaba OFK kubogida zafar quchgan jamoa ushbu guruhdagi autsayder bo‘lishiga qaramay, uy o‘yinlarida istalgan jamoasidan ochko tortib olishi mumkin. “Al-Faisaliy” pley-offga kim chiqishini belgilab berishi mumkin bo‘lgan jamoa.

“Nasaf” hali to‘liq sport formasini tiklab olmagan “Al-Faisaliy”ga qarshi o‘yin orqali OChL guruh bosqichidagi ishtirokini boshlaydi. Bu kichik faktor ham yakunda bizning foydamizga ishlashi mumkin. “Al-Faisaliy” juda yig‘iq va jamoaviy o‘yinga katta e’tibor qaratadi. Bahsda burilish yasashga qodir katta nomlar yo‘qligini intizom va kuchli ishtiyoq bilan berkitishga urinadi.

“Nasaf”ning guruhdan chiqish imkoniyatlari qanday?

Optimistik qarashlarni bir chetga surib tashlaganda ham “ajdarlar” kamida ikkinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqishi shart. Hozirgi “Nasaf” ko‘rsatayotgan jamoaviy futbol “Sharja” va “Al-Sadd” uchun juda noqulay uslub sanaladi. Kvartetdagi 3 jamoani ham o‘z uyida mag‘lubiyatga uchrata olsa, qarshiliklarda hatto birinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqish imkoniyati mavjud. Eng muhimi, “Nasaf” guruhdagi hech bir raqibiga klass borasida imkoniyatni boy bermaydi. Kurashsa, sovuqqonlik namoyish etsa, yakunda aynan "ajdarlar" “B” guruhi g‘olibiga aylanishi ham hech gap emas.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf"ning OChLdagi raqiblari bilan tanishamiz!