“Andijon” – “Navbahor” (2:1) o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Aleksandr Andreyevich, sizni g‘alaba bilan tabriklayman.
- Men ham sizni g‘alaba bilan tabriklayman. Nihoyatda xursandman. Andijon xalqini g‘alaba bilan quvontirishni niyat qilgandik. Qiyin uchrashuv, ayniqsa birinchi taymda o‘yinimiz o‘xshamadi, ammo ikkinchi taymdagi ajoyib o‘yinimiz hamda g‘alabamiz bilan barcha ishqibozlarimizni tabriklayman. Aytishim mumkinki, omad biz tomonda bo‘ldi. G‘alaba qozonish uchun katta kuch sarf qildik va qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, o‘z maqsadimizga erishdik. “Navbahor”ga qarshi og‘ir o‘yinda yaxshi harakat qilib, g‘alaba qozonganimiz uchun yigitlarimizdan xursandman. O‘ylaymanki, biz to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz. Hammani yana bir bor tabriklayman va o‘zim ham juda xursandman.
- Yaqinda “Navbahor”ni Neymardek o‘yinchisi bor “Al-Hilol” yutolmagandi. “Andijon” esa bugun yutdi. Hozir nimani his qilyapsiz?
- Qaysidir ma’noda o‘yinni nazorat qildik va bundan juda ham xursandman. “Navbahor”ning kuchli va kuchsiz jihatlarini yaxshi o‘rgangandik. Vaziyatlardan unumli foydalandik. Ikkinchi taym oxirida kerakli ishni bajardik. Oxirgi daqiqalardan yaxshi foydalandik va bunda omad ham biz tomonda edi.
- “Navbahor” markazda avvalgidek kuchli to‘p surmadi. Bu faktorlarni hisobga olganmidingiz yoki buni kutmaganmidingiz?
- Bilasizmi, men hamma jihatlarni inobatga olgandim. “Navbahor”ning sifatli o‘yinchilari borligini bilardim. Shularni hisobga olib o‘yin tashkil qilgandik. Ularda texnik va mahorat jihatidan anchayin kuchli futbolchilari bor. Biz bunday holatda nima qilishimiz kerak edi? Biz intensiv futbol taklif qildik. Yana qaytaraman: birinchi taymda deyarli ishimiz yurishmadi. Xudoga shukrki, standartdan gol urib oldik. Yana shuni aytishim mumkinki, maydonda “Navbahor” bilan tengma-teng o‘ynab, yana ikkita gol urib muvaffaqiyat qozonish – bu qimmatli g‘alaba hisoblanadi. Bu bilan cheklanib qolmasdan yanada yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishimiz mumkin edi. Ba’zi joylarda va jumladan markazda ham ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘ydik. Kuchli qanot himoyachilari bor “Navbahor”ga yetarlicha qarshilik ko‘rsatdik. Ba’zi jihatlarda qanotlardan uzatilgan to‘plarda kamchiliklarga yo‘l qo‘ydik. Biroq bugun omad biz tomonda edi. Andijon xalqini g‘alaba bilan xursand qilishni juda-juda xohlagandik va o‘z maqsadimizga erishdik.
- Ochig‘ini aytganda, ko‘pchilik durang o‘yinni kutgandik. 0:1 hisobida yutqazayotganda nimani o‘yladingiz?
- Men sizlarga ochiq aytadigan bo‘lsam, har bir vaziyatni murabbiy to‘liq ko‘rishning imkoniyati yo‘q. Murabbiy maydonda bir vaziyatga qaraydi, keyin boshqasiga. Umumiy jarayonni to‘liq ko‘rishning imkoni yo‘q. Hattoki, bunday vaziyatlarni muxlislar to‘liq ko‘rishi mumkin. Gol o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng qiyin vaziyatga tushib qolganimizni his qildim va jamoam bilan birga barcha choralarimizni ishga solib vaziyatni o‘zgartirishga harakat qildik. Ayrim paytlarda hujumlarimizni oxirigacha yetkazish qiyin bo‘ldi. Ba’zi holatlarda raqibga imkoniyatlarni berib qo‘ydik, buni tan olaman. Ammo shu bilan birga hozir barcha vaziyatlarni to‘liq aytib bera olmasligim mumkin. Chunki hammasi tribunada o‘tirgan muxlislarga aniqroq ko‘rinadi. O‘tkazilgan va urilgan gollarga sizlar ko‘proq baho berishingiz mumkin. O‘ylaymanki, o‘yinchi almashtirishni ham o‘z o‘rnida amalga oshirdik. O‘rni kelganda Suhrob Berdiyevga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. U oxirgi 8 daqiqada haqiqiy qahramonga aylandi. Shunchaki, so‘nggi 8 daqiqaning haqiqiy qahramoni u edi. Buning uchun Berdiyevdan yana bir bor minnatdorman.
- Darvozabon Eldor Adhamov mavsum oxirigacha maydonga qaytadimi?
- Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, ayni paytda Litovkani almashtirish rejamda yo‘q. Eldor 1-turda jarohat olgandi. U harakat qildi va bugungi kunda yaxshi mashg‘ulotlar olib boryapti. Nazorat uchrashuvlarida maydonga tushdi. Ikkita yaxshi darvozabonimiz bor. Faqatgina unga o‘z imkoniyatini kutish qoldi xolos. Bundan u foydalana oladi, deb o‘ylayman. Nima ham derdim, darvozabonlarning taqdiri shunday. Shunchaki, aytamanki, Adhamov o‘yinlarga tayyor. Hozircha esa Igor yaxshi harakat qilyapti.
- “Navbahor”ning goli hisobga olinganida jamoangiz tikkalana olarmidi?
- Futbolda har qanday holat yuz beradi. Hattoki, 3:0 ga yutqazayotgan jamoaning g‘alaba qozonib ketganini ham ko‘rganmiz. Shunday ekan, bugungi g‘alaba bilan barchangizni yana bir bor tabriklayman. O‘ylaymanki, bugun Andijonda bayram bo‘ladi.
“Andijon” matbuot xizmati.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring