SSKA va “Krilya Sovetov” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvning ikkinchi bo‘limida maydonga tushib, bellashuvning eng yaxshi o‘yinchisi, deb e’tirof etilgan Abbosbek Fayzullayev jurnalistlarga intervyu berdi.
SSKA jamoasi o‘zbek legionerining xatti-harakatlari evaziga o‘yinning ikkinchi yarmida ustunlikni o‘z qo‘liga oldi. Faol o‘ynagan Abbosbek Fayzullayevning aniq to‘p uzatishidan keyin mezbonlar hisobni tenglashtirib, mag‘lubiyatdan qutilib qoldi.
- Abbosbek, durang bilan sizni tabriklasak bo‘ladimi yoki yo‘qmi?
- Yo‘q. Chunki biz SSKA jamoasimiz. Har doim g‘alaba qozonishni istaymiz, bu gal ham uch ochkoni ko‘zlagan edik. Yaxshi o‘yin o‘tkazdik, ikkita to‘p o‘tkazib yuborganimizga qaramay, o‘yinda burilish yasadik va durangga erishdik. Ko‘rganingizdek, uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun oxirigacha kurashdik. Nasib qilsa, keyingi o‘yinda yutamiz.
- Siz maydonga tushganingizdan keyin SSKAning o‘yini haqiqatan o‘zgardi. Terma jamoada gol urganingizdan keyin bu o‘yinga ham o‘zgacha kirishdingiz. Rossiya chempionatida to‘liq moslashib oldingiz, degan xulosaga keldik...
- Men moslashishda davom etyapman va bunda menga jamoadagi barcha yigitlar va murabbiylar yordam beryapti. Hammaga rahmat. Albatta, bu gal o‘zimni ko‘rsatish uchun ko‘proq o‘yin vaqti berilganidan xursandman. Keyingi bahsda yanada yaxshiroq o‘ynashga harakat qilaman.
- Maydonda kim bilan bir biringizni yaxshi tushunib harakat qilyapsiz?
- Hozircha biror kimni alohida ajratib ko‘rsata olmayman. Chunki hali juda kam o‘ynadim. Mashg‘ulotlarda hamma bilan muloqot qilishga, til topishishga urinyapman.
- Jarima zarbasini berishda oldingizga Igor Akinfeyev yugurib keldi. U sizga nimani maslahat berdi?
-Raqib darvozabonining zarbani ko‘rib turishini cheklash va kuchliroq zarba berishni aytdi.
- “Jonli devor” xalaqit berdi-a? Lekin hammasi to‘g‘ri bajarilgandi...
- Ha. Shunday bo‘ldi.
Abbosbek Fayzullayev SSKA jamoasi safiga avgust oyinining boshida transfer qilindi. “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bir oylik tayyorgarlik jarayonini o‘taganidan keyin, endi-endi o‘yinlarga jalb etilmoqda.
19 yoshli hujumkor futbolchi Rossiya Premer-ligasida hozirgacha uch marotaba maydonga tushib, “Dinamo” va “Orenburg” jamoalariga qarshi bir necha daqiqa o‘ynagan bo‘lsa, mana endi “Krilya Sovetov”ga qarshi to‘liq bir bo‘lim o‘ynadi.
Shuningdek, o‘zbek legioneri bu uchrashuvda samarali harakatlar hisobini ochib, o‘z nomiga bitta assist rasmiylashtirib qo‘ydi.
SSKA jamoasi Rossiya Premer-ligasi doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 24 sentyabr kuni safarda “Rostov” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!