Coca-Cola Superliga 20-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” – “So‘g‘diyona” (4:2) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“O‘tkazib yuborilgan 4 goldan so‘ng biz yaxshi o‘ynadik, deb ayta olmayman. O‘z darajamizda o‘yin ko‘rsatmadik. “Qizilqum” futbolchilari yaxshi harakat qilishdi va haqli tarzda g‘alaba qozonishdi. Hisob 2:2 bo‘lib turgan vaqtda tempni tushirib, o‘yinning borishini o‘zgartirib yuborish imkoniyati bor edi. Raqib qarshi hujumda bizga ko‘plab muammolarni tug‘dirdi. Biz esa xatolarni tahlil qilib, kelgusi bahsga tayyorgarlik ko‘ramiz.
Futbolchilardan bundan ko‘pini kutgan edim. “Navbahor” bilan uchrashuvdan so‘ng “Metallurg”ga imkoniyatni boy berdik. “Paxtakor” bilan yaxshi harakat qildik. Yetakchi futbolchilarimiz o‘z darajasida o‘ynashmadi.
Bugun maydonda ajoyib “Qizilqum”ni ko‘rdim. Birinchi davradagi jamoa va hozirgisi o‘rtasida katta farq bor. Ochig‘i, men ulardan bunday o‘yin kutmagan edim. Navoiyliklar individual va boshqa jabhalarda ham bizdan ustun edilar.
Turnir jadvalida ko‘tarilishga qurbimiz yetadi. Ammo ligadagi barcha jamoalar raqobatbardosh. Birinchi va ikkinchi davradagi turnir jadvaliga qarasak, katta farq borligini ko‘ramiz. Superliganing darajasi yuqori. “Paxtakor” ham, “Navbahor” ham va “Nasaf” ham ochko yo‘qotmoqda”, – dedi Boshkovich.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring