date
views 763

Fayzullayev Yevropaga ketmoqchi edi...

Fayzullayev Yevropaga ketmoqchi edi...

Rossiya Premer-ligasida yozning eng omadli transferlaridan biri Abbosbek Fayzullayev bo‘ldi.

Avgust oyining boshida “Paxtakor”dan Moskvaning SSKA klubiga ko‘chib o‘tgan 19 yoshli futbolchimiz legioner maqomidagi faoliyatini juda muvaffaqiyatli boshladi. Abbosbekka boshlang‘ich tarkib o‘yinchisiga aylanishi uchun bir uchta o‘yin kifoya qildi.

Yosh legionerimiz gollari va assistlari hisobini ham ochishga ulurdi. Ayni paytda Rossiya futbol jamoatchiligi orasida Abbosbek Fayzullayev eng ko‘p muhokama qilinayotgan futbolchilardan biri bo‘lib turibdi.

Rossiyaning metaratings.ru sayti futbolchining birinchi murabbiyi Dmitriy Anga savollar bilan murojaat qildi.

– Abbosbek Fayzullayev SSKA tarkibiga “Rostov”ga qarshi ajoyib o‘yin o‘tkazdi. Golli hujum tashkil qildi va o‘zi ham to‘p kiritdi. Uning Rossiyadagi muvaffaqiyatlarini kuzatib boryapsizmi?

– Albatta. O‘zbekistonda qo‘shimcha kanallarga ulanish imkonini beradigan xususiy kompaniyalar bor. Ular orqali Rossiya chempionati o‘yinlarini tomosha qilib boraman.

Abbosning SSKAdagi startini omadli bo‘ldi,  deyish mumkin. U jamoaga yaxshi qo‘shilib ketdi. Terma jamoalarning saralash uchrashuvlari vaqtida Abbos O‘zbekistonga keldi, u bilan uchrashib, suhbatlashdik. Uning muvaffaqiyatlaridan juda xursandman. Fayzullayevning omadli o‘yinlaridan keyin tanishlarim ham meni tabriklashni boshladi.

– Abbos SSKAni tanlaganida uning qarorini qo‘llab-quvvatladingizmi?

– Abbos SSKAga o‘tishdan biroz avval u bilan uchrashdik. U payt hali yakuniy qarorga kelmagan edi. Men unga SSKAga o‘tishni maslahat berdim. U “Men Yevropaga borishni istayman”, degan edi. Men unga “Abbos, hozir senga Yevropa chempionatlaridan aniq taklif yo‘q. SSKA juda zo‘r tramplin bo‘ladi”, deb javob qildim.

Qolaversa, Rossiya futbolining darajasi O‘zbekistonnikidan yuqori.

Darhaqiqat, Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yosh bo‘lishiga qaramay, jamoaning asosiy o‘yinchilari qatoriga qo‘shilgan edi.

19 yoshli yarim himoyachi joriy yil davomida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Toshkentda tashkil etilgan Osiyo chempionati va Argentinadagi jahon chempionatida yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatib, bir necha klublar skautlari nazariga tushdi.

Fayzullayev Osiyo chempionatining g‘olibi va turnirning eng yaxshi o‘yinchisi sovriniga sazovor bo‘ldi.

 “Paxtakor” rahbariyati Fayzullayevga bo‘layotgan takliflarga qaramay, uni o‘z safida olib qolishga harakat qildi. Biroq Abbosbek kuchini xorijda sinab ko‘rishga qaror qildi. Fayzullayev klub bilan bitimdagi banddan foydalanib,  o‘zining shartnomasini sotib oldi va Rossiyaga yo‘l oldi.

SSKA o‘zbek futbolchisi bilan 3+1 ko‘rinishida shartnoma tuzdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev Yevropaga ketmoqchi edi...