"Teshiklari"gacha yopayotganni qadriga yetmasdan, "eshiklari"gacha ochib qo‘yadiganga yo‘liqqan MYU
David De Xeaning o‘tgan mavsumdagi xatolari ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Go‘yoki, u o‘zining eng zo‘r formasida emas. Foydali ishidan ko‘ra, "qovunlari" ko‘payib ketyapti, deya ko‘p muxlislar o‘z e’tirozlarini bildirdi. Agar hozir ham "qizil iblislar" uni ortga qaytarsa, Onanadan bemalol asosiy tarkibni tortib oladigan darajaga ega David.
Andre balki oyoqda yaxshi o‘ynar, ammo MYU "Siti" emas-ku, butun o‘yin davomida mayda paslar bilan harakat qiladigan. Yana shu faktor evaziga darvozabonning qo‘lda o‘ynashdagi kamchiligini yopa oladigan darajada kuchli himoyaga ham ega emas bu klub.
Onanani keraksiz paytda amalga oshirilgan keraksiz transfer, deb hisoblayman. David esa himoyasida tinimsiz "xaos"lar vujudga keladigan, Fernandeshning uzun paslariga tayanib qolgan MYUga juda ham kerak edi. Ba’zan ro‘y berib turadigan kam sonli xatolarni inobatga olmasa, uncha-muncha o‘yinlarda "qizil yopinchiq" kiyib, qahramonliklar ko‘rsatib turardi.
Bu mavsum mankunialiklar faqatgina "Nottingem Forest"ga qarshi to‘p nazoratida total ustunlikka ega bo‘ldi. "Vulvz"ga qarshi deyarli tenglik ro‘y berdi (51:49). Qolgan barcha o‘yinlarda ("Tottenxem", "Arsenal", "Brayton", "Bavariya") to‘p nazorati raqiblarga topshirib qo‘yildi. Baribir qarshi hujumda o‘ynashga majbur bo‘lyapti jamoa. Pozitsion futbol o‘xshamayotgani ochiq ko‘zlarga shundoqqina ayon.
Onananing kamchiliklarida qisman Ten Xagning ham aybi bor, degan bo‘lardim. Qarasa, u kutgandek futbol o‘ynamayapti MYU. Ha deb qutqaraverish va tinimsiz bosimga chidashga o‘rganmagandi kamerunlik posbon. O‘rganganlarni esa qadrlashmadi.
Ha aytgancha, De Xea o‘tgan mavsum 17 ta "quruq o‘yin" bilan APLda "oltin qo‘lqop"ni qo‘lga kiritgandi. Maguayr, Dalot, Lindelyof kabi himoyachilari bor jamoa bilan 17 ta "quruq o‘yin" zo‘r natija edi. Shuni ayrimlar endi tushunib yetayotgan bo‘lsa ajab emas.
Xudayqulov Karim
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring